Logo

Reytingda Qozog‘istondan ortda qolgan O‘zbekiston, taksi narxlari bo‘yicha boshlangan tekshiruv va nomini o‘zgartirgan «Davr Bank» — 15-oktabr dayjesti

Кеча 23:004 дақиқа

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Reytingda Qozog‘istondan ortda qolgan O‘zbekiston, taksi narxlari bo‘yicha boshlangan tekshiruv va nomini o‘zgartirgan «Davr Bank» — 15-oktabr dayjesti

O‘zbekiston nega eng qudratli davlatlar reytingida Qozog‘istondan ancha past natija oldi?

«World Population Review» nashrining «Best Countries» tadqiqotiga asoslangan 2026 yilgi eng qudratli davlatlar reytingida O‘zbekiston 71-o‘rinni, Qozog‘iston esa 34-o‘rinni egalladi. Iqtisodiy va siyosiy ta’sir, harbiy salohiyat hamda xalqaro ittifoqlar hisobga olingan ushbu ro‘yxatda Qozog‘istonning sezilarli darajada yuqorilashiga uning ulkan energetika va xomashyo resurslari (jahon uran qazib olish hajmining 40 foizi, yiliga 78,7 million tonna neft eksporti), Rossiya, Xitoy, AQSH va Yevropa bilan muvozanatli ko‘p vektorli diplomatiyasi hamda «O‘rta yo‘lak» tranzit imkoniyatlari sabab bo‘lgan.

O‘zbekiston esa 147 milliard dollarlik iqtisodiyoti, qariyb 39 millionlik aholi bozori hamda uran (dunyoda 5-o‘rin) va oltin (9-o‘rin) qazib olish salohiyatiga qaramay, xalqaro ta’sir va hamkorliklar mezonlari tufayli 71-o‘rinda qayd etilgan. Shunga qaramay, mamlakat iqtisodiyoti kattaroq bo‘lgan Jazoir (79-o‘rin), shuningdek, Estoniya va Armaniston kabi davlatlardan yuqori natija ko‘rsatdi; Markaziy Osiyoning qolgan mamlakatlari bo‘lgan Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston esa kuchli yuztalikka umuman kiritilmagan.

«Davr Bank»ning nomi o‘zgardi

Ozarbayjonning «ABB» banki «Davr Bank»ning 51 foizlik nazorat paketini qariyb 140 million dollarga sotib olganidan so‘ng, aksiyadorlarning navbatdan tashqari yig‘ilishida bank nomini «ABB Davr Bank» aksiyadorlik jamiyatiga o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Ustav davlat ro‘yxatidan o‘tgach, bank kundalik faoliyatida «ABB Davr» tijorat belgisidan foydalanadi. Mazkur bitim ortidan «S&P Global Ratings» agentligi bankning uzoq muddatli kredit reytingini «B+» ga ko‘tarib, prognozni «barqaror» deb belgiladi.

Ushbu jarayonlar doirasida bankning rahbariyat tarkibida ham yirik korporativ o‘zgarishlar amalga oshirildi. Amaldagi kuzatuv kengashi a’zolari, jumladan, bank asoschisi Lutfulla Ubayevning vakolatlari muddatidan oldin tugatilib, o‘rniga «ABB» banki vakillari ham o‘rin olgan yangi kengash uch yil muddatga saylandi. Shuningdek, bank boshqaruvi raisi Abdulmajid Samadov o‘z lavozimida qolgan bo‘lsa-da, uning o‘rinbosarlari lavozimidan ozod etilib, ularning o‘rniga yangi rahbarlar tayinlandi.

«Saneg» kompaniyasining O‘zbekistondagi neft konlari bo‘yicha litsenziyalari bekor qilindi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodov «Sanoat energetika guruhi» (Saneg) kompaniyasiga neft konlaridan foydalanish uchun avval berilgan litsenziyalar bekor qilinganini ma’lum qildi. Bunga konlarning ishga tushirilmagani va litsenziya shartlari bajarilmagani sabab bo‘lgan. Hozirda Tog‘-kon va geologiya vazirligi ushbu tabiiy resurslardan samarali foydalanish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqmoqda.

Shuningdek, 2022 yil may oyida Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining 100 foiz davlat ulushi ham 100 million dollar evaziga mazkur kompaniyaga sotilgan edi. Biroq investorning moliyaviy qiyinchiliklari sababli xarid to‘lovlari ketma-ket uch oy amalga oshirilmagan va korxonaning moliyaviy holati yomonlashib, 2025 yilni 538,1 milliard so‘m zarar bilan yakunlagan. Natijada, 2026 yilning iyun oyida zavod yana to‘liq davlat nazoratiga qaytarildi.

Raqobat qo‘mitasi taksi narxlari oshgani bo‘yicha o‘rganish boshladi

So‘nggi kunlarda yirik taksi agregatorlarida kuzatilgan texnik nosozliklar va tig‘iz vaqtlarda narxlarning keskin oshib ketishi ortidan Raqobat qo‘mitasi mazkur kompaniyalar (Yandex, Uklon, MyTaxi) faoliyati yuzasidan o‘rganish boshladi. Ushbu holat 11-oktabr kuni Rossiyadagi Yandex data-markaziga qilingan dronlar hujumi sababli O‘zbekistondagi xizmatda uzilishlar yuz bergani va natijada boshqa taksi ilovalariga talab 15 barobargacha ortib ketgani oqibatida yuzaga kelgan.

Qo‘mita agregatorlardan narxlarni shakllantiruvchi algoritmlarni qayta ko‘rib chiqishni, sun’iy qimmatlashishning oldini olishni hamda haydovchilar bilan bog‘liq to‘lov va tizimdagi muammolarni zudlik bilan bartaraf etishni talab qilgan. Shuningdek, o‘rganishlar davomida raqobat qonunchiligi talablari buzilgani yoki iste’molchilar huquqlari poymol etilgani aniqlansa, aybdorlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rilishi ta’kidlandi.

Toshkentda 2030-yilgacha 400 ta mahalla yangilanib, 130 mingta ish o‘rni yaratiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrini rivojlantirish loyihalari bilan tanishdi. Dasturga muvofiq, poytaxtda 2030 yilga qadar jami 400 ta mahallani kompleks yangilash va buning natijasida 130 mingta yangi ish o‘rni yaratish maqsad qilingan. Xususan, Yashnobod tumanidagi qator mahallalar «15 daqiqalik mahalla» tamoyili asosida obodonlashtirilsa, Uchtepa tumanidagi 37 gektar maydonda 1 milliard dollarlik xorijiy investitsiya hisobiga «Uchtepa Siti» zamonaviy ishbilarmonlik markazi barpo etiladi.

Shuningdek, shaharda o‘sib borayotgan aholi ehtiyojidan kelib chiqib, ta’lim infratuzilmasini kengaytirishga jiddiy e’tibor qaratiladi. Jumladan, 2030 yilgacha maktablardagi o‘rinlar tanqisligini yumshatish maqsadida budjet hisobidan jami 126 mingta yangi o‘quvchi o‘rni tashkil etiladi. Maktabgacha ta’lim tizimida esa qo‘shimcha 40 mingta yangi bog‘cha o‘rni yaratilib, bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini hozirgi 79,2 foizdan 92 foizgacha yetkazish rejalashtirilgan.

Теглар

Мавзуга оид