Logo

«Google» besh mamlakatdagi xodimlariga ixtiyoriy ishdan ketishni taklif qildi

Бугун 14:302 дақиқа

Sun’iy intellekt sohasiga yo‘naltirilayotgan mablag‘lar texnologiya kompaniyalarning xarajatlarini qayta ko‘rib chiqishga undamoqda.

«Google» besh mamlakatdagi xodimlariga ixtiyoriy ishdan ketishni taklif qildi © PA

«Google» Kanada, Fransiya, Germaniya, Yaponiya va Shveysariyadagi xodimlariga kompensatsiya to‘lovlari bilan ixtiyoriy ishdan ketish dasturini kengaytirdi. Kompaniyaga tegishli takliflar ayrim xodimlarga iyun oyida yuborila boshlangan.

«Google» vakilining tushuntirishicha, 2025-yilda bunday kompensatsiya paketlari faqat ayrim jamoalarga taklif qilingan, 2026-yilning yozida esa dasturni bir nechta mamlakatda kengaytirishga qaror qilingan. Bu qaror kompaniyaning egasi «Alphabet» aksiyalari qiymati pasayishiga olib kelgan sun’iy intellekt xarajatlari ko‘paygan bir paytda qabul qilingan.

Avvalgi ixtiyoriy ishdan ketish takliflari «Google Cloud» va «DeepMind» kabi asosiy bo‘linmalar xodimlariga taalluqli bo‘lmagan. Bu safar ham xuddi shunday tartib qo‘llanilayotgan bo‘lishi mumkin.

Jumladan, Shveysariyada dastur bir nechta bo‘linmani qamrab olgan, biroq «DeepMind» xodimlariga taalluqli bo‘lmagan. Bu haqda vaziyatdan xabardor uchta manba agentlikka ma’lum qilgan. Manbalardan birining aytishicha, taxminan 50 kishidan iborat jamoada kamida to‘rt xodim taklifni qabul qilgan. Ularga kompaniyada ishlagan har bir yili uchun bir oylik ish haqi miqdorida kompensatsiya to‘langan, biroq to‘lov muddati 12 oydan oshmagan.

2023-yilda «Google» faqat Shveysariyaning o‘zida 200 dan ortiq xodimini ishdan bo‘shatgan. Bu o‘sha paytda norozilik namoyishlari va ish tashlashga sabab bo‘lgan. O‘sha yilning boshida kompaniya, asosan, AQSHda 12 ming xodimini ishdan bo‘shatishini e’lon qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda elektron xizmat ko‘rsatuvchi qaysi xorijiy kompaniya eng ko‘p soliq to‘lashi haqida yozgan edik. 2026-yilning 9 oyida mamlakatda elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi 109 ta xorijiy kompaniya qariyb 20 million dollar soliq to‘lagan.

Farangiz Bobojonova

Теглар

Мавзуга оид