Logo

Xitoy kompaniyalari O‘zbekiston loyihalari uchun hisob-kitobdan ikki baravar qimmat narx talab qildi

Бугун 22:303 дақиқа

Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev Xitoy mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan irrigatsiya loyihalari nima sababdan kechikayotganini tushuntirdi.

Xitoy kompaniyalari O‘zbekiston loyihalari uchun hisob-kitobdan ikki baravar qimmat narx talab qildi © Фото: Қонунчилик палатаси

O‘zbekistonda Xitoy mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan irrigatsiya infratuzilmasini rekonstruksiya qilish loyihalari pudratchilarning hisob-kitobdagidan ikki baravardan ortiq qimmat narx taklif qilgani sababli kechikmoqda. Bu haqda 11-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan «Hukumat soati»da Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev ma’lum qildi, deya yozmoqda «Gazeta.uz».

Qayd etilishicha, parlament yig‘ilishida Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Imomnazar Tursunov Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro va Namangan viloyatlarida 130 million dollarlik loyihalar bo‘yicha investitsiyalarni o‘zlashtirish umuman boshlanmaganini ko‘tarib chiqqan.

Vazir ushbu holatga izoh berar ekan, loyihalarni jadallashtirish uchun dastavval Xitoyning «CITIC» va «CAMC» kompaniyalarini jalb qilish rejalashtirilganini bildirgan.

Ta’kidlanishicha, pudratchilar qurilish ishlarini dastlab o‘z mablag‘lari hisobidan boshlashi, keyinchalik esa xarajatlar Xitoyning imtiyozli kreditlari hisobidan qoplanishi ko‘zda tutilgan.

«Bu kompaniyalar bilan muzokaralar qilganimizda nafaqat 10 foiz, 20 foiz, ikki baravardan ham ko‘proq qimmat mablag‘lar evaziga qilishni taklif qilishdi. Biz mana shu ishlar bo‘yicha bir yildan ortiq ular bilan muzokaralar, muloqotlar qilib, natijaga erisha olmadik», — degan Shavkat Xamrayev.

Tenderdan keyin ham narxlar 20 foizga yuqoriligicha qolgan

Bir yildan ortiq davom etgan muzokaralar besamar ketgach, O‘zbekiston hukumati loyihalarni belgilangan tartibda moliyalashtirish uchun Xitoy Eksport-import bankiga (Eximbank) murojaat qilgan.

Vazirning tushuntirishicha, bank tomonidan loyihalarni ko‘rib chiqish, ekspertizadan o‘tkazish va pudratchilarni tanlash tartib-taomillari uchun yana taxminan bir yarim yil vaqt sarflangan.

Uchta kompaniya ishtirokida o‘tkazilgan tenderda g‘olib bo‘lgan «CITIC» kompaniyasi baribir dastlabki hisob-kitoblardan 20 foiz qimmatroq narxni belgilagan.

Narxni pasaytirish yuzasidan olib borilgan muzokaralarda tomonlar kelishuvga erisha olmagach, vazirlik boshqa yirik Xitoy kompaniyasi — «Sinohydro» bilan muzokaralarni boshlagan. Vazir 11-noyabr tongida ham ushbu kompaniya bilan navbatdagi muzokaralar o‘tkazilganini tasdiqladi.

«Biz endi bu ishni tezroq qilarkanmiz, deb qimmat narxda qilsak — ertaga baribir budjet qaytarishi kerak. Shuning uchun shu to‘xtab turibdi», — deya ta’kidlagan Suv xo‘jaligi vaziri.

Uning qo‘shimcha qilishicha, loyiha hujjatlari ishlab chiqilib, ekspertizadan o‘tkazilgan. Kanallarni betonlash ishlarini sifatli va belgilangan mablag‘lar doirasida 2027–2028 yillarda amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Loyihaning dastlabki rejasi qanday edi?

Mazkur loyihalar prezidentning 2024 yil 29-noyabrdagi PQ-409-sonli qarori asosida boshlangan edi. Hujjatda Xitoy Eksport-import bankining imtiyozli kreditlari hisobidan umumiy qiymati 220 million dollarlik ikkita loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Jumladan, Buxoro, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida irrigatsiya infratuzilmasini rekonstruksiya qilishga 160 million dollar yo‘naltirilishi va bunga Xitoyning «CITIC Construction Co. Ltd» kompaniyasi bosh pudratchi etib belgilanishi qaror qilingandi.

Qashqadaryo viloyatidagi 60 million dollarlik loyiha uchun esa «CITIC Construction Co. Ltd» va «China CAMC Engineering Co., Ltd» kompaniyalari tanlangan. 2025 yildan boshlab kredit bitimlarini amaldagi ish hajmidan kelib chiqqan holda imzolash belgilangan edi.

Теглар

Мавзуга оид

Xitoy kompaniyalari O‘zbekiston loyihalari uchun hisob-kitobdan ikki baravar qimmat narx talab qildi | Vaqt.uz