Logo

Qozog‘istonda halok bo‘lgan harbiylar oilalariga qancha pul berilishi aytildi

Бугун 17:402 дақиқа

Mablag‘lar yordam yig‘ish bo‘yicha yagona operator etib belgilangan jamg‘armaga o‘tkaziladi. Badallar ixtiyoriy asosda amalga oshiriladi.

Qozog‘istonda halok bo‘lgan harbiylar oilalariga qancha pul berilishi aytildi © Foto: gov.kz

Kaspiy dengizida, Mang‘istau viloyati yaqinida o‘tkazilgan harbiy mashg‘ulotlar vaqtida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning oilalariga jami 2,3 milliard tengedan (taxminan 5,2 million dollar) ortiq moliyaviy yordam ko‘rsatiladi. Mablag‘lar «Adolat» partiyasi a’zolari va Qozog‘iston xalq kengashi tomonidan ajratiladi.

«Adolat» partiyasi va uning Biznes kengashi halok bo‘lgan hamda jarohatlangan harbiy xizmatchilarning oilalarini qo‘llab-quvvatlash uchun 1,5 milliard tenge (3,3 million dollar) ajratadi. Mablag‘lar yordam yig‘ish bo‘yicha yagona operator etib belgilangan «Ұlttыq rux» jamg‘armasiga o‘tkaziladi. Badallar ixtiyoriy asosda amalga oshiriladi.

Qozog‘iston xalq kengashi a’zolari esa halok bo‘lgan harbiylarning oilalariga yordam berish uchun 815 million tenge (1,8 million dollar) yig‘ib bo‘lgan. Ushbu mablag‘lar harbiy xizmatchilarning qarindoshlariga bevosita topshiriladi.

Ma’lumot uchun, ushbu fojia 24-sentabr kuni Qozog‘iston Harbiy-dengiz kuchlarining Kaspiy dengizi sohillarida o‘tkazilgan mashg‘ulotlari vaqtida yuz bergan. Harbiy-o‘quv topshirig‘ini bajarish chog‘ida ob-havo sharoiti keskin yomonlashib, shamol kuchaygan. Oqibatda 17 harbiy xizmatchi ochiq dengizda qolib ketgan. Ulardan uch nafari qutqarilgan, 14 nafari halok bo‘lgan.

Qidiruv-qutqaruv ishlari 25-sentabr kuni bedarak yo‘qolgan so‘nggi ikki harbiyning jasadi topilganidan so‘ng yakunlangan.

Harbiy xizmatchilarning halok bo‘lishi yuzasidan og‘ir oqibatlarga olib kelgan xizmatga beparvo munosabat va kemalarni boshqarish qoidalarini buzish moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hodisaning sabablari va barcha holatlarini hukumat komissiyasi aniqlamoqda.

Fojia munosabati bilan 25-sentabr kuni Qozog‘istonda umumxalq motam kuni deb e’lon qilingan. Mang‘istau viloyati hokimligi yordam bermoqchi bo‘lgan fuqarolarni mablag‘larni faqat rasmiy «Ұlttыq rux» jamg‘armasi orqali o‘tkazishga chaqirgan. Mablag‘larning harakati davlat va huquqni muhofaza qiluvchi organlar nazoratida.

Теглар

Мавзуга оид