add

BMT Qirg‘izistonni o‘lim jazosini qayta joriy etmaslikka chaqirdi

21.10.2025 | 12:433112

BMT inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk Qirg‘iziston hukumatini o‘lim jazosini tiklash rejasidan voz kechishga chaqirdi. Uning fikricha, bu chora jinoyatchilikni kamaytirmaydi va inson huquqlariga ziddir.

BMT Qirg‘izistonni o‘lim jazosini qayta joriy etmaslikka chaqirdi

BMT inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk Qirg‘izistonda o‘lim jazosini qayta joriy etish tashabbusini «orqaga qadam» va xalqaro huquq me’yorlarining buzilishi deb baholadi. Bu haqda BMT Oliy komissari boshqarmasi rasmiy saytida xabar berildi.

Ma’lumot uchun, Qirg‘iziston 1998 yilda o‘lim jazosini qo‘llashni to‘xtatgan, 2010 yilda esa Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning ikkinchi fakultativ protokolini ratifikatsiya qilib, jazoni qonunan bekor qilgan edi. Ushbu xalqaro hujjat davlatlarga o‘lim jazosini butunlay bekor qilish majburiyatini yuklaydi.

Biroq sentyabr oyi oxirida 17 yoshli qizning zo‘rlanishi va o‘ldirilishi bilan bog‘liq fojiadan so‘ng Prezident Sadir Japarov bolalar va ayollarga nisbatan zo‘ravonlik uchun o‘lim jazosini qayta joriy etishni taklif qilgan edi. Hukumat bu masala bo‘yicha Konstitutsiyaga o‘zgartish kiritish va xalqaro protokoldan chiqishni referendum orqali muhokama qilishni rejalashtirgan.

Folker Tyurk ta’kidlashicha, «hech bir sud tizimi mukammal emas», shu sababli o‘lim jazosini qayta joriy etish begunoh insonlar ham davlat qo‘lida halok bo‘lishi xavfini keltirib chiqaradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro pakt va fakultativ protokolni imzolagan davlatlar uchun o‘lim jazosini qayta tiklash qonunan taqiqlangan.

«Qirg‘iziston ko‘p yillar davomida o‘lim jazosini bekor qilgan mamlakatlar qatorida bo‘lib, insonparvar dunyo hamjamiyatining muhim a’zosi sifatida e’tirof etilib kelgan. Hozirgi tashabbuslar mamlakatning xalqaro majburiyatlariga ziddir», — dedi Tyurk.

BMT ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda 170 dan ortiq davlat o‘lim jazosini bekor qilgan yoki uni amalga oshirishni to‘xtatgan. Tyurkning ta’kidlashicha, og‘ir jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrar bo‘lishi lozim, ammo jazo zo‘ravonlikka emas, adolat va jabrlanuvchilar manfaatiga xizmat qilishi kerak.

Teglar

Mavzuga oid

undefined | Vaqt.uz