«Davr Bank» nomini o‘zgartirdi
Bankning yangi nomi davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu o‘zgarish Ozarboyjonning ABB banki «Davr Bank» aksiyalarining 51 foizini sotib olganidan keyin boshlangan korporativ yangilanishlarning navbatdagi bosqichi bo‘ldi.

O‘zbekistondagi «Davr Bank» xususiy aksiyadorlik tijorat bankining yuridik nomi «ABB Davr Bank» aksiyadorlik jamiyati etib o‘zgartirildi va yangi nom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu o‘zgarish Ozarboyjonning «ABB» banki tomonidan mazkur bank aksiyalarining 51 foizi sotib olinganidan so‘ng amalga oshirilgan qadamlarning navbatdagi bosqichi hisoblanadi.
Bank nomini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qaror joriy yilning 9-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan aksiyadorlarning navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishida qabul qilingan. Yig‘ilishda bank ustavining yangi tahriri ham tasdiqlangan bo‘lib, qarorga ko‘ra, yangi nom ustav davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanadan boshlab qonuniy kuchga kiradi.
Shuningdek, moliya muassasasi o‘zining kundalik faoliyatida «ABB Davr» tijorat belgisidan foydalanadi. Ushbu belgini tovar belgisi sifatida rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazish vazifasi bank boshqaruvi zimmasiga yuklatilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yilning sentabr oyida Ozaroyjonning yirik banklaridan biri hisoblangan «ABB» «Davr Bank»ning 51 foiz aksiyasini 140 million dollarga sotib olgan edi. 10-sentabr kuni yakuniga yetgan mazkur bitim natijasida Ozarboyjon banki O‘zbekiston bank bozorida nazorat ulushini qo‘lga kiritdi.
Oldi-sotdiga qadar bank asoschisi Lutfulla Ubayev 46,9 foiz ulush bilan asosiy aksiyadorlardan biri bo‘lgan bo‘lsa, bitimdan keyin uning ulushi 25,5 foizgacha kamaydi.
Nazorat paketi sotib olingach, bankning korporativ boshqaruv tizimida ham o‘zgarishlar yuz berdi. Xususan, 9-oktabrdagi aksiyadorlar yig‘ilishida kuzatuv kengashining avvalgi besh nafar a’zosi, jumladan, bank asoschisi Lutfulla Ubayevning vakolatlari muddatidan oldin tugatildi.
Yangi tasdiqlangan kuzatuv kengashi tarkibidan «ABB» boshqaruvi raisi o‘rinbosarlari Talex Taxirli va Agshin Amirov, shuningdek, mustaqil a’zolar Shafag Hasanova, Said Abdunabiyev va Farhod Ro‘ziyev o‘rin oldi. Sobiq asosiy aksiyador Lutfulla Ubayev esa kengash yig‘ilishlarida faqat ovoz berish huquqisiz kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi belgilab qo‘yildi.
Ma’lumot uchun, «Davr Bank» 2001 yildan buyon O‘zbekiston moliya bozorida faoliyat ko‘rsatib keladi.





