O‘zbekistonda inflyatsiya 6,5 foizga yetdi: oktabrda qaysi mahsulotlar qimmatladi?
Oktyabr oyida O‘zbekistonda go‘sht, tuxum va sabzavotlar qimmatladi. Jamoat transporti hamda kommunal tariflarning oshishi ham narxlar o‘sishini tezlashtirdi. Natijada o‘tgan oyda iste’mol narxlari o‘rtacha 0,6 foizga ko‘tarildi.
© SI asosida yaratilganYillik hisobda narxlar o‘sishi sentabrdagi 6,4 foizdan 6,5 foizga tezlashdi. Bu o‘tgan yilning shu davrida 7,8 foiz edi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlarida keltirilgan.
Yilning ikkinchi yarmida oziq-ovqat mahsulotlari 3,9 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlari esa 4,9 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, xizmatlar bo‘yicha oylik ko‘rsatkich 6,3 foizga o‘sgan.
Taqqoslash uchun, 2025-yilning yanvar–oktabr oylarida bu ko‘rsatkich 12,7 foizni tashkil etgan. Yillik hisobda esa xizmatlar inflyatsiyasi 14,4 foizdan 7,3 foizga pasaydi.
Oziq-ovqat narxlari qanday o‘zgardi?
Oktyabr oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxi o‘rtacha 1 foizga oshdi. Yil boshidan buyon bu turdagi mahsulotlar 3,9 foizga, o‘tgan yilning oktabriga nisbatan esa 6,4 foizga qimmatlashgan.
Meva-sabzavotlar narxi esa turlicha o‘zgardi. Mevalar 7,5 foizgacha arzonlashgan bo‘lsa, sabzavotlarning asosiy turlarida narxlar ko‘tarildi. Xususan, baqlajon va bodring 9 foizga, pomidor 8,8 foizga, kartoshka 5,3 foizga qimmatladi.
Yillik hisobda go‘sht mahsulotlari narxining o‘sishi yuqoriligicha qolmoqda. Qo‘y go‘shti 19,5 foizga, suyakli mol go‘shti 15,6 foizga, qiyma 14,8 foizga va tuxum 12,7 foizga oshgan.
Yillik nooziq-ovqat inflyatsiyasi 1,2 foizga tezlashdi
Oktyabr oyida nooziq-ovqat mahsulotlari narxi oziq-ovqat mahsulotlariga qaraganda ancha sekin oshdi. Bir oyda bu turdagi tovarlar o‘rtacha 0,2 foizga, yil boshidan buyon 4,9 foizga qimmatlashdi. Nooziq-ovqat mahsulotlarining yillik inflyatsiyasi 5,6 foizni tashkil etib, o‘tgan yilning yanvar–oktabr oylariga nisbatan 1,2 foizga tezlashdi.
Oktyabr oyida xizmatlar narxi qancha bo‘ldi?
Oktyabr oyida xizmatlar narxi o‘rtacha 0,6 foizga oshdi. Bunda, asosan, kommunal xizmatlar va transport tariflarining qimmatlashishi ta’sir ko‘rsatdi.
Yil boshidan buyon xizmatlar narxi 6,3 foizga ko‘tarildi. Bu o‘tgan yilning shu davridagi 12,7 foizlik o‘sishdan qariyb ikki barobar past degani. Yillik xizmatlar inflyatsiyasi ham 14,4 foizdan 7,3 foizgacha sekinlashdi.
Yoqilg‘i narxlari. Transport xarajatlariga ta’sir qiluvchi omillardan biri yoqilg‘i narxlaridagi o‘zgarishlar bo‘ldi. Oktyabr oyida benzin o‘rtacha 1 foizga, propan 0,4 foizga qimmatlashdi. Metan narxi esa o‘zgarishsiz qoldi.
Yoqilg‘i turi | Narx o‘zgarishi |
AI-92 benzini | +0,5% |
AI-95 benzini | +2,6% |
AI-98 benzini | +5,3% |
AI-100 benzini | +5,3% |
Propan | +44,7% |
Metan | +10,0% |
Yoqilg‘i markalari kesimida AI-92 benzini 0,5 foizga, AI-95 benzini 2,6 foizga, AI-98 va AI-100 markalari esa 5,3 foizga qimmatlashgan. O‘tgan yilning oktabr oyiga nisbatan esa gaz yoqilg‘ilari narxi ancha oshdi. Xususan, propan 44,7 foizga qimmatlagan bo‘lsa, metan 10 foizga qimmatlashgan.
Transport xizmatlarida narxlar oshishiga, avvalo, Toshkentdagi jamoat transporti tariflarining yangilanishi ta’sir qildi. Oktyabr oyida metroda yo‘l haqi 26,1 foizga qimmatladi. Avtobuslarda yo‘lovchi tashish xizmatlari narxi esa respublika bo‘yicha o‘rtacha 7,1 foizga oshdi. Vaholanki, jamoat transporti narxlari 47 foizga oshgandi.
Boshqa transport xizmatlarida ham narxlar ko‘tarildi. Jumladan, taksi xizmatlari 1,3 foizga, shahar atrofi poyezdlarida yo‘l haqi 1,4 foizga, uzoq masofali poyezd chiptalari 0,6 foizga oshgan.
Ichki aviaqatnovlar narxi 1,4 foizga arzonlashdi. Bunga yevroga nisbatan so‘mning mustahkamlanishi va tariflarning qayta ko‘rib chiqilishi ta’sir ko‘rsatdi. Xususan, 16-oktabrdan «Uzbekistan Airways» ichki yo‘nalishlardagi chiptalarni 20 foizgacha arzonlashtirdi.
Xalqaro yo‘nalishlarda esa yoqilg‘i yig‘imlari oshgani sababli chiptalar narxi 0,7 foizga ko‘tarildi.
Kommunal xizmatlar. Oktyabr oyida kommunal xizmatlar narxining oshishiga, asosan, sovuq suv ta’minoti va kanalizatsiya tariflarining qayta ko‘rib chiqilishi ham ta’sir ko‘rsatdi. Navoiy, Samarqand va Toshkent viloyatlarida tariflar oshirilishi natijasida respublika bo‘yicha suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari o‘rtacha 4,7 foizga qimmatlashdi. Yillik hisobda bu xizmatlar narxining o‘sishi 7,7 foizni tashkil etdi.
Bundan tashqari, oy davomida ko‘mirning bozor narxi 0,3 foizga, o‘tin narxi esa 0,5 foizga oshgan.
Ta’lim xizmatlari. Oktyabr oyida ta’lim sohasidagi xizmatlar narxi o‘rtacha 0,4 foizga oshdi. Yil boshidan buyon bu yo‘nalishdagi narxlar 5,2 foizga, o‘tgan yilning oktabr oyiga nisbatan esa 5,6 foizga qimmatladi.
Narxlar o‘sishi, asosan, nodavlat ta’lim muassasalari va qo‘shimcha ta’lim xizmatlarida kuzatildi. Xususan, nodavlat bog‘chalarda to‘lovlar 0,6 foizga, xususiy maktablarda 0,5 foizga, nodavlat oliy ta’lim muassasalarida 0,1 foizga oshdi. Davlat ta’lim muassasalarida esa narxlar o‘zgarmadi.
Qo‘shimcha ta’lim xizmatlari orasida repetitorlik narxi 1,6 foizga, chet tillarini o‘rganish kurslari 0,8 foizga qimmatladi.
Haydovchilarni tayyorlash kurslari, avtomobil boshqarish darslari, imtihonlar va guvohnoma olish bilan bog‘liq xizmatlar narxi ham oy davomida 0,8 foizga oshdi. Bu xizmatlarning yillik qimmatlashishi 7,5 foizni tashkil etdi.
Shu tariqa, ta’lim xizmatlaridagi o‘sish faqat maktab va oliy ta’lim to‘lovlari bilan cheklanmay, turli kasbiy va qo‘shimcha o‘quv xizmatlarida ham kuzatildi.
Qaysi hududda inflyatsiya yuqori bo‘ldi?
Oktyabr oyida hududlarda oylik inflyatsiya ko‘rsatkichlari bir-biridan katta farq qilmadi. Toshkent shahrida narxlar bir oyda 0,9 foizga qimmatlashdi.
Samarqand viloyatida bu ko‘rsatkich 0,8 foiz, Toshkent va Navoiy viloyatlarida 0,7 foiz bo‘ldi. Qolgan hududlarda esa oylik inflatsiya 0,5–0,6 foiz atrofida qayd etildi.
Yillik ko‘rsatkichlarda hududlar o‘rtasidagi farq biroz kattaroq. Toshkent shahrida narxlar o‘tgan yilning oktabriga nisbatan 7,4 foizga oshgan. Bu respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan 0,9 foiz band yuqori. Samarqandda yillik inflyatsiya 6,7 foiz, Farg‘onada 6,6 foiz bo‘lgan.
Eng past yillik inflyatsiya Sirdaryo viloyatida kuzatildi — 5,5 foiz. Buxoroda narxlar 5,9 foizga, Qoraqalpog‘istonda 6 foizga oshgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2027–2029-yillarda asosiy stavkani bir xonali darajagacha tushirish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini bildirgan edi.
Regulyator raisi o‘rinbosari Nodirbek Ochilovning aytishicha, buning uchun inflyatsiya barqaror pasayib, maqsadli 5 foizga yaqinlashishi, aholi va tadbirkorlarning narxlar oshishiga oid kutilmalari ham kamayishi kerak.
Markaziy bank prognoziga ko‘ra, inflyatsiya 2027-yilning ikkinchi yarmida 5 foizga yaqinlashadi, 2028–2029-yillarda esa shu darajada barqarorlashadi. Biroq asosiy stavkani qachon pasaytirish bo‘yicha hozircha aniq muddat belgilanmagan.





