add

Ko‘ngilli tashkilotlar korrupsiyaga qarshi kurashga jalb etiladi

22.09.2025 | 18:0026123

Prezident qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashda nodavlat notijorat tashkilotlar ishtirokini kuchaytirish va ularning loyihalariga davlat grantlari ajratish belgilandi.

Ko‘ngilli tashkilotlar korrupsiyaga qarshi kurashga jalb etiladi
«Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini yanada kengaytirish va ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qaroriga (PQ–288-son) ko‘ra, BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi bajarilishini monitoring qilishda nodavlat notijorat tashkilotlar ishtirok etadi va ular tomonidan mustaqil baholash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, 2025 yildan boshlab nodavlat tashkilotlarning korrupsiyaga qarshi yo‘nalishdagi loyihalari uchun har yili 10 mlrd so‘m grant ajratiladi. Mablag‘lar Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi iqtisod qilingan mablag‘lari va korrupsiyaga qarshi agentlik tomonidan «qoniqarsiz» deb topilgan davlat organlarining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. Agentlikning ijtimoiy buyurtmasi asosida aholi orasida so‘rovlar o‘tkazilib, maishiy korrupsiya holatlarini keltirib chiqarayotgan omillar o‘rganiladi. Har yili 1 aprelgacha NNTlar loyihalari va ularni moliyalashtirish bo‘yicha takliflar Milliy kengashga kiritiladi. Shuningdek, «Yuksalish» harakati, «Ijtimoiy fikr» markazi va NNTlar milliy assosiatsiyasi hamkorligida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mintaqaviy tadqiqot markazi tashkil etiladi. Markazning asosiy vazifalaridan biri aholining, ayniqsa yoshlarning korrupsiyaga qarshi kurashda faolligini oshirish va jamiyatda bu illatga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishdir. Ma’lumot uchun, 2024 yilda respublika bo‘yicha 4 649 ta ish sudda ko‘rilgan bo‘lib, 7 354 kishi korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlikka tortilgan. Sudlanganlar soni bo‘yicha Andijon viloyati birinchi o‘rinda qayd etildi.

Teglar

Mavzuga oid