O‘zbekistonda moliyaviy muammoga uchragan banklarni saqlab qolish tartibi belgilandi
Bunday banklarni boshqa bankka o‘tkazish, vaqtincha oraliq bank tashkil etish yoki ayrim qarzlarini hisobdan chiqarish mumkin. Bank ko‘rgan zararni esa birinchi navbatda uning aksiyadorlari qoplaydi.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaAdliya vazirligi Markaziy bank boshqaruvining banklarni sanatsiya qilish tartibini belgilovchi nizomini 2026-yil 16-noyabrda davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Sanatsiya moliyaviy qiyinchilikka uchragan bank faoliyatini tiklash va uning muhim xizmatlari uzluksiz ishlashini ta’minlash choralarini anglatadi. Yangi nizomda bunday banklarni saqlab qolish mexanizmlari, boshqaruv tartibi hamda zararlarni qoplash qoidalari belgilangan.
Bankni sanatsiya qilish qarorini kim qabul qiladi?
Bankni sanatsiya qilish to‘g‘risidagi qarorni Markaziy bank boshqaruvi qabul qiladi. Qarorda bankning moliyaviy ahvoli, sanatsiyani boshlash sabablari va uni saqlab qolish uchun ko‘riladigan choralar belgilanadi. Zarur hollarda davlat budjeti mablag‘laridan foydalanish masalasi ham ko‘rib chiqiladi.
Nizomga ko‘ra, bankni sanatsiya qilishda uchta asosiy vositadan foydalanish mumkin.
Birinchi usulda muammoga uchragan bankning aksiyalari, aktivlari, huquq va majburiyatlari boshqa bank yoki tashkilotga o‘tkaziladi.
Ikkinchi usulda bankning muhim xizmatlari to‘xtab qolmasligi uchun vaqtincha oraliq bank tashkil etiladi.
Uchinchi usul esa bank kapitalining ayrim qismlari va boshqa majburiyatlarini hisobdan chiqarish yoki ularni aksiyalarga aylantirishni nazarda tutadi.
Oraliq bank muammoga uchragan bankning ayrim aktivlari, huquq va majburiyatlarini vaqtincha o‘z zimmasiga oladi. U 12 oygacha faoliyat yuritadi. Zarur bo‘lsa, bu muddat yana 12 oyga uzaytirilishi mumkin. Keyinchalik oraliq bank boshqa tashkilotga sotilishi yoki uning aktivlari va majburiyatlari boshqa bankka o‘tkazilishi mumkin.
Sanatsiya davrida bankni kim boshqaradi?
Sanatsiya to‘g‘risidagi qaror kuchga kirgach, aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi, kuzatuv kengashi va bank boshqaruvining vakolatlari Markaziy bankka o‘tadi. Markaziy bank aksiyadorlar yoki boshqa manfaatdor tomonlarning roziligisiz maxsus boshqaruvchini tayinlashi yoxud bankning yangi boshqaruv organlarini shakllantirishi mumkin.
Maxsus boshqaruvchi bank faoliyatini nazorat qiladi, xodimlar bilan bog‘liq qarorlar qabul qiladi, bankning mol-mulki va axborot tizimlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, u bankdagi aktivlar va majburiyatlarni xatlovdan o‘tkazishi mumkin. Boshqaruvchi Markaziy bankka kamida har chorakda hisobot beradi. Bankning moliyaviy ahvolini yomonlashtirishi mumkin bo‘lgan holatlar haqida esa darhol xabar qilishi kerak.
Bankning aktivlari va majburiyatlari qanday o‘tkaziladi?
Bankning aktivlari, huquq va majburiyatlarini boshqa bankka o‘tkazishda aksiyadorlar, omonatchilar va kreditorlarning roziligi talab qilinmaydi. Buning uchun mavjud shartnomalarni o‘zgartirish yoki omonatchilar bilan yangi hisobvaraq shartnomalarini tuzish ham shart emas.
Bunda aktiv va majburiyatlarni qabul qiladigan bankning ularni boshqarish, shuningdek, muhim bank xizmatlarini davom ettirish imkoniyati baholanadi. Agar faqat bitta bank yoki tashkilot taklif bildirgan bo‘lsa ham, Markaziy bank aktivlar va majburiyatlarni unga o‘tkazish haqida qaror qabul qilishi mumkin.
Bank zararini aksiyadorlar qoplaydi
Sanatsiya vaqtida bank ko‘rgan zararni birinchi navbatda uning aksiyadorlari qoplaydi. Har bir aksiyador bankdagi ulushiga qarab javob beradi. Bunda u to‘laydigan zarar o‘z aksiyalari qiymatidan oshmaydi.
Agar aksiyadorlar hisobidan zararni to‘liq qoplab bo‘lmasa, bank kapitalining ayrim qismlari va boshqa qarzlari hisobdan chiqarilishi yoki aksiyalarga aylantirilishi mumkin. Bu ish belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Avval birinchi darajali asosiy kapital, keyin qo‘shimcha birinchi darajali va ikkinchi darajali kapital hisobidan zarar qoplanadi. Shundan so‘ng boshqa ayrim qarzlar hisobga olinadi.
Biroq bankning hamma qarzlari ham hisobdan chiqarilmaydi. Masalan, omonatlarni kafolatlash doirasidagi mablag‘lar va garov bilan to‘liq qoplangan qarzlar saqlab qolinadi. Boshqa mahalliy va xorijiy banklardan yetti kungacha muddatga olingan qarzlar, to‘lov va hisob-kitob tizimlari bilan bog‘liq majburiyatlar ham hisobdan chiqarilmaydi.
Shuningdek, bank xodimlarining ish haqi, pensiya va boshqa to‘lovlari, tovar va xizmatlar uchun to‘lanishi kerak bo‘lgan pullar, soliqlar hamda boshqa majburiy to‘lovlar ham saqlanib qoladi.
Omonatlarni kafolatlash agentligi oldidagi qarzlar ham hisobdan chiqarilmaydi. Markaziy bank zarur deb hisoblasa, ayrim boshqa qarzlarni ham hisobdan chiqarilmaydigan qarzlar qatoriga kiritishi mumkin.
Bank faoliyati qanday tiklanadi?
Agar sanatsiya davomida bank kapitali yoki majburiyatlari hisobdan chiqarilsa yoxud aksiyalarga aylantirilsa, bank faoliyatini tiklash rejasini ishlab chiqishi kerak. Hujjat sanatsiya qarori kuchga kirganidan keyin bir oy ichida Markaziy bankka taqdim etiladi. Zarur bo‘lsa, bu muddat yana bir oyga uzaytirilishi mumkin.
Rejada bankning moliyaviy barqarorligini tiklash choralari, kelgusidagi daromad va xarajatlar prognozi, korporativ boshqaruvni yaxshilash hamda prudensial talablarni bajarish yo‘llari ko‘rsatiladi. Markaziy bank rejani 20 ish kuni ichida ko‘rib chiqadi. Bank esa tasdiqlangan reja bo‘yicha har chorakda hisobot berib boradi.
Sanatsiya jarayonida davlat budjeti mablag‘laridan foydalanish zarurati tug‘ilsa, Markaziy bank bu masalani Vazirlar Mahkamasi bilan kelishadi va Iqtisodiyot va moliya vazirligini xabardor qiladi.
Nizomga ko‘ra, bankni sanatsiya qilishga tayyorgarlik va bu haqdagi qaror rasman e’lon qilinguniga qadar tegishli ma’lumotlar maxfiy saqlanadi. Qaror qabul qilingach, u rasmiy manbalarda, jumladan, Markaziy bankning internet sayti va ijtimoiy tarmoqlarida e’lon qilinadi. Hujjat 2026-yil 17-noyabrdan kuchga kirgan.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yilning sentabr oyida Markaziy bank tijorat banklari va to‘lov tashkilotlarida shubhali operatsiyalarni aniqlash bo‘yicha yangi talablarni joriy etishni taklif qilgandi. Loyihaga ko‘ra, antifrod tizimlari tun-u kun ishlashi, operatsiyalarni real vaqt rejimida tekshirishi va zarur hollarda mijozdan qo‘shimcha tasdiq olishi kerak.





