Logo

O‘zbekistonda 1991-yildan buyon ilk bor 5 mln tonna paxta hosili yig‘ib olindi

Бугун 15:452 дақиқа

2026-yilgi mavsumda fermerlar paxtadan 13-14 trln so‘m sof foyda olishi kutilmoqda.

O‘zbekistonda 1991-yildan buyon ilk bor 5 mln tonna paxta hosili yig‘ib olindi

O‘zbekiston mustaqillik tarixida birinchi marta 5 mln tonnadan ziyod paxta hosilini yig‘ib olib, sohada rekord o‘rnatdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu tarixiy g‘alaba bilan dala mehnatkashlari, fermerlar va klaster xodimlarini tabrikladi.

Davlat rahbari o‘z tabrigida tarmoqni og‘ir ahvoldan olib chiqish uchun amalga oshirilgan islohotlar natijasini qayd etdi. Ma’lum qilinishicha, chigit ekiladigan maydonlar 38 foizga qisqartirilib, paxta monopoliyasiga barham berilgan bo‘lsa-da, hosildorlik 21 sentnerdan 56 sentnerga (2,7 barobar) oshgan.

Shuningdek, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish hisobiga suv sarfi 1990-yillarga nisbatan 2 karra kamaygan. Joriy yilda ko‘chatlar soni 2-3 karra oshirilib, ko‘sak qurti va gerbitsidga chidamli yangi biotexnologik navlar ekilgani o‘z samarasini bergan. Qariyb 400 ming gektar yerda o‘rtacha hosildorlik 70 sentnerga, salkam 70 ming gektarda esa 100-110 sentnergacha yetgan.

Mexanizatsiya va fermerlarning daromadi

Bu yil yetishtirilgan hosilning 85 foizi 3 mingdan ortiq paxta terish mashinalari yordamida 30-35 kun ichida terib olindi. Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida mexanizatsiyalashtirish darajasi 100 foizga yetgan. Raqamlashtirish, dronlardan foydalanish va noan’anaviy texnologiyalar orqali sarf-xarajatlar ikki barobarga kamaytirilgan.

Kutilishicha, bu yilgi mavsum ortidan fermerlar paxtadan 13-14 trillion so‘m sof foyda oladi. Kelgusi yilda esa zamonaviy texnologiyalar va sun’iy intellektni qo‘llash orqali o‘rtacha hosildorlikni 65-70 sentnerga yetkazish maqsad qilingan.

Yangi navlar sinovi va xalqaro e’tirof

Ayni paytda mamlakatning ayrim hududlarida kelgusi yil uchun urug‘lik paxta terimi davom etmoqda. Bundan tashqari, Buxoro viloyatining Olot tumani va boshqa cho‘l hududlarida sho‘rlangan hamda qumli tuproqlarda yetishtirishga mo‘ljallangan yangi g‘o‘za navlari sinovdan o‘tkazilmoqda.

Yaqinda Toshkentda o‘tgan Xalqaro paxta kunida 30 dan ziyod mamlakat mutaxassislari O‘zbekistonning bu boradagi yutuqlarini e’tirof etib, Butunjahon paxtachilik markazini aynan O‘zbekistonda tashkil etish taklifini bildirgan.

Теглар

Мавзуга оид