Logo

Qozog‘iston va Tojikiston $2,5 mlrdlik biznes kelishuvlarini imzoladi

Imomali Rahmonning Ostonaga tashrifi yakunlariga ko‘ra ikki davlat o‘rtasida 20 ta hujjat, tadbirkorlar tomonidan esa $2,5 mlrdlik 25 ta kelishuv imzolandi.

Qozog‘iston va Tojikiston $2,5 mlrdlik biznes kelishuvlarini imzoladi © фото: пресс-служба президента РТ

5–7-noyabr kunlari Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon rasmiy tashrif bilan Qozog‘istonda bo‘ldi. 7-noyabrda Ostonada Qosim-Jomart To‘qayev va Imomali Rahmon oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazdi va yakunda ikki davlat rahbarlari qo‘shma bayonot qabul qildi. Tojikiston prezidenti matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, tashrif doirasida hukumat va idoralar o‘rtasida 20 ta, biznes-forumda esa tadbirkorlar o‘rtasida umumiy qiymati $2,5 mlrd bo‘lgan 25 ta hamkorlik hujjati imzolangan.

Hamkorlikning 20 ta yo‘nalishi: energetikadan sun’iy intellektgacha

Tojikiston va Qozog‘iston o‘rtasida imzolangan davlatlararo hujjatlar qator sohalarni qamrab oladi. Ular orasida energetika, tog‘-kon sanoati va metallurgiya, qishloq xo‘jaligi, savdo, raqamli texnologiyalar, tibbiyot hamda ijtimoiy himoya kabi yo‘nalishlar bor.

Xususan, ikki hukumat elektr energetikasi bo‘yicha hamkorlik qilish, Tojikiston chegara qo‘shinlari uchun kadrlar tayyorlash, tog‘-kon metallurgiyasi loyihalarini rivojlantirishga kelishib oldi. Shuningdek, neft mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha bitim imzolandi.

Savdo yo‘nalishida 2030 yilgacha o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirishga qaratilgan yo‘l xaritasi qabul qilindi. Sanoat sohasida 2027 yilgacha bo‘lgan hamkorlik rejasi, qishloq xo‘jaligida esa 2027–2028 yillarga mo‘ljallangan yo‘l xaritasi tasdiqlandi.

Raqamli texnologiyalar sohasida Tojikiston prezidenti huzuridagi Innovatsiyalar va raqamli texnologiyalar agentligi hamda Qozog‘istonning tegishli idoralari elektron tijoratni rivojlantirish va sun’iy intellekt bo‘yicha hamkorlik memorandumlarini imzoladi. Tomonlar sog‘liqni saqlash va pensiya ta’minoti bo‘yicha axborot almashish, prokuratura va davlat xizmatini rivojlantirish yo‘nalishlarida ham aloqalarni kengaytirishga kelishib oldi.

Bundan tashqari, 6-noyabr kuni Tojikistonning Sug‘d viloyati delegatsiyasi Ostonada Qozog‘iston hukumati va biznes vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Sug‘d viloyati rahbari Rajab Ahmadzoda, Ostona hokimi Jenis Qosimbek, Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi vaziri Aydarbek Saparov va sanoat va transport vaziri Yersayin Nagaspayev ishtirokidagi uchrashuvlarda qishloq xo‘jaligi, sanoat hamda transport-logistika masalalari muhokama qilindi.

Tojikistonning «Xovar» milliy axborot agentligi xabariga ko‘ra, Sug‘d viloyati tadbirkorlari va Qozog‘iston kompaniyalari tovar ayirboshlash sohasida qiymati $900 milliondan ortiq bo‘lgan hamkorlik hujjatlarini imzolagan. Tomonlar, shuningdek, Tojikiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Qozog‘istonga eksport qilish, paxta tolasini qayta ishlash bo‘yicha qo‘shma korxonalar yaratish, zamonaviy issiqxonalar hamda Sug‘d viloyatida agrologistika markazlarini qurish masalalarini ko‘rib chiqqan.

Ikki davlat o‘rtasidagi savdo $1,13 mlrdga yetdi

Ushbu kelishuvlar ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmi izchil o‘sib borayotgan bir paytda imzolandi. Tojikiston Investitsiyalar va davlat mulkini boshqarish davlat qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2026 yilning yanvar-sentabr oylarida davlatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard 130 million dollarni tashkil etgan.

Bu 2025 yilning mos davriga nisbatan 230,9 mln dollarga yoki 25,6 foizga ko‘p. Qozog‘iston Tojikistonning asosiy savdo hamkorlari orasida uchinchi o‘rinda turishi ham alohida qayd etilgan.

5-noyabrda Ostonada o‘tgan biznes-forum doirasida tovar ayirboshlash hajmini 2030 yilga borib $2 mlrdga yetkazish maqsadi ilgari surildi. 7-noyabrda qabul qilingan yo‘l xaritasi aynan shu vazifani ijro etishga qaratilgan.

O‘zaro savdo tarkibida bug‘doy, tabiiy gaz, metall mahsulotlari va qishloq xo‘jaligi xomashyosi asosiy o‘rin tutadi. «Asia-Plus» nashrining Qozog‘istonning Tojikistondagi elchisi Valixon Turexanovga tayanib yozishicha, 2026 yilning yanvar-sentabr oylarida Tojikiston Qozog‘istondan qiymati 264,1 mln dollarga teng qariyb 998,2 ming tonna bug‘doy sotib olgan.

Xuddi shu davrda Qozog‘istondan $153,8 mlnlik tabiiy va boshqa turdagi gazsimon uglevodorodlar, $150,2 mlnlik armatura hamda $67,9 mlnlik alyuminiy oksidi import qilingan.

Tojikistondan Qozog‘istonga eksport qilingan mahsulotlar orasida rux rudasi va konsentratlari $32,2 mlnlik ko‘rsatkich bilan yetakchilik qilmoqda. Shuningdek, $17,9 mlnlik qayta ishlanmagan qo‘rg‘oshin, $4,4 mlnlik tez so‘nuvchi ohak, $3,7 mlnlik daftarlar hamda $2,8 mlnlik shirinlashtirilgan yoki xushbo‘ylantirilgan suvlar eksport qilingan. Quritilgan mevalar va uzum ham shular jumlasidandir.

Qishloq xo‘jaligi, transport va energetikadagi hamkorlik

Ikki davlat rahbarlarining muzokaralarida qishloq xo‘jaligiga alohida e’tibor qaratildi. Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning ta’kidlashicha, 2025 yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi agrar mahsulotlar savdosi 11 foizga o‘sib, qariyb $600 mlnga yetgan. Bu raqam o‘zaro savdoning qariyb yarmini tashkil etadi.

To‘qayev qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berishni kengaytirish va ularni qayta ishlash bo‘yicha to‘liq ishlab chiqarish zanjirini yaratish imkoniyatlari muhokama qilinganini ham qo‘shimcha qildi.

Transport sohasida esa Qozog‘iston prezidentining qayd etishicha, 2025 yilda davlatlar o‘rtasidagi avtomobil yo‘llari orqali yuk tashish 8 foizga, temir yo‘l orqali tashish esa 15 foizga o‘sgan. Yuk tashishning umumiy hajmi qariyb 7 million tonnaga yetgan. Tomonlar transport jarayonlarini raqamlashtirish va yuk qatnovini qulaylashtirishga ham e’tibor qaratdi.

Energetika sohasida esa elektr energetikasi va neft mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha bitimlar imzolangan.

Теглар

Мавзуга оид