Global inqiroz kimning cho‘ntagiga ishlamoqda? Urush davrida boyiyotgan to‘rt soha
Global iqtisodiy prognozlar pasayib borayotgan bir paytda, ba’zi kompaniyalar moliyaviy hisobotlarida misli ko‘rilmagan raqamlarni e’lon qilmoqda. Dunyoning bir nuqtasidagi urush boshqa nuqtasidagi biznes uchun ajoyib imkoniyatga aylandi.
© [Richard Drew/AP]Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi hamda Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishi dunyo iqtisodiyotiga ko‘rsatayotgan ta’sirini inobatga olib, 2026 yil uchun global o‘sish prognozini 3,3 foizdan 3,1 foizgacha pasaytirdi.
Urush Fors ko‘rfazidagi energetika infratuzilmasiga jiddiy ziyon yetkazdi. Eron tomonidan bo‘g‘ozning yopilishi va buning ortidan AQSH harbiy-dengiz kuchlarining Eron portlarini qamal qilishi oqibatida neft, gaz, kimyoviy moddalar va o‘g‘it kabi muhim mahsulotlar eksporti to‘xtab qoldi.
XVJning ta’kidlashicha, urush cho‘zilib ketadigan eng yomon ssenariyda 2026 yilda global o‘sish ko‘rsatkichi 2,5 foizgacha tushib ketishi mumkin. Bunda xom ashyo va energiya narxlarining oshishi daromadi past va rivojlanayotgan davlatlarga eng qattiq zarba beradi. Global yuk tashish va logistika tarmog‘i esa alohida inqirozni boshdan kechirmoqda.
Ammo har qanday iqtisodiy inqirozning o‘z manfaatdorlari ham bo‘ladi: makroiqtisodiy istiqbollarning yomonlashuviga qaramay, dunyo iqtisodiyotining ayrim tarmoqlari noaniqlik sharoitida ham gullab-yashnamoqda.
Quyida iqtisodiy vaziyatning og‘irlashuviga qaramay — yoki aynan shuning sharofati bilan — daromadi oshayotgan beshta soha ko‘rib chiqiladi.
Uoll-strit investitsiya banklari
AQSH prezidenti Donald Trampning o‘tgan yili boshlangan ikkinchi prezidentlik muddatidan beri global investorlar tinimsiz tebranishlarni boshdan kechirmoqda. Prezidentning bugun ultimatum qo‘yib, ertasigayoq fikridan qaytadigan beqaror qarorlari treyderlarni «TACO savdosi» degan atamani o‘ylab topishga undadi. TACO — inglizcha «Trump Always Chickens Out» (Tramp doim ortga chekinadi) jumlasining qisqartmasidir.
So‘nggi paytlardagi tebranishlar ba’zi investorlarni xavotirga solayotgan bo‘lsa-da, bu holat investitsiya banklari uchun ayni muddao bo‘ldi. «Morningstar Research Services» kompaniyasining aksiyalarni o‘rganish bo‘yicha direktori Shon Danlapning so‘zlariga ko‘ra, savdo hajmining keskin oshishi ortidan banklar vositachilik haqi va boshqa tushumlardan millionlab daromad ko‘rmoqda.
«Mijozlar o‘z pozitsiyalarini qayta ko‘rib chiqishni xohlaydi, shuning uchun ular tez-tez savdo qiladi. Spredlar, ya’ni sotib olish va sotish narxlari o‘rtasidagi farq odatda oshib boradi va bu banklar kabi savdo vositachilarining daromadini ko‘paytiradi», — dedi u «Al Jazeera» nashriga bergan izohida.
Shu hafta e’lon qilingan 2026 yilning birinchi choragi natijalariga ko‘ra, «Morgan Stanley» 5,57 milliard dollar foyda ko‘rgan (bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 29 foizga ko‘p). «Goldman Sachs» esa 5,63 milliard dollar foyda ko‘rib, 19 foizlik o‘sishni qayd etgan. «JP Morgan Chase» ham birinchi chorakda 16,49 milliard dollar daromad olib, o‘tgan yilga nisbatan 13 foizlik o‘sishga erishdi.
Banklarning barchasi bunday yuqori foydani savdo va bitimlar tuzish hajmining yuqoriligi hamda «mijozlarning faol ishtiroki» bilan izohlamoqda. Biroq, agar beqarorlik juda uzoq davom etsa, banklarning bu oltin davri poyoniga yetishi mumkin. Shon Danlapning ogohlantirishicha, bunday vaziyatda investorlar tobora ehtiyotkor bo‘lib qoladi va savdo qilish uchun qarz olishga kamroq moyillik bildiradi.
Aerokosmik va mudofaa sanoati
Ukraina, Eron, Sudan, G‘azo va Livandagi yirik mojarolar hamda global mudofaa xarajatlarining keskin oshishi ortidan bu yil aerokosmik va mudofaa sanoati jadal rivojlanayotgani tabiiy holdir.
XVJning aprel oyidagi hisobotiga ko‘ra, dunyo mamlakatlarining salkam yarmi so‘nggi besh yil ichida o‘z harbiy budjetlarini oshirgan. Bu esa ular dronlardan tortib raketalargacha bo‘lgan barcha turdagi qurol-yarog‘larni har qachongidan ham ko‘proq sotib olayotganini anglatadi. Ayniqsa, Yevropada talab juda tez o‘smoqda. U yerda NATO davlatlari 2035 yilga borib mudofaa xarajatlarini yalpi ichki mahsulot (YAIM)ning 5 foizigacha yetkazish majburiyatini olgan.
O‘z navbatida, mudofaa sanoati fond birjasida ham katta foyda ko‘rmoqda. Dunyoning 23 ta bozoridagi aerokosmik va mudofaa sanoati aksiyalarini kuzatib boruvchi «MSCI World Aerospace and Defence Index» indeksi mart oyi oxirida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 32 foizlik sof foydani qayd etdi. Ushbu mudofaa indeksi xuddi shu 23 ta bozordagi 1300 ta yirik va o‘rta kapitalga ega kompaniyalarni kuzatib boruvchi «MSCI World Index» indeksini ham ortda qoldirdi. Global fond bozorlari haqida kengroq tasavvur beruvchi mazkur indeks xuddi shu davr mobaynida 18,9 foizlik sof foyda ko‘rsatkichini qayd etgan edi.
Sun’iy intellekt
O‘tgan yili BMTning Savdo va taraqqiyot konferensiyasi (UNCTAD) sun’iy intellekt tarmog‘i 2023 yildagi 189 milliard dollardan 2033 yilga borib 4,8 trillion dollargacha o‘sishini taxmin qilgan edi. Eron urushi bu prognozga ta’sir qilmagan ko‘rinadi.
«Eron urushi oqibatidagi silkinishlarga qaramay, sun’iy intellekt va qayta tiklanadigan energiya kabi ko‘plab sohalarda hamon barqarorlik saqlanib qolayotganini ko‘rmoqdamiz», — deydi «Economist Intelligence Unit»ning (EIU) global savdo bo‘yicha bosh tahlilchisi Nik Marro.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Sharqiy Osiyodan hamon yuqori hajmda eksport qilinayotgan yarimo‘tkazgichli chiplar sun’iy intellekt sohasidagi keskin o‘sishning asosiy ko‘rsatkichlaridan biridir. «EIU» tahlillariga ko‘ra, bu ro‘yxatning eng yuqori pog‘onasida chip ishlab chiqaruvchi yirik markaz — Tayvan joylashgan. Mamlakat mart oyida 80,2 milliard dollarlik rekord darajadagi tovar eksportini qayd etgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 61,8 foizga ko‘pdir. Ta’kidlanishicha, bu o‘sishga asosan AQSHga yo‘naltirilgan va o‘tgan yilga nisbatan 124 foizga oshgan eksport sabab bo‘lgan.
Dunyodagi eng yirik chip ishlab chiqaruvchi va ko‘proq «TSMC» qisqartmasi bilan tanilgan «Taiwan Semiconductor Manufacturing Company» payshanba kuni 2026 yilning dastlabki uch oyi uchun 572,8 milliard Yangi Tayvan dollari (18,1 milliard AQSH dollari) miqdorida sof foyda ko‘rganini e’lon qildi. Bu mahalliy valutada o‘tgan yilga nisbatan 58 foizlik o‘sishni anglatadi.
Yana bir ko‘rsatkich — aksiyalarni birlamchi ommaviy joylashtirish (IPO) ham ayni paytda ushbu sohada ishonch yuqori ekanini ko‘rsatmoqda. Tarmoqning yetakchilari bo‘lmish «Anthropic» va «OpenAI» kompaniyalari joriy yilda o‘z aksiyalarini ommaviy savdoga chiqarishni rejalashtirmoqda.
Qayta tiklanadigan energiya
Eron urushi qazib olinadigan yoqilg‘idan voz kechish nafaqat ekologik sabablarga ko‘ra, balki energetika xavfsizligi nuqtai nazaridan ham o‘ta zarur ekanini ko‘rsatdi. Mazkur urush COVID-19 pandemiyasi va 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan keyin ushbu o‘n yillikdagi uchinchi yirik energetika inqiroziga aylandi.
«EIU» vakili Marroning ta’kidlashicha, Eron urushi «qazib olinadigan yoqilg‘idan tezroq voz kechish va qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish zarurati tufayli» ushbu soha rivojini «tezlashtirdi». Xalqaro energetika agentligi (XEA) xabarlariga ko‘ra, Eron urushi boshlanishidan avval ham dunyo hukumatlari geosiyosiy sabablarga asoslanib, qayta tiklanadigan energiyaga sarmoya kiritish bo‘yicha faol choralar ko‘rayotgan edi.
XEAning shu oy e’lon qilingan hisobotida keltirilishicha, «150 ta davlat qayta tiklanadigan va yadroviy energiyani rivojlantirish bo‘yicha faol siyosat olib bormoqda, 130 ta mamlakatda energiya samaradorligi va elektrlashtirish bo‘yicha dasturlar mavjud, 32 ta davlat esa muhim minerallar va toza energiya texnologiyalari bo‘yicha ta’minot zanjiri barqarorligini hamda diversifikatsiyasini rag‘batlantirish siyosatini yuritmoqda».
Eron urushi Osiyoda yangi siyosiy qarorlar to‘lqinini keltirib chiqardi. Sababi, odatda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadigan neft va gazning 80–90 foizini aynan shu mintaqa xarid qiladi. Bo‘g‘oz yopilganidan beri mintaqa muqobil energiya manbalarini topishda qiynalmoqda va bu hukumatlarni yoqilg‘ini me’yorlash hamda narxlarga cheklov o‘rnatish kabi shoshilinch choralarni ko‘rishga majbur qilmoqda.
Janubiy Koreya, Tailand, Hindiston, Kambodja, Indoneziya, Viyetnam va Filippin uy sharoitida o‘rnatiladigan quyosh panellari uchun soliq imtiyozlari berishdan tortib, qayta tiklanadigan energiya bo‘yicha yangi loyihalarni ishga tushirish, hattoki yadro reaktorlarini qayta ishlatishgacha bo‘lgan turli chora-tadbirlarni e’lon qildi.
Siyosiy qarorlarning bunday faollashuvi qayta tiklanadigan energiya sanoatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Rivojlanayotgan va taraqqiy etgan bozorlarda quyosh, shamol, gidro, biomassa va boshqa turdagi toza energiya ishlab chiqaruvchi 100 ta kompaniyani kuzatib boruvchi «S&P Global Clean Energy Transition Index» indeksi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 70,92 foizga o‘sdi.





