Kredit reklamalarida oqibatlar haqida ogohlantirish majburiy bo‘ladi
Yangi qonun loyihasiga ko‘ra, kredit reklamalarida moliyaviy xatarlar haqida majburiy ogohlantirish joriy etiladi. Ogohlantirish reklama matnining yoki vaqtining kamida 10 foizini tashkil qilishi kerak.

O‘zbekistonda kredit va mikroqarzlar reklamasida moliyaviy xatarlar haqida majburiy ogohlantirish joriy etilishi kutilmoqda. Qonunchilik palatasi tomonidan «Reklama to‘g‘risida»gi qonunga tegishli o‘zgartirishlarni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.
Yangi talablarga ko‘ra, kredit yoki mikroqarz reklamalarida qarz majburiyatlarini bajarmaslik oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan moliyaviy xatarlar haqida maxsus matn joylashtirilishi shart. Ushbu ogohlantiruvchi axborot reklama maydoni yoki efir vaqtining kamida 10 foizini egallashi lozim bo‘ladi.
Mazkur o‘zgartishlar moliyaviy xizmatlar reklamasini tartibga solishni kuchaytirishga qaratilgan.
Shu bilan birga, aholining kredit olishdagi ehtimoliy xatarlar haqidagi xabardorligini oshirish va mas’uliyatli qarz olish madaniyatini shakllantirish asosiy maqsad qilib belgilangan.
Muhokamalar jarayonida deputatlar ayrim normalar yuzasidan qo‘shimcha savollar bilan murojaat qildi. Xususan, ogohlantiruvchi axborotning mazmuni va uni joylashtirish tartibi yuzasidan aniqlik kiritish takliflari ilgari surildi.
Kutilishicha, mazkur qonun normalari qabul qilinsa, moliyaviy xizmatlar bozorida reklama shaffofligi oshadi va fuqarolarning qarz yuki bilan bog‘liq qarorlari yanada ongliroq bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu qonun loyihasini 2025 yil oktabr oyida Raqobat qo‘mitasi Markaziy bank bilan hamkorlikda «Reklama to‘g‘risida»gi qonunning 43-moddasiga o‘zgartish kiritishni taklif qilgandi.





