Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyati bo‘yicha yangi qonun loyihasi ishlab chiqildi

Бугун 16:012 дақиқа

Toshkent xalqaro moliya markazi uchun alohida huquqiy rejim, mustaqil sud va 2076 yilgacha imtiyozlar joriy etish taklif qilinmoqda.

Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyati bo‘yicha yangi qonun loyihasi ishlab chiqildi

O‘zbekistonda Toshkent xalqaro moliya markazini (TXMM) tashkil etish to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonun loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.

Markaz qanday maqsadda tashkil etilmoqda?

O‘zbekistonda Toshkent xalqaro moliya markazini (TXMM) tashkil etishdan asosiy maqsad — raqobatbardosh kapital bozorini shakllantirish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilishdir. Markaz moliyaviy xizmatlar, investitsiyalar va raqamli aktivlar uchun alohida yurisdiksiyaga ega maxsus hudud sifatida ishlaydi.

Alohida huquqiy tizim joriy etiladi

TXMMning eng muhim xususiyati — mustaqil huquqiy rejim. Unda qonunlar maxsus ketma-ketlikda amal qiladi: avvalo konstitutsiyaviy qonun, keyin markaz hujjatlari, so‘ng Angliya va Uels huquqi tamoyillari.

Markaz hujjatlari O‘zbekistondagi boshqa qonunlardan ustuvor bo‘ladi (Konstitutsiyadan tashqari). Bu xalqaro investorlar uchun aniq va ishonchli huquqiy muhit yaratishga qaratilgan.

Mustaqil sud va ingliz tili

Markaz hududida Toshkent xalqaro tijorat sudi tashkil etiladi. U mustaqil faoliyat yuritadi va uning qarorlari majburiy hisoblanadi.

Shuningdek, markazning rasmiy tili ingliz tili bo‘ladi. Barcha hujjatlar va sud jarayonlari aynan shu tilda amalga oshiriladi.

2076 yilgacha soliq imtiyozlari

Qonun loyihasiga ko‘ra, markaz ishtirokchilari 2076 yil 1-yanvargacha bir qator soliqlardan ozod qilinishi mumkin. Ular qatorida foyda solig‘i, ijtimoiy soliq, mol-mulk va yer solig‘i hamda QQS bor.

Ayniqsa, islomiy bank xizmatlari, sug‘urta, brokerlik va investitsiya fondlari boshqaruvi kabi sohalar uchun alohida imtiyozlar nazarda tutilgan.

Valuta erkinligi va yengillashtirilgan tartib

Markaz ishtirokchilariga xorijiy valutalarda erkin operatsiyalar o‘tkazishga ruxsat beriladi. Kapitalni erkin chiqarish va konvertatsiya qilish kafolatlanadi.

Shu bilan birga, valuta va soliqqa oid ayrim jinoiy moddalar markaz hududida qo‘llanmaydi. Ular o‘rniga jarima yoki litsenziyani bekor qilish kabi choralar qo‘llaniladi.

Raqamli aktivlar markazi

TXMM kripto-aktivlar bozorini rivojlantirish uchun platformaga aylanishi kutilmoqda. Markaz raqamli aktivlar birjalarini litsenziyalaydi va ularning faoliyatini nazorat qiladi.

Birjalar mijozlarni xavflar haqida ogohlantirishi va kiberxavfsizlik tizimlari bilan ishlashi shart bo‘ladi.

Investitsiya va iqtisodiy samara

Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2030 yilgacha markaz iqtisodiyotga 20–25 mlrd dollar investitsiya jalb qilishi mumkin. Bu har yili YAIMni qo‘shimcha 1 foizga oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, 15 minggacha yangi ish o‘rinlari yaratilishi va 10 ming mutaxassis malakasi oshirilishi kutilmoqda.

Toshkent xalqaro moliya markazi O‘zbekistonni mintaqaviy moliyaviy xabga aylantirishga qaratilgan strategik loyiha hisoblanadi. Ingliz huquqi, soliq imtiyozlari va erkin iqtisodiy rejim investorlar uchun yangi imkoniyatlar ochishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent xalqaro moliya markazi «Tashkent City» hududida joylashishi haqida xabar bergan edik.

Теглар

Мавзуга оид