«The Economist»dan 2027 yil prognozi: dunyoni kutayotgan 10 ta o‘zgarish
Britaniyaning «The Economist» jurnali kelgusi yilda global kun tartibini belgilab berishi mumkin bo‘lgan o‘nta asosiy tendensiyani e’lon qildi.
© Foto: EconomistNufuzli jurnal o‘zining an’anaviy «The World Ahead» yillik maxsus sonining 2027 yilga bag‘ishlangan nashrini taqdim etdi. Unda kelgusi yilda xalqaro siyosat, iqtisodiyot, moliya, texnologiyalar, iqlim va madaniyat sohalarida muhim ahamiyat kasb etishi mumkin bo‘lgan jarayonlar tahlil qilingan.
Nashr muharriri Tom Stendejning fikricha, 2027 yilda dunyo bir vaqtning o‘zida bir nechta yirik o‘zgarishlar bilan to‘qnash keladi. AQSHdagi siyosiy kuchlar nisbati, Yaqin Sharqdagi urushning uzoq muddatli oqibatlari shular jumlasidan. Shuningdek, sun’iy intellekt kompaniyalarining qarz yuki va global davlat moliyasidagi muammolar ham jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.
«The Economist» o‘z tahlilida o‘nta asosiy yo‘nalishni ajratib ko‘rsatgan. Ularning ayrimlari allaqachon boshlangan jarayonlarning mantiqiy davomi bo‘lsa, boshqalari kelgusi yil uchun ehtimoliy ssenariylar va tahririyat prognozlarini ifodalaydi.
1. AQSHda Trampdan keyingi siyosiy davr boshlanadi
Jurnal ekspertlariga ko‘ra, 2027 yilda AQSH siyosiy hayotidagi asosiy mavzu Donald Trampdan keyingi davr va uning siyosiy merosi uchun kurash bo‘ladi.
Bu jarayonga 2026 yil noyabr oyida o‘tkazilgan oraliq saylovlar ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Saylovlarda Demokratik partiya Kongressning har ikki palatasida — Vakillar palatasida ham, Senatda ham ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritdi. Natijada 2027 yildan boshlab Tramp ma’muriyati kongressdagi demokratik ko‘pchilik bilan hisoblashib ishlashga majbur bo‘ladi.
Maxsus son muharriri Tom Stendejning fikricha, bu holat Trampni siyosiy jihatdan passivlashtirib qo‘ymaydi. Aksincha, prezident o‘z siyosiy merosini mustahkamlash uchun yanada faol harakat qilishi mumkin. U yangi farmonlar chiqarishi, sud jarayonlariga aralashishi, yirik qurilish loyihalarini ilgari surishi va tashqi siyosatda keskin qarorlar qabul qilishi kutilmoqda.
Stendejning ta’kidlashicha, Trampni odatiy siyosiy ma’nodagi «cho‘loq o‘rdak» sifatida tasvirlab bo‘lmaydi. Ya’ni u vakolati tugashiga yaqinlashsa-da, siyosiy ta’siri pasaygan rahbarga aylanib qolmaydi. Ekspertning fikricha, Tramp o‘z ta’sirini oxirigacha saqlab qolish uchun kurashadi.
2. Eron urushi oqibatlari 2027 yilda ham seziladi
Prognozdagi ikkinchi yo‘nalish Yaqin Sharqdagi urushning xalqaro oqibatlariga bag‘ishlangan.
Nashr muharririning fikricha, AQSH va Eron o‘rtasidagi mojaro 2027 yilda ham to‘liq hal etilishi dargumon. Shu sababli uning ta’siri mintaqaviy siyosatda, energetika bozorida va oziq-ovqat xavfsizligida yaqqol namoyon bo‘ladi.
Eng katta xavflardan biri — energiya resurslari va o‘g‘itlar ta’minotidagi uzilishlardir. Chunki Fors ko‘rfazi nafaqat neft va gaz, balki jahon qishloq xo‘jaligi uchun zarur bo‘lgan mineral o‘g‘itlar eksportida ham juda muhim o‘rin tutadi.
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bosh direktori 2026 yil 24-sentabrda taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, Fors ko‘rfazi jahon karbamid eksportining 30–35 foizini ta’minlaydi. Shuningdek, global oltingugurt eksportining 50 foizi va ammiak ta’minotining 20–30 foizi ham shu mintaqa hissasiga to‘g‘ri keladi.
Jahon dengiz savdosidagi o‘g‘itlarning 20–30 foizi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali tashiladi. Biroq tashkilot ma’lumotida mojaro davrida ushbu bo‘g‘oz orqali tankerlar harakati 90 foizdan ko‘proqqa kamaygani qayd etilgan.
Tabiiyki, bu uzilishlar oziq-ovqat bozoriga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatgan. FAO ma’lumotiga ko‘ra, 2026 yilning avgustida jahon oziq-ovqat narxlari indeksi 1,9 foizga oshgan. Don mahsulotlari narxlari esa 2,2 foizga ko‘tarilgan.
Markaziy Osiyo uchun ham bu jarayonlarning ahamiyati katta. Mintaqa mamlakatlarining qishloq xo‘jaligi mineral o‘g‘itlarga, energiya resurslari va xalqaro logistikaga bevosita bog‘liq. O‘g‘itlarning qimmatlashishi ishlab chiqarish xarajatlarini oshiradi. Bu esa o‘z navbatida ayrim oziq-ovqat mahsulotlarining narxi ko‘tarilishiga olib kelishi mumkin.
Shu sababli «The Economist» 2027 yilda urushning eng jiddiy oqibatlaridan biri sifatida aynan global oziq-ovqat xavfsizligiga tahdidni ko‘rsatmoqda.
3. 2027 yil yana eng issiq yillardan biri bo‘lishi mumkin
Kelgusi yil uchun belgilangan uchinchi yirik tendensiya — bu iqlim o‘zgarishi va «Super El-Nino» hodisasidir.
El-Nino — Tinch okeanining markaziy va sharqiy tropik qismida suv yuzasi haroratining me’yordan yuqori bo‘lishi bilan bog‘liq tabiiy iqlim hodisasidir. U dengiz va atmosfera o‘rtasidagi jarayonlarni keskin o‘zgartirib yuboradi. Natijada dunyoning turli mintaqalarida harorat va yog‘ingarchilik taqsimotiga kuchli ta’sir ko‘rsatadi.
Kuchli El-Nino davrlarida ayrim hududlarda qurg‘oqchilik va issiq to‘lqinlari kuzatiladi. Boshqa joylarda esa, aksincha, kuchli yog‘ingarchilik va suv toshqinlari xavfi ortadi.
Jahon meteorologiya tashkiloti (WMO) 2026 yil 3-sentabrda El-Nino yanada kuchayib borayotganini e’lon qildi. Tashkilot bu jarayon 2027 yilning fevraligacha davom etish ehtimoli juda yuqori ekanini ma’lum qilgan.
AQSH Milliy okean va atmosfera tadqiqotlari boshqarmasi (NOAA) ning 12-noyabrdagi prognozida esa bu hodisaning 2027 yil yanvar–mart oylarigacha kuchli yoki juda kuchli darajada davom etish ehtimoli 79 foizdan yuqori deb baholangan. Tarixiy darajadagi (ya’ni avvalgi kuchli El-Nino hodisalaridan ham oshib ketadigan) jarayon yuzaga kelish ehtimoli taxminan 60 foizga yetgan.
WMO ma’lumotiga ko‘ra, 2026 yilning yanvar–sentabr oylarida global o‘rtacha harorat sanoatlashuvdan oldingi davrga nisbatan 1,47 darajaga yuqori bo‘lgan. Shu bois 2026 yil kuzatuvlar tarixidagi eng issiq to‘rt yildan biri bo‘lishi kutilmoqda.
«The Economist» tahririyatining taxmin qilishicha, El-Ninoning kuchayishi 2027 yilda ham global harorat rekordi yangilanishiga olib keladi.
4. Sun’iy intellekt kompaniyalari atrofida moliyaviy pufak xavfi kuchayadi
Sun’iy intellekt 2026 yilda dunyodagi eng katta investitsiya yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Yirik texnologiya kompaniyalari yangi data-markazlar, serverlar, grafik protsessorlar va zamonaviy modellarni ishlab chiqishga milliardlab dollar sarflamoqda.
Biroq «The Economist»ning 2027 yil uchun prognozida ushbu sohadagi eng jiddiy xavf sifatida moliyaviy pufak paydo bo‘lishi ko‘rsatilgan.
Gap shundaki, kompaniyalarning faqatgina aksiyalar qiymati oshib bormayapti. Balki ular sun’iy intellekt infratuzilmasini qurish uchun tobora ko‘proq va tinimsiz qarz jalb qilmoqda. Ayrim bitimlarda texnologiya kompaniyalarining o‘zaro investitsiya kiritishi, keyin esa bir-birining mahsulot va xizmatlarini xarid qilishi kabi juda murakkab moliyaviy munosabatlar shakllangan.
Bunday tizimda kompaniyalarning daromadi va kelajakdagi talab haqidagi prognozlar o‘zaro bog‘lanib, chigallashib qolishi mumkin. Agar SI xizmatlariga kutilgan talab shakllanmasa yoki infratuzilmaga sarflangan milliardlar o‘zini oqlamasa, qarzni qaytarish bilan bog‘liq katta muammolar paydo bo‘ladi.
Bundan tashqari, SIning shiddat bilan rivojlanishi kiberxavfsizlik sohasida yangidan-yangi muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Kuchliroq modellardan fishing, avtomatlashtirilgan kiberhujumlar va boshqa zararli maqsadlarda foydalanish xavfi ortib bormoqda.
Shu bilan birga, «The Economist» sun’iy intellektning mehnat bozori va atrof-muhitga ta’siri bo‘yicha jamoatchilikdagi ayrim xavotirlarni biroz bo‘rttirilgan deb hisoblaydi.
5. Fransiyadagi saylov Yevropa Ittifoqining siyosiy muvozanatini o‘zgartirishi mumkin
2027 yilda Fransiyada muhim siyosiy voqea — prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. «The Economist» ushbu saylov natijalarini butun Yevropa siyosiy tizimi uchun hal qiluvchi voqealardan biri sifatida baholamoqda.
Jurnal Fransiyada o‘ng populist kuchlarning hokimiyatga kelishi ehtimoliga, xususan, «Milliy birlashuv» partiyasi yetakchisi Marin Le Penning siyosiy kelajagiga alohida e’tibor qaratgan.
Ma’lumki, Le Pen 2027 yilgi prezidentlik saylovlarida ishtirok etish niyatini ochiq bildirgan. Biroq uning nomzodi bilan bog‘liq jiddiy huquqiy masalalar mavjud. 2026 yilning iyul oyida Parij apellyatsiya sudi uning Yevropa Ittifoqi mablag‘laridan noqonuniy foydalangani bo‘yicha ayblovini tasdiqlagan edi. Le Pen ushbu qaror ustidan Fransiyaning Oliy kassatsiya sudiga shikoyat qilgan.
«The Economist»ga ko‘ra, agar Fransiyada o‘ng populistlar hokimiyatga kelsa, bu Yevropa Ittifoqining asosiy siyosiy tayanchlaridan biri bo‘lgan Fransiya–Germaniya hamkorligiga darz ketkazishi mumkin.
Fransiya va Germaniya Yevropa Ittifoqining iqtisodiy va siyosiy qarorlarida eng muhim o‘rinni tutadi. Ikki mamlakat munosabatlarida jiddiy kelishmovchiliklar yuzaga kelishi Yevropa integratsiyasi, mudofaa siyosati, migratsiya va umumiy moliyaviy qarorlarga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi.
Bundan tashqari, jurnal Fransiyaning davlat qarzi va budjet taqchilligi muammosiga ham e’tibor qaratgan. Hukumatning katta miqdordagi qarzlari, yuqori foiz to‘lovlari va ulkan budjet xarajatlari kelgusi yilda siyosiy bahslarning eng qaynoq mavzusiga aylanishi kutilmoqda.
6. Yirik davlatlarning qarz muammosi obligatsiyalar bozoriga bosim o‘tkazadi
«The Economist» kelgusi yilda moliyaviy bozorlar uchun yana bir jiddiy xavf kutilayotganini ta’kidlamoqda. Bu — davlat qarzlarining oshishi va obligatsiyalar daromadliligining ko‘tarilishidir.
Xalqaro valuta jamg‘armasining 2026 yil oktabrida e’lon qilgan tahliliga ko‘ra, jahon miqyosidagi davlat qarzlari 2025 yilda global yalpi ichki mahsulotning 94 foiziga yetgan. Jamg‘arma prognozlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 2029 yilga borib 100 foizgacha ko‘tarilishi mumkin.
Nashrning ta’kidlashicha, sun’iy intellekt infratuzilmasiga yo‘naltirilayotgan behisob investitsiyalar, energiya narxlarining oshishi va davlatlarning katta budjet xarajatlari bir vaqtning o‘zida qarz bozorlariga kuchli bosim o‘tkazmoqda. Bu jarayonlarning birortasida jiddiy uzilish yuz bersa, uning salbiy oqibatlari boshqa bozorlarga ham tez tarqalishi mumkin.
7. Tayvan atrofidagi vaziyat yanada keskinlashishi mumkin
2027 yil Xitoy va Tayvan munosabatlari nuqtai nazaridan ham hal qiluvchi davr bo‘lishi mumkin. «The Economist» nashri Xitoy raisi Si Jinpingning armiyaga bergan topshirig‘iga e’tibor qaratgan. Unga ko‘ra, armiya 2027 yilgacha Tayvanni egallash uchun zarur barcha harbiy imkoniyatlarga ega bo‘lishi kerak.
AQSH Milliy razvedka direktori idorasining 2026 yil mart oyidagi yillik tahdidlar bahosida aytilishicha, Xitoy rahbariyati hozircha 2027 yilda Tayvanga bosqin uyushtirishni rejalashtirmayapti va orolni birlashtirish uchun aniq qat’iy muddat belgilamagan.
Hujjatda Xitoy Xalq ozodlik armiyasi Tayvanga qarshi harbiy harakatlar uchun zarur imkoniyatlarni jadal rivojlantirayotgani tan olingan. Biroq shu bilan birga, Pekin muammoni kuch ishlatmasdan, tinch yo‘l bilan hal qilishni afzal ko‘rishi ham ta’kidlangan.
Tayvan masalasi faqatgina ikki davlat o‘rtasidagi harbiy qarama-qarshilik bilan cheklanib qolmaydi. Orol jahon yarimo‘tkazgichlar sanoatida eng muhim o‘rinni tutadi. Shu sababli Xitoy va Tayvan o‘rtasidagi ehtimoliy yirik harbiy mojaro global texnologik ta’minot zanjirlariga, moliyaviy bozorlarga va butun xalqaro savdoga halokatli ta’sir qilishi mumkin.
«The Economist»ning asosiy savoli shundaki, Ukraina va Erondagi voqealar zamonaviy urush tabiati tubdan o‘zgarayotganini ko‘rsatmoqda. Dronlar va nisbatan arzon qurol tizimlari yirik harbiy texnikalarga ega qudratli davlatlarga qarshi kurashda kichikroq kuchlarga ham imkoniyat bermoqda.
Bu holat esa Xitoy va Tayvan o‘rtasidagi ehtimoliy to‘qnashuvning qanday kechishi haqidagi barcha dastlabki baholarni ham o‘zgartirib yuborishi mumkin.
8. Ozempik iste’molchilarning xarid qilish odatlarini o‘zgartirmoqda
«The Economist» 2027 yil uchun ajratgan tendensiyalar orasida farmatsevtika sohasidagi kutilayotgan o‘zgarishlar ham bor. Xususan, vazn kamaytirish uchun qo‘llaniladigan GLP-1 guruhi preparatlarining ommalashuvi odamlarning pul sarflash odatlariga ta’sir ko‘rsatmoqda.
Bu guruhga semaglutid va tirzepatid kabi moddalar asosida tayyorlangan preparatlar kiradi. Mashhur «Ozempik», «Vegovi» va «Mounjaro» shular jumlasidandir.
Bu kabi preparatlar ishtahani va ovqat iste’moliga bo‘lgan ehtiyojni kamaytiradi. Shu orqali ular vaznni boshqarishda faol qo‘llaniladi. Ularning tobora kengroq tarqalishi oziq-ovqat, kiyim-kechak, kosmetika va hatto fitnes bozorlariga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatishi mumkin.
«Boston Consulting Group» (BCG) 2026 yilda to‘qqizta bozorda 1,5 mingdan ortiq GLP-1 preparatlaridan foydalanuvchilar o‘rtasida maxsus so‘rov o‘tkazgan. Uning natijalariga ko‘ra, ishtirokchilarning katta qismi o‘z xarajatlarini sog‘lom oziq-ovqat, oziqaviy qo‘shimchalar, kiyim-kechak, fitnes va shaxsiy parvarish xizmatlariga qayta yo‘naltirayotganini bildirgan. So‘rovda qatnashganlarning 70 foizi esa bunday o‘zgarishlar ularning oila a’zolarining xarid odatlariga ham ta’sir qilganini aytgan.
«The Economist» bu yangi jarayonni «shoping-revansh» deb atamoqda. Ya’ni, insonlar vazni kamayganidan keyin yangi kiyim-kechak, kosmetika va fitnesga ko‘proq pul sarflash tendensiyasi paydo bo‘lmoqda.
Shuningdek, bu preparatlarning qarish jarayoniga ehtimoliy ta’siri ham farmatsevtika kompaniyalarining qiziqishini keskin oshirmoqda. 2026 yilda semaglutidning biologik qarish ko‘rsatkichlariga ta’siri bo‘yicha bir qator ilmiy tadqiqotlar e’lon qilindi. Biroq bu preparatlar inson umrini uzaytiradi yoki qarishni to‘xtatadi, degan qat’iy xulosa uchun hozircha yetarli klinik dalillar mavjud emas.
9. Kosmosga chiqish arzonlashadi: xususiy stansiyalar davri boshlanishi mumkin
Kosmik sanoat ham «The Economist»ning 2027 yil uchun prognozidan alohida o‘rin olgan.
Jurnal ekspertlarining fikricha, «SpaceX» kompaniyasining «Starship» raketasi muntazam ravishda sun’iy yo‘ldoshlarni uchirish bosqichiga o‘tishi mumkin. Bu esa orbitaga yuk va uskunalar olib chiqish xarajatlarini keskin kamaytiradi. Natijada xususiy kosmik stansiyalar hamda orbitada ma’lumotlar markazlarini tashkil etishga bo‘lgan global qiziqish ortadi.
Bugungi kunda xususiy kosmik stansiyalar bo‘yicha real amaliy loyihalar mavjud. Masalan, AQSHning «Vast» kompaniyasi o‘zining «Haven-1» deb nomlangan stansiyasini 2027 yilda uchirishni maqsad qilgan. Kompaniya rejasiga ko‘ra, bu stansiya to‘rt nafargacha ekipaj a’zosini qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, NASA ham Xalqaro kosmik stansiya faoliyati yakunlanganidan keyin, past orbitada asosan tijoriy stansiyalarga tayanishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Agentlik 2026 yil oktabrida xususiy kompaniyalardan yangi kosmik stansiyalar bo‘yicha takliflar qabul qilish jarayonini boshlab yuborgan. Bu bo‘yicha shartnomalar qarori 2027 yil bahorida e’lon qilinishi kutilmoqda.
10. Gollivud yangi auditoriyani izlaydi
«The Economist» tahlilidagi so‘nggi tendensiya kino va ko‘ngilochar sanoatidagi kutilayotgan o‘zgarishlarga bag‘ishlangan.
Jurnalning ta’kidlashicha, 2027 yilda Gollivud uchun eng asosiy masalalardan biri — an’anaviy kino franshizalarini yangi avlod auditoriyasiga moslashtirish bo‘ladi.
Bu jarayonda «Yutub» orqali tanilgan ijodkorlar va mustaqil prodyuserlar tomonidan kamroq budjet bilan ishlab chiqarilayotgan filmlar ham markaziy e’tiborda turadi. Striming platformalari va ijtimoiy tarmoqlar kino mahsulotlarini tarqatish imkoniyatlarini beqiyos darajada kengaytirib yubordi. Shu sababli yirik studiyalar yangi tomoshabinlarni jalb qilish uchun turli xil formatlarni sinab ko‘rishga majbur bo‘lmoqda.
2027 yilda mashhur «Star Wars» franshizasining 50 yilligi nishonlanadi. «Lucasfilm» va «Disney» bu muhim sana munosabati bilan qator yirik tadbirlarni rejalashtirgan. Jumladan, 1977 yilda ilk bor ekranlarga chiqqan afsonaviy film 2027 yil 19-fevraldan boshlab kinoteatrlarga qayta chiqariladi. Shuningdek, «Star Wars: Starfighter» nomli butunlay yangi film 28-may kuni namoyish etilishi e’lon qilingan.
2026 yil 16-noyabr kuni «Amazon MGM Studios» aktyor Robert Pattinson yangi «Jeyms Bond» filmida bosh qahramon rolini ijro etishini rasman ma’lum qildi. Bu filmni rejissyor Deni Vilnyov suratga oladi, ssenariyni esa Stiven Nayt yozadi.





