add

Donald Tramp Ispaniyani NATOdan quvishni taklif qildi

10.10.2025 | 09:2046164

AQSH prezidenti Donald Tramp NATOning mudofaa xarajatlarini kamaytirgan Ispaniyani tanqid qilib, uni alyansdan chiqarishni taklif qildi.

Donald Tramp Ispaniyani NATOdan quvishni taklif qildi
AQSH prezidenti Donald Tramp Finlyandiya rahbari Aleksandr Stubb bilan Vashingtondagi uchrashuvda Ispaniyani NATOdan chiqarish ehtimolini tilga oldi. Uning ta’kidlashicha, Ispaniya mudofaa xarajatlarini oshirish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmayotgan davlatlardan biri bo‘lib qolmoqda. «Ispaniya — ular bilan gaplashing, nima uchun ular bu qadar orqada, shuni bilib oling. Ular yaxshi ahvolda, ularning hech qanday bahonasi yo‘q. Balki ularni NATOdan chiqarish kerakdir», — dedi Tramp. Bu chiqish AQSH prezidentining NATO sammitidagi so‘nggi talablaridan so‘ng yangradi. Iyun oyida Madrid YAIMning 5 foizini mudofaa xarajatlariga yo‘naltirish haqidagi yangi majburiyatni qabul qilishdan bosh tortgan yagona davlat bo‘ldi. Shunda Tramp Ispaniya mahsulotlariga qo‘llanadigan boj stavkalarini ikki baravar oshirishni ham taklif qilgan edi. Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches esa yangi mudofaa me’yorlariga rioya qilish davlat byudjetiga yuk bo‘lishini, bu esa sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida qisqartirishlarga olib kelishi mumkinligini aytdi. Uning idorasi Tramp so‘zlariga javob berib, quyidagicha bayonot tarqatdi: «Ispaniya NATOning to‘la huquqli a’zosi va ittifoq majburiyatlarini bajarmoqda. Biz ham AQSH kabi o‘z maqsadlarimizga sodiqmiz». Tramp ilgari ham boshqa ittifoqdoshlarni mudofaa xarajatlari bo‘yicha tanqid qilgan va hatto AQSHning NATOdan chiqishi ehtimolini bildirgan. Biroq so‘nggi oylarda u 5 foizlik xarajat mezonini qo‘llab-quvvatlagan davlatlarni ma’qullamoqda. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, NATO shartnomasida a’zolikni to‘xtatish yoki davlatni chiqarib yuborish mexanizmi yo‘q. Hatto Turkiya Rossiyadan S-400 havo hujumidan himoya tizimini sotib olganidan so‘ng ham u ittifoqda qolgan. Shuningdek, AQSHning bir tomonlama ravishda mamlakatni chiqarish huquqi mavjud emas. Eslatib o‘tamiz, Finlandiya Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan 2023 yilda NATOga qo‘shilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid