Avtomobillardan konservalargacha: Eron urushi global alyuminiy ta’minotiga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda?
Alyuminiy — tabiatda ko‘p uchrashi va arzonligi sababli sanoatda keng qo‘llaniladigan o‘ta ommabop metall. Biroq mazkur tarmoq o‘ta murakkab va ba’zan nozik ta’minot zanjiriga asoslanadi.
© Photographer: Louise Delmotte/BloombergEron urushi mana shunday zaif nuqtalarni yuzaga chiqarmoqda. Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishi va metall eritish zavodlariga uyushtirilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujumlar oqibatida, butun dunyoni xom ashyo bilan ta’minlovchi ushbu muhim mintaqada ishlab chiqarish hajmi keskin pasayib ketdi.
Buning oqibatida yuzaga kelgan ta’minot inqirozi bozor tarixidagi eng yirik zarbalardan biriga aylanish xavfi bor. Alyuminiy yengil va egiluvchan metall sifatida maishiy elektronika va oziq-ovqat qadoqlaridan tortib, qurilish, aerokosmik hamda avtomobilsozlik sanoatigacha keng qo‘llaniladi. Shu bois inqirozning ta’siri allaqachon global iqtisodiyotda o‘z aksini topmoqda.
Alyuminiy narxidagi so‘nggi o‘zgarishlar
Eron urushi boshlanganidan buyon alyuminiy narxlarida kuchli beqarorlik kuzatilmoqda. Narxlar dastlab 2022 yildan beri kuzatilmagan eng yuqori cho‘qqiga ko‘tarildi, ammo keyinchalik urushning keng ko‘lamli iqtisodiy oqibatlariga doir xavotirlar fonida biroz pasaydi.
Biroq, mart oyining oxiriga kelib, Eronning dron va raketalari Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) hamda Bahrayndagi ikkita yirik alyuminiy zavodiga zarba bergach, narxlar yana keskin oshib ketdi. Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi mazkur zavodlar AQSH armiyasini xom ashyo bilan ta’minlaganini aytib, bu hujumlarni AQSH va Isroilning Eron infratuzilmasiga bergan zarbalari uchun o‘ziga xos qasos deb atadi. Mintaqadagi eng yirik eritish zavodlaridan biri hisoblangan BAAdagi korxona o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘ldi va ishlab chiqarishni qayta yo‘lga qo‘yish uchun bir yilgacha vaqt talab etilishini ma’lum qildi. Global xom ashyo taqchilligi xavfi ortib borayotganini anglagan treyderlarning xatti-harakatlari ortidan, London metallar birjasida alyuminiy fyucherslari aprel oyi davomida qimmatlashda davom etdi.
Garchi 8-aprel kuni Eron va AQSH o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilgan bo‘lsa-da, 17-aprel holatiga ko‘ra Ho‘rmuz bo‘g‘ozi hamon yopiqligicha qolmoqda. Ko‘plab treyder va tahlilchilarning fikricha, alyuminiy narxi 2022 yilda Ukraina urushi ta’minot inqirozini keltirib chiqargan paytdagi tarixiy maksimumdan — ya’ni bir tonnasi uchun 4000 dollardan ham oshib ketishi mumkin.
Xom ashyo taqchilligi bilan bog‘liq xavotirlar real bozorlarda ham o‘z aksini topmoqda. «Fastmarkets Ltd.» narxlarni shakllantirish agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, xaridorlar tomonidan alyuminiyni uzluksiz olish uchun to‘lanadigan ustama haqlar keskin oshgan. Xususan, qurilish materiallaridan tortib samolyot yasashgacha bo‘lgan ko‘plab sohalarda ishlatiladigan alyuminiy quymalari uchun qo‘shimcha to‘lovlar AQSH va Isroilning Eronga qilgan hujumidan keyingi olti hafta ichida Yevropada 90 foizdan ortiq qimmatlagan.
Alyuminiyning spot (naqd) narxlari hatto fyucherslardan ham oshib ketdi. Bu holat bozorda talabning taklifdan keskin ortib ketganidan dalolat beradi. «JPMorgan Chase & Co» tahlilchilari ishlab chiqarishdagi ulkan yo‘qotishlar endilikda muqarrar ekanidan ogohlantirib, joriy yilda bozor so‘nggi 25 yil ichidagi eng yirik xom ashyo taqchilligiga duch kelishini ta’kidlamoqda.
Yaqin Sharq alyuminiy ta’minotida qanchalik muhim?
Fors ko‘rfazining arab davlatlari arzon energiya manbalaridan unumli foydalangan holda raqobatbardosh alyuminiy sanoatini barpo etishga o‘nlab yillar sarfladi. Bu shunchaki neft va gaz eksporti bilan cheklanib qolmay, balki ishlab chiqarish sohasini rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli strategiyaning bir qismidir. Ulkan miqdordagi elektr energiyasini talab qiluvchi alyuminiy eritish jarayoni mazkur strategiyaning o‘zagi bo‘lib kelmoqda.
Bugungi kunda BAA, Qatar, Saudiya Arabistoni va O‘mon kabi davlatlar alyuminiy eritish bo‘yicha yirik markazlarga aylangan. Global ishlab chiqarishning qariyb 9 foizi Yaqin Sharq hissasiga to‘g‘ri keladi. Yaqinda hujumga uchragan ikkita zavodning o‘zi yiliga taxminan 3,2 million tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Ko‘rfaz hamkorlik kengashiga a’zo mamlakatlarning umumiy ko‘rsatkichi esa 6 million tonnadan oshadi. «International Aluminium» savdo uyushmasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili dunyo bo‘yicha jami ishlab chiqarish hajmi qariyb 74 million tonnani tashkil etgan va buning 60 foizi Xitoy ulushiga to‘g‘ri kelgan.
Mintaqada ishlab chiqarilgan mahsulotning asosiy qismi xorijga, xususan, Yevropa va Shimoliy Amerikaga eksport qilingani sababli, u jahon bozorida o‘ta muhim rol o‘ynaydi. Yevropa Ittifoqiga import qilinadigan alyuminiyning qariyb to‘rtdan bir qismi aynan Ko‘rfaz mintaqasidan keltiriladi. Shu bilan birga, ushbu zavodlar boksit va alumina kabi chetdan keltiriladigan xom ashyoga qattiq qaram. Bu esa ularni yuk tashish yo‘nalishlaridagi uzilishlar oldida nihoyatda zaif qilib qo‘yadi.
Urush alyuminiy sanoatiga qanday ta’sir ko‘rsatdi?
Korxonalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujumlar uyushtirilguniga qadar ham Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishi asosiy xom ashyo ta’minotini cheklab qo‘ya boshlagan edi. Alyuminiy ishlab chiqarish jarayoni boksit rudasidan olinadigan hamda Avstraliya va Gvineya kabi davlatlardan mintaqaga import qilinadigan oq kristall kukun — aluminaga bog‘liq.
Bo‘g‘ozning yopilishi oqibatida ayrim zavodlar o‘z faoliyatini cheklashga majbur bo‘ldi. Qatarning «Qatalum» kompaniyasi 12-mart kuni ishlab chiqarish hajmini qariyb 40 foizga qisqartirishini e’lon qilgan bo‘lsa, «Aluminium Bahrain» 15-martda o‘z quvvatlarining beshdan bir qismini to‘xtatishini bildirdi. Sanoat rahbarlarining ogohlantirishicha, agar bo‘g‘oz ochilmasa, ishlab chiqarishning yanada qisqarishi muqarrar. Bu esa narxlarni 2022 yilgi rekord ko‘rsatkichdan ham oshirib yuborishi mumkin.
Metall eritish zavodlarining bevosita nishonga olinishi esa uzilishlarning yanada uzoqroq davom etish xavfini tug‘dirmoqda. Alyuminiy eritish zavodi faoliyatini to‘xtatish va uni qayta ishga tushirish o‘ta murakkab hamda serxarajat jarayon hisoblanadi. Vaziyat barqarorlashgan taqdirda ham, yo‘qotilgan ishlab chiqarish quvvatlari tezda tiklanmaydi.
Alyuminiydan qaysi sohalarda foydalaniladi?
Alyuminiy o‘zining yengilligi, mustahkamligi va zanglashga chidamliligi bilan qadrlanadi. U samolyot va avtomobilsozlikda, shuningdek, ichimlik idishlari hamda zarqog‘oz (folga) kabi qadoqlash materiallarini ishlab chiqarishda keng qo‘llaniladi. Yengil vazn va yuqori mustahkamlikka ega bo‘lgani sababli, qurilish sohasida ham po‘latdan keyin eng ko‘p ishlatiladigan ikkinchi metall hisoblanadi.
Yuqori o‘tkazuvchanlik xususiyati tufayli u energetika sanoatida, xususan, havo elektr uzatish tarmoqlarida ham o‘ta muhim ahamiyatga ega. Elektromobillar, qayta tiklanadigan energiya va data-markazlar kabi jadal rivojlanayotgan tarmoqlar tomonidan ushbu metallga bo‘lgan talab tobora ortib bormoqda. Sababi, alyuminiy bu sohalarda samaradorlikni oshirishda asosiy rol o‘ynaydi. Bu holat so‘nggi yillarda sur’ati pasaygan Xitoydagi qurilish va infratuzilma kabi boshqa bozorlardagi yo‘qotishlarning o‘rnini qoplashga xizmat qilmoqda.
Iste’molchilarni nimalar kutmoqda?
Alyuminiy po‘latdan keyin eng ko‘p ishlatiladigan metall bo‘lgani sababli, narxlarning muttasil oshishi shundoq ham energiya narxlarining ko‘tarilishi oqibatida moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelayotgan ishlab chiqaruvchilarga qo‘shimcha bosim yuklaydi.
Jahon iqtisodiyoti uchun eng xavotirli jihati shundaki, ta’minotdagi jiddiy uzilishlar ayrim sanoat iste’molchilarini ixtisoslashgan alyuminiy mahsulotlarisiz qoldirishi mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, ishlab chiqarishni qisqartirishga yoki zavodlarning vaqtincha yopilishiga olib keladi.
Ushbu inqirozning ta’siri allaqachon sezilmoqda. Yaponiya kabi asosiy bozorlarda alyuminiy yetkazib berish uchun ustama haqlar so‘nggi o‘n yil ichidagi eng yuqori darajaga ko‘tarildi. Shu bilan birga, qurilish, aviatsiya va transportda ishlatiladigan qimmatroq qotishmalar ta’minotida keskin taqchillik yuzaga kelmoqda. Yaponiya va Janubiy Koreyaning bir qancha avtomobil ehtiyot qismlarini ishlab chiqaruvchi kompaniyalari g‘ildirak, dvigatel bloklari va silindr kallaklari kabi qismlar uchun zarur bo‘lgan dastlabki quyma qotishmalarni sotib olish maqsadida Rossiyadagi alyuminiy ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan muzokaralar olib bormoqda.
Yaqin Sharqdagi metall eritish zavodlari ushbu materiallarni Yevropaga, shuningdek, AQSHga ham yetkazib beruvchi asosiy manba bo‘lib kelgan. Ta’minotdagi uzilishlar kuchayib borayotgan bir paytda, harbiy sohada qo‘llaniladigan o‘ta toza alyuminiy taqchilligi bilan bog‘liq xavotirlar ham ortmoqda. Bahraynning «Alba» kompaniyasi inqiroz davrida moslashuvchanlikni saqlab qolish maqsadida aerokosmik va mudofaa kabi qator sohalarda qo‘llaniladigan, qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni qisqartirib, uning o‘rniga oddiy tovar toifasidagi alyuminiy ishlab chiqarishni ko‘paytirishini allaqachon ma’lum qilgan.





