Logo

Turkiya banklariga taklif etilgan xususiylashtirish, banklardagi elektron naqd pul maydoni va fonogrammani yashirgan 27 ta konsert — 19-noyabr dayjesti

Кеча 23:305 дақиқа

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Turkiya banklariga taklif etilgan xususiylashtirish, banklardagi elektron naqd pul maydoni va fonogrammani yashirgan 27 ta konsert — 19-noyabr dayjesti

Muddatidan oldin pensiyaga chiqish uchun taqdimnomani endi onlayn rasmiylashtirish mumkin

Tashkilot yoki yakka tartibdagi tadbirkor faoliyati tugatilgani, shuningdek, xodimlar soni yoki shtati qisqargani sababli ishdan bo‘shatilgan fuqarolar uchun muddatidan oldin pensiyaga chiqish taqdimnomasini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali onlayn rasmiylashtirish xizmati yo‘lga qo‘yildi. Mutlaqo bepul bo‘lgan mazkur imkoniyatdan 58 yoshdan 60 yoshgacha va kamida 25 yillik mehnat stajiga ega erkaklar hamda 53 yoshdan 55 yoshgacha va kamida 20 yillik mehnat stajiga ega ayollar foydalanishi mumkin. Ariza yuborish uchun mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyruq nusxasi, mehnat staji ma’lumotlari to‘liq raqamlashtirilmagan hollarda esa mehnat daftarchasi nusxasi ham talab etiladi.

Portal orqali yuborilgan ariza 2 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi, shundan so‘ng ish qidiruvchi sifatida ro‘yxatga olingan fuqaro maqbul ish taklifini olish uchun 10 kun ichida bandlik bo‘limiga borishi lozim. Agar mehnat shartnomasi bekor qilingan kundan boshlab 3 oy ichida fuqaroga maqbul ish topib berilmasa, u belgilangan tartibda ishsiz deb e’tirof etiladi. Shundan keyin taqdimnoma rasmiylashtirilib, pensiya tayinlash uchun Pensiya jamg‘armasiga elektron shaklda yuboriladi.

Turkiya banklari O‘zbekistondagi banklarni xususiylashtirishda ishtirok etishi mumkin

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston – Turkiya biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yuqori darajadagi kengashning birinchi yig‘ilishida Turkiya moliya institutlarini O‘zbekiston bank sektoridagi islohotlar va xususiylashtirish jarayonlarida faol qatnashishga taklif qildi. Yig‘ilishda mamlakatda 33 yildan buyon faoliyat yuritayotgan «Ziraat Bank»ning ishi ijobiy baholanib, raqamli texnologiyalar va moliyaviy xizmatlar ikki tomonlama sheriklikning muhim yo‘nalishlari sifatida belgilandi. Shuningdek, O‘zbekistonda AT xizmatlari eksportini 5 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingani ta’kidlanib, «IT Park» rezidentlari uchun berilgan soliq va bojxona imtiyozlari asosida turk kompaniyalari bilan autsorsing, dasturiy ta’minot hamda sun’iy intellekt sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish zarurligi qayd etildi.

Davlat rahbari investitsiya muhitini yaxshilash va byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha islohotlar izchil davom ettirilishini bildirdi. Xususan, maxsus iqtisodiy zonalarda investitsiya hajmiga qarab 3 yildan 10 yilgacha soliq va bojxona imtiyozlari, yirik investorlarga esa tayyor ishlab chiqarish binolari va infratuzilma taqdim etilayotgani urg‘ulandi. Toshkent viloyatidagi 100 gektarlik «Ostim» sanoat zonasi ijobiy tajriba sifatida keltirilib, uni boshqa hududlarda ham kengaytirishga tayyorlik bildirildi.

O‘zbekistonda banknot va tangalarga qo‘yiladigan talablar hamda naqd pul muomalasi kafolatlari belgilandi

Adliya vazirligi tomonidan 2026 yil 17-noyabrda ro‘yxatdan o‘tkazilgan yangi yo‘riqnomaga ko‘ra, O‘zbekistonda muomalaga chiqariladigan barcha banknot va tangalardagi yozuvlar davlat tilida, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida bo‘lishi shart hamda yangi pul belgilari muomalaga kiritilishidan kamida bir hafta oldin aholiga xabar beriladi. Hujjatda pul belgilarining nominal qiymati, Markaziy bank nomi, tasdiqlangan yili, davlat ramzlari (gerb yoki bayroq), zamonaviy himoya elementlari hamda banknotlarda seriya, raqam va qalbakilashtirganlik uchun javobgarlik to‘g‘risidagi yozuvlarning majburiyligi belgilandi. Shuningdek, pullar inson salomatligi uchun xavfsiz xomashyolardan tayyorlanib, ularning dizaynida milliy tarix, madaniyat va mamlakat yutuqlari aks ettiriladi.

Yo‘riqnoma bilan aholi va tadbirkorlarning o‘z hisobvaraqlaridagi mablag‘lar doirasida birinchi talab bo‘yicha uzluksiz naqd pul olish huquqi kafolatlandi, banklarga esa muomaladagi naqd pullarni nominal qiymati bo‘yicha moneliksiz qabul qilish majburiyati yuklatildi. Bundan tashqari, banklar bankomatlardagi naqd pul aylanmasi va mijozlar ehtiyojini muntazam tahlil qilib, yetishmovchilik kutilganda qo‘shimcha mablag‘ jalb etish choralarini ko‘rishi lozim. Shu bilan birga, Markaziy bank va tijorat banklari talabga ko‘ra bir nominaldagi pul belgilarini boshqa nominaldagisiga hech qanday to‘lov yoki vositachilik haqisiz bepul ayirboshlab berishi belgilab qo‘yildi.

27 ta konsert reklamasida ijro shakli ko‘rsatilmagani uchun reklama beruvchilar ogohlantirildi

Raqobat qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlar va tashqi reklama obyektlarida joylashtirilgan 27 ta konsert reklamasida fonogramma yoki jonli ijro haqida ma’lumot berilmaganini aniqladi. Xususan, Lolita, Ani Lorak, Mayot, Nikolay Fomenko, Izzat Shukurov, «Ummon» guruhi, Rayhon G‘aniyeva va G‘aybulla Tursunov konsertlarining Instagram’dagi e’lonlarida, shuningdek, Toxi$, «Mashina vremeni» va Otar Kushanashvili ishtirokidagi dasturlarning tashqi reklamalarida ijro shakli ko‘rsatilmagan. Shu munosabat bilan qo‘mita tegishli reklama beruvchilarga e’lonlarni qonunchilik talablariga muvofiqlashtirish yuzasidan ogohlantirishlar yubordi.

Qo‘mita amaldagi qonunchilik, jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 8-apreldagi 207-son qaroriga muvofiq, konsert reklamalarida «Jonli ijro», «Fonogrammadan foydalangan holda jonli ovoz» yoki «Fonogrammali konsert dasturi» deb aniq ko‘rsatilishi majburiy ekanini eslatib o‘tdi. «Reklama to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, tashqi reklamada bunday axborot umumiy maydonning kamida 10 foizini egallashi, tashkilotchilar esa tomosha boshlanishidan oldin bu haqda audioxabar berilishini ta’minlashi shart. Monitoring davomida mazkur talablar buzilishi aniqlangan hollarda qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli ta’sir choralari qo‘llanilishi ma’lum qilindi.

O‘zbekistondagi banklar o‘rtasida naqd pul taqsimoti elektron tizimga o‘tkaziladi

Adliya vazirligi tomonidan 2026 yil 17-noyabrda 3977-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan yo‘riqnomaga ko‘ra, O‘zbekistonda banklar o‘rtasida naqd pul taqsimoti «Naqd pullarning elektron maydoni» dasturiy majmuasi orqali elektron shaklga o‘tkaziladi. Yangi tartibga muvofiq, ortiqcha naqd pulga ega banklar mablag‘larini boshqa banklarga taklif qilishi, pulga ehtiyoji bor banklar esa elektron talabnoma yuborishi mumkin bo‘ladi. Mablag‘lar banklar o‘rtasida inkassatsiya xizmati orqali yetkazib beriladi.

Mazkur hujjat banklarni naqd pul bilan ta’minlash, aholi va tadbirkorlik subyektlariga naqd pul berish hamda banknot va tangalarni muomalaga chiqarish tartibini ham belgilaydi. Shuningdek, endilikda banklar har oyda naqd pul kirimi va chiqimi bo‘yicha prognoz tayyorlab, uni tegishli oy boshlanishidan kamida 3 bank ish kuni oldin elektron shaklda taqdim etishi shart. Bu tizimda naqd pulga bo‘lgan ehtiyojni oldindan aniqlash va mablag‘larni taqsimlash jarayonini rejalashtirishga xizmat qiladi.

Теглар

Мавзуга оид