O‘zbekiston turizmni rivojlantirish bo‘yicha dunyoda 76-o‘rinni egalladi
Jahon iqtisodiy forumining 2026-yilgi reytingida O‘zbekiston 110 ta mamlakat orasida 3,69 ball to‘pladi. Markaziy Osiyoda mamlakat faqat Qozog‘istondan ortda qoldi.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaO‘zbekiston sayohat va turizmni rivojlantirish uchun yaratilgan sharoitlar bo‘yicha xalqaro reytingda 76-o‘rinni egalladi. Jahon iqtisodiy forumi (WEF) ma’lumotlari asosida tuzilgan reytingni Kanadaning Visual Capitalist tahliliy platformasi e’lon qildi.
Jahon iqtisodiy forumining Sayohat va turizmni rivojlantirish indeksi (Travel & Tourism Development Index — TTDI) mamlakatlarda turizm sohasi rivojlanishi uchun yaratilgan sharoitlarni baholaydi. 2026-yilgi reytingga 110 ta davlat kiritilgan.
Indeks 17 ta yo‘nalishdagi 102 ta ko‘rsatkichni qamrab oladi. Ular beshta asosiy guruhga birlashtirilgan: qulay muhit, davlat siyosati va sharoitlar, infratuzilma va xizmatlar, turizm resurslari hamda barqarorlik.
Baholashda mamlakatlarning xavfsizligi, sog‘liqni saqlash tizimi, viza tartibi, transport infratuzilmasi, mehmonxona va restoranlar faoliyati, tabiiy va madaniy resurslari, shuningdek, turizmning atrof-muhitga ta’siri hisobga olinadi. Har bir ko‘rsatkich 1 dan 7 ballgacha baholanadi.
Muhim jihati, ushbu indeks mamlakatga tashrif buyurgan sayyohlar sonini emas, balki turizmni rivojlantirish uchun mavjud sharoitlarni o‘lchaydi.
Yaponiya birinchi o‘rinni egalladi
2026-yilgi reytingida Yaponiya 5,27 ball bilan birinchi o‘rinni egalladi. AQSH 5,23 ball bilan ikkinchi, Ispaniya esa 5,22 ball bilan uchinchi bo‘ldi.
Kuchli o‘ntalikdan quyidagi mamlakatlar ham joy oldi:
● Avstraliya — 5,18 ball;
● Fransiya — 5,17 ball;
● Germaniya — 5,09 ball;
● Buyuk Britaniya — 5,08 ball;
● Xitoy — 5 ball;
● Shveysariya — 4,97 ball;
● Italiya — 4,93 ball.
Birinchi o‘ntalikda Yevropa davlatlari ustunlik qilmoqda. Ularning ortidan oltitasi ushbu mintaqaga to‘g‘ri keladi. Rivojlangan transport tizimi, turizm infratuzilmasi va tarixiy-madaniy meros Yevropa mamlakatlarining yuqori natijalarida muhim o‘rin tutadi.
O‘zbekiston Markaziy Osiyoda ikkinchi
O‘zbekiston reytingda 3,69 ball bilan 76-o‘rinni egalladi. Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida esa ikkinchi natijani qayd etdi.
Mintaqa davlatlarining ko‘rsatkichlari quyidagicha:


MDH hududidagi boshqa davlatlardan Ozarbayjon 4,07 ball bilan 58-o‘rinni, Armaniston esa 3,81 ball bilan 72-o‘rinni egallagan. Rossiya va Belarus reytingga kiritilmagan.
Demak, O‘zbekiston mintaqada Qozog‘iston dan keyingi o‘rinda turibdi. Biroq jahon miqyosida 76-o‘rin mamlakatda turizm infratuzilmasi va xizmatlar sifatini rivojlantirish uchun hali imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatadi.
Reytingning quyi pog‘onalarida qaysi davlatlar?
2026-yilgi reytingida eng past natijani Mali qayd etdi. Uning ko‘rsatkichi 2,75 ballga teng bo‘ldi.
Shuningdek, quyi o‘rinlardan Serra-Leone (2,91 ball), Kamerun (3,05 ball), Malavi (3,08 ball), Benin (3,13 ball), Angola (3,18 ball), Nigeriya (3,20 ball), Gonduras (3,22 ball), Kot-d’Ivuar (3,26 ball) va Zimbabve (3,27 ball) joy oldi.
Reytingdagi past natija mamlakatda sayyohlik maskanlari yoki tabiiy resurslar mavjud emasligini anglatmaydi. Bunda transport infratuzilmasining rivojlanish darajasi, investitsiyalar, xavfsizlik va turizm xizmatlarining sifati kabi omillar ham hisobga olinadi.
Shu sababli TTDI reytingi mamlakatning sayyohlar orasidagi mashhurligidan ko‘ra, turizm sohasini rivojlantirish uchun yaratilgan iqtisodiy va institutsional sharoitlarni baholashga xizmat qiladi.
Avvalroq Vaqt.uz Osiyo taraqqiyot bankining 2026-yil uchun iqtisodiy o‘sish prognozlariga asoslanib, mintaqa mamlakatlari reytingini e’lon qilgan edi. Unda Qirg‘iziston 8,9 foizlik o‘sish prognozi bilan Osiyoda ikkinchi, O‘zbekiston esa 7 foizlik ko‘rsatkich bilan Tojikiston va Hindiston qatorida 4–6-o‘rinlarni egallagani haqida xabar berilgan edi.