Yillik inflatsiya 6,4 foizga yetdi. O‘zbekistonliklar cho‘ntagiga nima qimmatga tushdi, nima arzonga?
2026 yilning iyunida inflatsiya sezilarli darajada oshdi. Ko‘mir, yoqilg‘i va kommunal xizmatlar narxi qimmatlashdi. Ba’zi mahsulotlar arzonlashgani narxlarning o‘sishini biroz sekinlashtirdi, lekin umumiy narxlar baribir oshishda davom etyapti.
© sun'iy intelektO‘zbekistonda 2026 yilning iyun oyi inflatsiya darajasi 0,6 foizni tashkil qildi va narxlar o‘sishi oylik hisobda 3 barobar tezlashgan. Yillik hisobda esa inflatsiya darajasi 5,5 foizdan 6,4 foizga oshdi. Bu o‘tgan yilning mos davrida 8,7 foizni tashkil qilgandi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlarida keltirilgan.
Yilning ikkinchi choragida oziq-ovqat mahsulotlari 8,6 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlar esa 2,3 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, xizmatlar bo‘yicha oylik ko‘rsatkich 1,8 foizga o‘sgan. Taqqoslash uchun, bu 2025 yilga nisbatan 0,8 foizga arzonlashganini ko‘rsatadi.
Oziq-ovqat narxlari qanday o‘zgardi?
Go‘sht. Oy boshidan boshlab ayrim oziq-ovqat mahsulotlari narxi o‘sishda davom etdi. Ayniqsa, qo‘y go‘shtining narxi 23,1 foizga oshib, u oziq-ovqat bozorida narxi eng tez o‘sgan mahsulotlardan biri bo‘ldi. Shu bilan birga, suyakli va suyaksiz mol go‘shti narxlari 20,6 foizga, go‘sht qiymasi esa 2,9 foizga ko‘tarilib, go‘sht mahsulotlari bozorida umumiy narx oshishi kuzatildi.
Aprel holatiga ko‘ra, muzlatilgan import mol go‘shti 5-15 ming so‘mga qimmatlashgan. Joriy yilning aprel oyida muzlatilgan import mol go‘shti narxlari ham, mahalliy bozordagi go‘sht narxlari ham o‘sishda davom etdi. Xususan, respublika bo‘yicha 1 kg muzlatilgan mol go‘shtining o‘rtacha narxi 65–85 ming so‘mni tashkil qildi.
Iyun oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari dinamikasi mavsumiy omillar ta’sirida turlicha shakllandi. Meva-sabzavot mahsulotlarining arzonlashuvi oziq-ovqat inflatsiyasini pasaytirgan bo‘lsa, ayrim asosiy iste’mol mahsulotlarida narxlarning o‘sishi davom etdi.
Oy davomida narxi oshgan asosiy oziq-ovqat mahsulotlari orasida guruch va guruch oqshog‘i yetakchilik qildi. Uning narxi bir oyda 2,3 foizga qimmatladi. Shuningdek, grechka hamda sut mahsulotlari 1,2 foizga, shakar 1 foizga, tuxum esa 0,8 foizga qimmatlagan.
Shu bilan birga, iyun oyida mavsumiy hosilning bozorga kirib kelishi meva-sabzavot mahsulotlari narxining keskin pasayishiga olib keldi. Eng katta arzonlashuv baqlajonda kuzatilib, uning narxi bir oyda 46,6 foizga pasaydi.
Shuningdek, pomidor 38,3 foizga, bulg‘or qalampiri 31,4 foizga, bodring 25 foizga va kartoshka 12,8 foizga arzonlashdi. Bundan tashqari, karam 5,6 foizga hamda ko‘katlar 4,4 foizga arzonlagan.
Biroq barcha sabzavotlarda narx pasayishi kuzatilmadi. Oy davomida sabzi narxi 6,5 foiz, piyoz esa 3,6 foiz qimmatga pullangan. Bu ayrim mahsulotlar bo‘yicha mavsumiy taklif va hududlar kesimidagi hosildorlik darajasini turlicha ekanini ko‘rsatadi.
Iyun oyida xizmatlar narxlari
O‘tgan oyda xizmatlar sohasida narxlar dinamikasi turlicha bo‘ldi. Masalan, iste’mol narxlariga kirgan jami 98 turdagi xizmatlarning 71 tasida narxlar bir yil davomida 10 foizdan kam oshgan. Ya’ni xizmatlarning aksariyatida narxlar keskin oshmagan.
Yoqilg‘i va transport xizmatlari. Transport sohasida narxlar asosan yoqilg‘i va yo‘lovchi tashish xizmatlari qimmatlashishi hisobiga oshdi. Bu transport xarajatlarining ko‘payishiga sabab bo‘ldi.
Bir oyda benzin o‘rtacha 3,9 foizga qimmatlashdi, yillik hisobda esa o‘sish 16,7 foizni tashkil etdi. Ayniqsa, AI-92 markali benzinning 1,6 foizga oshgani aholining kundalik transport xarajatlariga ta’sir qiladigan asosiy omil bo‘ldi.
Benzin markasi | 2026-yil mayiga nisbatan |
AI-95 | +6,0 foiz |
AI-92 | +3,6 foiz |
AI-98 | +3,9 foiz |
AI-100 | +3,9 foiz |
O‘rtacha yillik | +16,7 foiz |
Gaz yoqilg‘ilarida esa narxlar turlicha o‘zgardi. Propan 11,3 foizga qimmatlab, 1litri 7 ming 800 so‘mni tashkil qildi. Propan narxi yillik hisobda 41,1 foizga oshdi. Lekin metan narxining o‘sish dinamikasi 8,8 foizga, yillik hisobda esa 10,1 foizga yetdi. Bu esa gaz yoqilg‘isidan foydalanadigan haydovchilar xarajatlari ortganini bildiradi.
Joriy yilda ayrim xizmat turlari arzonlashgani kuzatildi. Eng katta pasayish ichki aviaqatnovlarda qayd etilib, narxlar 0,6 foizni tashkil qildi. Bunga milliy valutaning yevro va Shveysariya frankiga nisbatan kursi, shuningdek, bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha yoqilg‘i yig‘imlari miqdorining o‘zgarishi ta’sir ko‘rsatdi.
Aprel oyidan boshlab respublika transport xizmatlari 1,3 foizga qimmatladi. Aksincha temiryo‘l transportidagi narxlar 0,3 foizga arzonlashgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davrida 7,8 foizni tashkil qilgan edi.
Kommunal xizmatlar. 2026 yil iyun oyida inflatsiyaga eng katta ta’sir ko‘rsatgan yo‘nalishlardan biri kommunal xizmatlar tariflarining oshirilishi bo‘ldi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, elektr energiyasi narxi respublika bo‘yicha o‘rtacha 9,6 foizga oshdi. Natijada mazkur xizmatning o‘zi oylik iste’mol narxlari indeksining o‘sishiga 0,22 foiz hissa qo‘shdi.
Tarmoq gazi narxi esa o‘rtacha 10,7 foizga qimmatlab, umumiy inflatsiyaga 0,16 foiz band ta’sir ko‘rsatdi. Demak, elektr energiyasi va gaz tariflarining yangilanishi iyun oyidagi inflatsiyaning qariyb 0,4 foizini shakllantirgan.
Tariflar barcha iste’molchilar uchun bir xil emas, balki iste’mol hajmiga qarab oshirildi. Elektr energiyasi bo‘yicha 200 kWh gacha iste’mol qiluvchi abonentlar uchun tarif 8,3 foizga, 201–500 kWh oralig‘ida iste’mol qiluvchilar uchun esa 12,5 foizga oshirildi. Yuqori iste’mol toifalarida tariflar 6,7–10 foiz oralig‘ida ko‘tarildi. Xuddi shunday, tabiiy gaz tariflari ham iste’mol hajmiga qarab 8–11,1 foiz oralig‘ida qayta ko‘rib chiqildi.
Iyun oyida eng keskin narx o‘zgarishlaridan biri ko‘mir bozorida kuzatilib, ko‘mir narxi 2,1 barobar oshdi. Bunga 2026 yil iyun oyidan boshlab ko‘mirning ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlar ro‘yxatidan chiqarilishi va uning narxlarini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilingani sabab bo‘ldi. Natijada ko‘mir narxining o‘sishi yakka o‘zi oylik inflatsiyaning 0,48 foizini tashkil qilib, kommunal xizmatlar guruhidagi eng muhim inflyatsion omillardan biriga aylandi.
E’tiborlisi shundaki, ko‘mir narxlarining qanchaga oshirilishi bo‘yicha rasmiy bayonot yoki hujjat e’lon qilinmagan.
Hududlar kesimida ko‘rsatkichlar qanday?

Manba: Milliy statistika qo‘mitasi
Hududlar kesimida iyun oyida oylik inflatsiya 0,3–1 foiz oralig‘ida shakllandi. Eng yuqori oylik inflatsiya Xorazmda qayd etilib, narxlar bir oyda 1 foizga oshdi. Shuningdek, Farg‘onada inflatsiya 0,9 foizni tashkil etdi. Eng past ko‘rsatkich esa Sirdaryoda kuzatilib, narxlar oy davomida 0,3 foizga o‘sdi.
Yil boshidan buyon narxlarning eng katta o‘sishi Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida qayd etilib, iste’mol narxlari 2025 yil dekabriga nisbatan 3,6 foizga oshdi. Eng past ko‘rsatkich esa Sirdaryo viloyatida kuzatilib, inflatsiya 2,7 foizni tashkil etdi.
Yillik inflatsiya hududlar bo‘yicha 5,7–6,8 foiz oralig‘ida shakllandi. Eng yuqori yillik inflatsiya Samarqandda qayd etilib, narxlar o‘tgan yilning iyun oyiga nisbatan 6,8 foizga oshdi. Undan keyingi o‘rinlarda Qashqadaryo (6,7 foiz) va Andijon (6,6 foiz) viloyatlari o‘rin olgan. Eng past yillik inflatsiya esa Surxondaryo viloyatida kuzatilib, 5,7 foizni tashkil etdi.
Umuman olganda, 2026 yil iyun oyida inflatsiya sur’ati nisbatan barqaror saqlangan bo‘lsa-da, elektr energiyasi, gaz, ko‘mir va yoqilg‘i narxlarining oshishi umumiy narxlar o‘sishining asosiy omili bo‘ldi. Meva-sabzavot mahsulotlarining mavsumiy arzonlashuvi inflyatsion bosimni qisman yumshatdi, biroq asosiy tovar va xizmatlar qimmatlashuvi sabab aholi xarajatlari yuqoriligicha qolyapti.
Теглар






