Logo

O‘zbekiston hukumati yopiq qaror bilan shakar importiga kvota va zavodlarga imtiyozlar berdi

Бугун 22:223 дақиқа

Otabek Bakirov yopiq qarorlar ortida ma’lum bir manfaatdor guruhlar turishini ta’kidladi. «O‘zbekistonda biron-bir yopiq qaror yo‘qki, uning ortida kimdir yo qaysidir to‘da turmasa. Shakar importini kvotalash bo‘yicha yopiq qaror ham bundan istisno bo‘lmagan», — deb yozdi u.

O‘zbekiston hukumati yopiq qaror bilan shakar importiga kvota va zavodlarga imtiyozlar berdi © boevan.com

2027 yil 1-yanvardan O‘zbekistonda oziq-ovqat sanoati korxonalari uchun oq shakar importiga yiliga 300 ming tonna miqdorida kvotalar joriy etiladi. Yopiq tarzda qabul qilingan hukumat qarori bilan mahalliy shakar ishlab chiqaruvchilarga davlat xaridlarida ustuvorlik berilib, ularning kredit muddatlari uzaytiriladi va foizlari davlat tomonidan qoplab beriladi. Mazkur holat iqtisodchilar tomonidan keskin tanqidga uchrab, og‘ir yuk yana soliq to‘lovchilar gardaniga tushishi ta’kidlanmoqda.

Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 30-iyuldagi XDFU (xizmat doirasida foydalanish uchun) grifi ostidagi 417-son qaroriga muvofiq, 300 ming tonnalik kvota uch yo‘nalish bo‘yicha teng taqsimlanadi. Ichimliklar, qandolat mahsulotlari va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning har biriga 100 ming tonnadan ulush ajratiladi.

Kvotalar 2026 yil 1-dekabrga qadar ishga tushiriladigan va Bojxona qo‘mitasining «Yagona darcha» tizimiga integratsiya qilinadigan elektron platforma orqali ochiq onlayn-auksionlarda taqsimlanadi. Hujjatda ichki iste’mol va narxlarni hisobga olgan holda kvotalarni har olti oyda qayta ko‘rib chiqish nazarda tutilgan.

2027 yil 1-yanvardan davlat tashkilotlari va korxonalari oq shakar xarid qilishda birinchi navbatda mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarini sotib oladi. Davlat zaxiralari ham aynan shu korxonalar hisobidan shakllantirilishi va mahsulotlarning butun hajmi birja orqali sotilishi belgilangan.

Qarorda zavodlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralari ham tasdiqlangan. Jumladan, ularning «O‘zsanoatqurilishbank» oldidagi kreditlarini qaytarish muddati ikki yillik imtiyozli davr bilan besh yilgacha uzaytiriladi. 2026 yil 1-avgustdan 2031 yil 1-avgustgacha mahalliy shakar zavodlari xorijiy valutada jalb qilgan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining 50 foizgacha bo‘lgan qismi Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi jamg‘armasi hisobidan qoplab beriladi.

Shuningdek, Iqtisodiyot va moliya vazirligiga mahalliy shakar zavodlarini 2031 yil 1-yanvarga qadar foyda solig‘i va mol-mulk solig‘idan ozod qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini tayyorlash topshirilgan. Bo‘shagan mablag‘lar kreditlarni qoplashga yo‘naltirilishi, banklar esa korxonalarda moliya direktorlarini tayinlab, kreditlar uzilguncha dividendlar taqsimlanishini cheklashi ko‘zda tutilgan.

Iqtisodchi Otabek Bakirov shakar importini kvotalash va soliq imtiyozlari berish bo‘yicha yopiq qarorni keskin tanqid qilib, buning ortida muayyan manfaatdor guruhlar turganini bildirgan.

«O‘zbekistonda biron-bir yopiq qaror yo‘qki, uning ortida kimdir yo qaysidir to‘da turmasa. Shakar importini kvotalash bo‘yicha yopiq qaror ham bundan istisno bo‘lmagan», — deb yozadi iqtisodchi.

Uning ta’kidlashicha, bozorda shakarga o‘rnatilgan 20 foizlik import boji parazitlashgan va samarasiz mahalliylashtiruvchilar tirik turishi uchun kamlik qilmoqda. Endilikda ular 2031 yilgacha foyda solig‘idan ozod qilinib, mol-mulk solig‘i 2 karra kamaytirilmoqda.

«Bu «mahalliylashtiruvchilar» xomashyoga kredit oladi, foizini soliq to‘lovchilar to‘laydi. Soliq to‘lovchilar ham qimmatlashtirilgan shakar oladi, ham cho‘ntagidan «mahalliylashtiruvchilarning» kredit qarzini to‘laydi», — deya ta’kidladi Bakirov.

Iqtisodchining qayd etishicha, 2026 yilda O‘zbekiston kamida 750−800 ming tonna shakar import qilishi mumkin bo‘lgan sharoitda kvotani 300 ming tonna etib belgilash raqobatni sezilarli darajada cheklaydi va kvotalarni ma’muriy taqsimlash tizimiga qaytish orqali korrupsiya xavfini yuzaga keltiradi.

Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning birinchi yarmida mamlakatda 165,5 ming tonna shakar ishlab chiqarilgan bo‘lib, bu 2023 yilga (332,6 ming tonna) nisbatan ikki baravardan ko‘proqqa, 2024 yilning mos davriga nisbatan esa 27,3 foizga kamdir.

Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlari esa 2026 yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonga qiymati 440,1 mln dollarlik 652,8 ming tonna shakar va shakar xomashyosi import qilinganini ko‘rsatmoqda. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan jismoniy hajmda 36 foizga, qiymat jihatidan esa 37 foizga o‘sish demakdir.

Теглар

Мавзуга оид