Qo‘shni davlat fuqarosi sport ozuqasi ichida 350 ming dollarlik narkotik olib kirayotganda to‘xtatildi
Sportchilar ozuqasi sifatida iste’mol qilinadigan kapsulalarga «Alfa PVP» turidagi sintetik narkotik moddasini joylagan qo‘shni davlat fuqarosi Toshkentda qo‘lga tushdi.
© Фото: Божхона қўмитасиToshkent xalqaro aeroportida umumiy qiymati qariyb 350 ming dollarga teng bo‘lgan sintetik narkotiklarni go‘yoki biologik faol qo‘shimcha sifatida olib kirishga uringan qo‘shni davlat fuqarosi to‘xtatib qolindi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, bojxonadan «yashil» yo‘lak orqali harakatlangan ushbu shaxsning sumkasida sportchilar ozuqasi sifatida iste’mol qilinadigan 2 quti biologik faol qo‘shimchalar xodimlarning diqqatini tortgan.
Mazkur qutilarga qadoqlangan kapsulalar aslida oq rangda ishlab chiqariladi hamda qadog‘iga ko‘ra, ularda jami 760 dona kapsula bo‘lishi lozim. Biroq tekshiruv vaqtida ikkala qutidagi jami kapsulalar soni 920 donani tashkil qilgan. Shuningdek, kapsulalar ham oq rangda emas, balki sariq va qizil ranglarda bo‘lgan. Shu tariqa qutilarga joylangan kapsulalar qo‘lbola tarzda qadoqlangani aniqlangan.
Shundan so‘ng olib borilgan tekshiruvlarga ko‘ra, mazkur kapsulalarga joylangan modda «Alfa PVP» turidagi sintetik narkotik moddaligi aniqlangan. Mazkur giyohvandlik vositalarining qora bozordagi chakana narxi 350 ming dollarga yetadi.
Shuningdek, Yuqori Chirchiq tumanida olib borilgan yana bir tezkor tadbir davomida ushbu yo‘lovchi tomonidan keyinchalik «zakladka» usulida tarqatish uchun mo‘ljallangan giyohvandlik vositasi yashirib ketilgan manzil-havola ham aniqlangan.
Manzil holislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda 1 dona politiliyen paket ko‘mib qo‘yilgani fosh bo‘lgan. Unda esa bir necha bo‘laklardan iborat og‘irligi taxminan yarim kilogramm «gashish» moddasi borligi aniqlangan. Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.





