IIV nazoratiga o‘tgan gaz va ko‘mir ta’minoti, o‘zbekistonliklarning AI uchun xarajatlari hamda «Humo»ning 586 mlrd so‘mlik foydasi — 6-noyabr dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

O‘zbekistonda qor yog‘ishi kutilmoqda
«O‘zgidromet» xizmati xabariga ko‘ra, 9-noyabrdan boshlab O‘zbekistonning shimoliy hududlarida, 10–12-noyabr kunlari esa respublikaning qolgan qismida ob-havo keskin o‘zgarib, soviydi. Mamlakat hududiga sovuq va nam havo massalari kirib kelishi natijasida 9–11-noyabr kunlari ko‘p joylarda yomg‘ir (ayrim hududlarda kuchli) yog‘ishi, 10–11-noyabr kunlari esa shimoliy va tog‘li hududlarda yomg‘ir qorga aylanishi kutilmoqda. Shuningdek, ba’zi joylarda shamol tezligi soniyasiga 13–18 metrgacha kuchayishi mumkin.
Ob-havoning keskin o‘zgarishi ortidan shimoliy hududlar va cho‘l zonalarida havo harorati kechasi -2...-7 darajagacha sovuq, kunduzi esa +3...+8 daraja iliq bo‘ladi. Respublikaning qolgan hududlarida esa kechasi harorat 0...+5 darajagacha (ba’zi joylarda -1...-2 darajagacha sovuq), kunduzi esa +7...+12 darajagacha pasayishi prognoz qilinmoqda.
«Humo» to‘qqiz oyda yarim trillion so‘mdan ortiq sof foyda ko‘rdi
«Milliy banklararo protsessing markazi» AJ (Humo) 2026 yilning dastlabki to‘qqiz oyi yakunlari bo‘yicha moliyaviy hisobotini e’lon qildi. Unga ko‘ra, kompaniyaning sof foydasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,6 barobar oshib, 586,8 milliard so‘mga yetgan. Sof tushum 2,65 barobarga o‘sib, 1 trillion so‘mdan oshgan hamda asosiy faoliyatdan olingan yalpi foyda 822,2 milliard so‘mni tashkil qilgan. Faqatgina uchinchi chorakning o‘zida tizim qariyb 345,7 milliard so‘m tushum va 175,9 milliard so‘m sof foyda ko‘rishga erishgan.
Daromadlar bilan bir qatorda kompaniyaning davr xarajatlari ham 2,9 barobar oshib, 176,9 milliard so‘mni tashkil etgan. Shuningdek, foyda solig‘i xarajati 5,1 barobarga ko‘payib (73,4 mlrd so‘m), samarali soliq stavkasi 6 foizdan 11,1 foizgacha oshgani ma’lum qilindi. Mazkur davr yakunida kompaniyaning o‘z mablag‘lari 54,1 foizga o‘sib, 963,9 milliard so‘mga yetgan bo‘lsa-da, ustav kapitali (155,4 mlrd so‘m) o‘zgarishsiz qolgan. Ma’lumot o‘rnida, 2024 yil oxirida davlatga tegishli «Humo» aksiyalarining 100 foizi «Paynet» kompaniyasiga 65 million dollarga sotilgan edi.
O‘zbekistonda «Jamiyatdagi faol fuqaro» maqomi joriy etiladi
O‘zbekistonda jamiyat hayotida faol ishtirok etayotganlarni rag‘batlantirish maqsadida «Jamiyatdagi faol fuqaro» maqomi joriy etilmoqda. Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasiga ko‘ra, har bir tuman va shahardan yiliga 208 nafar fuqaroga ushbu maqom beriladi. Maqom egalari bir yil davomida davlat xizmatlari to‘lovlarida 10 foizlik chegirma, davlat OTMlarida kontrakt pulining 5 foizini qoplab berish va avtokredit boshlang‘ich badalining 3 foizini to‘lab berish kabi imtiyozlardan foydalanishi mumkin. Shuningdek, ular maxsus nishon bilan taqdirlanib, xonadonlari eshigiga «Faol fuqaro» belgisi o‘rnatiladi.
Maqomga munosiblarni aniqlashda «1 soat = 1 ball» tamoyili asosida 5 ta ijtimoiy yo‘nalish bo‘yicha maksimal 100 ballgacha baholanadi. Bunga «Yashil makon» loyihalaridagi ishtirok, ehtiyojmandlarga g‘amxo‘rlik qilish, nizolarni hal etishda mediatorlik qilish, jamoatchilik hasharlarida qatnashish hamda yoshlarni bepul til va kasb-hunarga o‘qitish kabi mezonlar kiradi. Davlat xizmatlari markazi yoki my.gov.uz orqali topshirilgan va isboti (foto/video) bo‘lgan arizalar «Raqamli mahalla» platformasida avtomatik baholanib, 75 va undan yuqori ball to‘plaganlarga kvota doirasida maqom beriladi.
O‘zbekistonliklar 9 oy ichida Claude va ChatGPT xizmatlariga qariyb 200 mlrd so‘m sarfladi
2026 yilning yanvar–sentabr oylarida o‘zbekistonliklar sun’iy intellekt xizmatlaridan keng foydalanib, Claude (Anthropic) va ChatGPT (OpenAI) uchun qariyb 200 milliard so‘m sarfladi. Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu davrda «Anthropic» kompaniyasi 116,1 milliard so‘mlik xizmat ko‘rsatib, davlat budjetiga 14 milliard so‘m soliq to‘lagan bo‘lsa, «OpenAI»ning xizmatlar hajmi 83,1 milliard so‘mni va soliq to‘lovlari 10 milliard so‘mni tashkil etdi. Yil boshida «OpenAI» yetakchilik qilgan bo‘lsa-da, uchinchi chorakdagi keskin o‘sish evaziga «Anthropic» jami soliq to‘lovlari bo‘yicha o‘z raqobatchisini 40 foizga ortda qoldirdi.
Umumiy hisobda, O‘zbekistonda elektron xizmat ko‘rsatuvchi xorijiy kompaniyalar reytingida bu ikki sun’iy intellekt giganti mos ravishda beshinchi va oltinchi o‘rinlarni egalladi. Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyi mobaynida mamlakatda ro‘yxatdan o‘tgan jami 109 ta xorijiy IT kompaniyalari tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlarning umumiy qiymati 1,94 trillion so‘mga, ular to‘lagan soliqlar esa 232,8 milliard so‘mga yetgan. Mazkur reytingda mutlaq yetakchilar uchligini hamon «Apple» (54,2 mlrd so‘m), «Google» (52,6 mlrd so‘m) va «Meta» (46,7 mlrd so‘m) kompaniyalari boshqarib kelmoqda.
Endi aholiga suyultirilgan gaz va ko‘mir yetkazib berilishini IIV nazorat qiladi
O‘zbekistonda kuz-qish mavsumida aholiga ajratiladigan energiya resurslarini tashish, taqsimlash va sotish jarayonidagi talon-torojlik va korrupsiya holatlarining oldini olish maqsadida nazorat kuchaytirilmoqda. Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latov ishtirokidagi yig‘ilishda suyultirilgan gaz ballonlari va ko‘mirni grafik asosida, shaffof tarzda yetkazib berish, asossiz to‘lov talab qilish kabi holatlarga barham berish bo‘yicha mas’ullarga qat’iy topshiriqlar berildi. Endilikda temiryo‘l yuklari, gaz to‘ldirish shoxobchalari, omborlar va taqsimlash bazalari ustidan doimiy nazorat o‘rnatiladi.
IIV ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi bir oyning o‘zida noqonuniy saqlash va sotish bilan bog‘liq 16 ta holat aniqlanib, 333 tonnadan ortiq ko‘mir musodara qilingan va aholi ehtiyojlari uchun yo‘naltirilgan. Shuningdek, suyultirilgan gaz bilan bog‘liq 374 ta qoidabuzarlik fosh etilib, 9 139 ta gaz balloni va qariyb 93 tonna gaz noqonuniy muomaladan olingan. Xususan, oktabr oyida Samarqand viloyatidagi «Pastdarg‘omtumangaz» korxonasi xodimlari tomonidan aholiga mo‘ljallangan 3,1 tonna (32 mln so‘mlik) gazni talon-toroj qilish holati aniqlanib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.





