Logo

Sotiladigan «O‘zekspomarkaz» va «Turonbank», kontrakt pulini to‘lashning so‘nggi sanalari va oxirgi 5 yildagi eng katta iqtisodiy o‘sish — 8-sentabr dayjesti

Кеча 23:003 дақиқа

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Sotiladigan «O‘zekspomarkaz» va «Turonbank», kontrakt pulini to‘lashning so‘nggi sanalari va oxirgi 5 yildagi eng katta iqtisodiy o‘sish — 8-sentabr dayjesti

O‘zbekiston iqtisodiyotida so‘nggi besh yildagi eng yuqori natija qayd etildi

Yevroosiyo taraqqiyot bankining sentyab oyidagi makroiqtisodiy sharhiga ko‘ra, 2026 yilning birinchi yarmida O‘zbekiston iqtisodiyoti 8,5 foizga o‘sib, so‘nggi besh yildagi eng yuqori natijani qayd etdi. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha respublika Markaziy Osiyo davlatlari orasida faqat Qirg‘izistondan (11,1 foiz) ortda qolib, ikkinchi o‘rinni egalladi. Tahlilchilarning qayd etishicha, mamlakatda xizmat ko‘rsatish, sanoat va qurilish sohalari o‘sishning asosiy drayverlari bo‘lgan hamda yil yakuniga qadar yalpi ichki mahsulotning qariyb 8 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda.

Iqtisodiy o‘sish fonida O‘zbekistonda inflatsiya darajasi maqsadli ko‘rsatkich sari sekinlashishda davom etmoqda. Mintaqaning boshqa davlatlarida esa vaziyat turlicha shakllangan: jahon bozorida energiya manbalari va oziq-ovqat narxlarining oshishi Tojikiston va Qirg‘izistonda inflatsiyaning tezlashishiga olib kelgan bo‘lsa, Qozog‘istonda hukumat va Milliy bankning birgalikdagi chora-tadbirlari natijasida inflatsiya ko‘rsatkichini 2025 yil oxiridagi 12,3 foizdan avgust oyida 9,8 foizgacha pasaytirishga erishilgan.

«Turonbank» qatorida jami 100 trln so‘mlik davlat aktivlari yil oxirigacha savdoga chiqariladi

O‘zbekistonda 2026 yilda 100 trillion so‘mlik davlat aktivlari savdoga chiqarilib, yil yakuniga qadar kamida 14 trillion so‘mlik daromad olish rejalashtirilmoqda. Prezidentning 28-avgustdagi farmoniga asosan, yirik aktivlarni xarid qilish shartlari yengillashtirilib, avans to‘lovi 35 foizdan 15 foizgacha tushirildi va qolgan summani foizsiz bosqichma-bosqich to‘lash, shuningdek, to‘lovni qisqa muddatda amalga oshirganlarga chegirma va muddatli to‘lov imkoniyatlari berildi. Bundan tashqari, sotilmagan aktivlar narxini bosqichma-bosqich pasaytirish hamda yer uchastkalarini «tayyor paket» tamoyili asosida sotish mexanizmlari joriy etiladi.

Xususiylashtiriladigan yirik obyektlar ro‘yxatiga «Turonbank»ning 98,9 foiz, «O‘zekspomarkaz»ning 91,83 foiz va Xalqaro hamkorlik markazining 79,27 foiz ulushlari kiritilgan bo‘lib, ularning qatorida «Xalq sug‘urta», «Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi», «Andijon mexanika zavodi» kabi 100 foiz davlat ulushiga ega korxonalar ham bor. Shu bilan birga, yo‘l qurilishi korxonalari hamda Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlaridagi qator dehqon bozorlari va savdo majmualaridagi davlat ulushlarini sotish ko‘zda tutilmoqda.

Talabalar kontraktni qachongacha to‘lashi kerak?

O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida tahsil oluvchi talabalar shartnoma pulini yil davomida bosqichma-bosqich (25, 50, 75 va 100 foizga yetkazgan holda) to‘lash imkoniyatiga ega. Amaldagi tartibga ko‘ra, to‘lovning dastlabki 25 foizi birinchi kursga qabul qilinganlar uchun 15-sentabrgacha, yuqori kurs talabalari uchun esa 1-oktabrgacha amalga oshirilishi lozim bo‘lib, mazkur muddatlar OTM rektori yoki davlat komissiyasi tomonidan uzaytirilishi mumkin.

To‘lovni amalga oshirishdan avval talabalar o‘z shartnomalarini my.gov.uz va kontrakt.edu.uz elektron tizimlari orqali bepul, hech qanday ortiqcha hujjatlarsiz yuklab olishlari mumkin. Tizim orqali avtomatik shakllantirilgan elektron shartnomadagi mablag‘ miqdori va to‘lov rekvizitlari tekshirilgach, talabalar kontrakt pulini bank yoxud onlayn usulda to‘lashlari mumkin.

Xiva va Buxoro o‘rtasida yangi tezyurar elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilmoqda

9-sentabrdan boshlab Xiva va Buxoro shaharlari o‘rtasida yangi tezyurar elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ xabariga ko‘ra, 5 ta vagon va jami 415 ta ekonom-klass o‘rindig‘iga ega bo‘lgan CRRC-Daliyan rusumli ushbu poyezd orqali «Xiva — Buxoro» yo‘nalishi seshanbadan tashqari har kuni (09:55 dan 14:32 gacha), «Buxoro — Xiva» qatnovi esa dushanbadan tashqari barcha kunlarda (15:45 dan 20:25 gacha) amalga oshiriladi.

Shuningdek, mazkur yo‘nalishlar doirasida 14-sentabrdan boshlab har dushanba kuni «Buxoro — Toshkent», 15-sentabrdan esa har seshanba kuni «Toshkent — Buxoro» elektropoyezdlari qatnovi ham yo‘lga qo‘yiladi. Yangi tezyurar poyezdlarning ishga tushirilishi munosabati bilan Toshkent — Xiva, Andijon — Qo‘ng‘irot, Dushanbe — Toshkent va Urganch — Nukus kabi bir qator boshqa mahalliy va xalqaro yo‘lovchi poyezdlarining harakat jadvaliga ham tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Теглар

Мавзуга оид