O‘zbekiston va O‘mon muntazam aviaqatnovlar sonini oshirmoqchi
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston – O‘mon biznes forumida ishtirok etdi. Tadbirda 5 milliard dollarlik investitsiya portfeli shakllantirilib, o‘zaro savdo hajmini 1 milliard dollarga yetkazish maqsadlari haqida so‘z bordi.
© Foto: jetphotos.comO‘zbekiston va O‘mon Sultonligi umumiy qiymati 5 milliard dollarga teng bo‘lgan aniq investitsiya loyihalari portfelini shakllantirdi. Shuningdek, yaqin istiqbolda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish maqsad qilib olindi. Bu haqda 17-noyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston – O‘mon biznes forumining ochilish marosimida ma’lum qildi.
Tadbirda O‘mon Sultonligi Bosh vaziri o‘rinbosari Zeyazin bin Haysam Ol Said, hukumat a’zolari, yetakchi kompaniyalar hamda moliya institutlari vakillari ishtirok etdi. Davlat rahbari o‘z nutqida asosiy e’tibor kelishuvlarning soniga emas, balki ularning aniq amaliy natijasiga qaratilishini alohida ta’kidladi.
Forum davomida iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishning beshta asosiy yo‘nalishi belgilab berildi. Ular sanoat kooperatsiyasi, transport va logistika, zamonaviy shaharsozlik va turizm, mineral resurslarni o‘zlashtirish hamda moliya va raqamli texnologiyalar sohalaridan iborat.
Xususan, sanoat tarmog‘ida O‘mon kompaniyalari bilan hamkorlikda kabel va transformator mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda ularni qo‘shni davlatlarga eksport qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan. Bundan tashqari, kimyo sanoati, geologiya-qidiruv ishlari va mineral resurslarni chuqur qayta ishlash sohalarida ham qo‘shma investitsiya loyihalari ishlab chiqilgan.
Zamonaviy shaharsozlik yo‘nalishida O‘mon investorlari «Yangi Toshkent» loyihasida ishtirok etadi. Ushbu yangi shahar hududida ikki xalq do‘stligi ramzi sifatida «Masqat» mavzesini barpo etish rejalashtirilgan.
Moliya va raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlik doirasida esa sun’iy yo‘ldoshlarni uchirish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish ustida ish olib borilmoqda.
Tadbirda O‘monning dengiz portlari va O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi strategik imkoniyatlarini o‘zaro birlashtirish zarurligi qayd etildi.
Shu maqsadda O‘monning Sohar shahrida logistika infratuzilmasini barpo etish, yagona savdo-logistika platformasini shakllantirish, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi aviaqatnovlarni ko‘paytirib, yuk tashish reyslarini yo‘lga qo‘yish taklif qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘monlik ishbilarmonlarni O‘zbekistondagi loyihalarda faol ishtirok etishga chaqirib, ular uchun qulay va ishonchli muhit yaratilishini, qo‘shma tashabbuslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. O‘z navbatida, o‘zbekistonlik tadbirkorlar ham keng imkoniyatlar yaratilgan O‘mon bozoriga faol kirib borishga da’vat etildi.





