Logo

Ilhom Aliyev Donald Tramp bilan telefon orqali muloqot qildi

Ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar, TRIPP transport loyihasi va mintaqada transport bog‘liqligini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Ilhom Aliyev Donald Tramp bilan telefon orqali muloqot qildi

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va AQSH prezidenti Donald Tramp 8-avgust kuni telefon orqali suhbatlashib, Boku va Vashington o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish istiqbollari hamda «Tramp yo‘li» (TRIPP) loyihasi doirasidagi ishlarni muhokama qildi. Bu haqda Ozarbayjon rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Aliyev Vashington tinchlik sammitini o‘tkazgani va mintaqada tinchlik o‘rnatish jarayoniga hissa qo‘shgani uchun Trampga minnatdorlik bildirdi. Tramp esa o‘z navbatida Aliyevning tinchlik jarayonidagi rolini yuqori baholadi.

Ikki davlat rahbari o‘tgan bir yil davomida mintaqada tinchlik va barqarorlik ta’minlanganini, Janubiy Kavkazda tinchlikka zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan hech qanday jiddiy hodisa sodir bo‘lmaganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Tinchlik jarayonidagi ijobiy o‘zgarishlar sifatida Ozarbayjon neft mahsulotlarining Armanistonga eksport qilinishi, Ozarbayjon hududi orqali Armanistonga tranzit yuk tashish yo‘lga qo‘yilgani va ikki davlat o‘rtasida savdo aloqalari boshlangani qayd etildi.

«Telefon suhbati davomida mintaqaviy transport aloqalarini rivojlantirish nuqtai nazaridan TRIPP loyihasining muhimligi ham ta’kidlandi. Ozarbayjon hududida transport infratuzilmasini yaratish bo‘yicha ishlar yakuniy bosqichda ekani qayd etildi. Armaniston hududida TRIPP loyihasi bo‘yicha ishlar tez orada boshlanishiga umid bildirildi», — deyiladi xabarda.

Davlat rahbarlari ikki tomonlama munosabatlarga oid masalalarni ham muhokama qildi.

«Ozarbayjon va AQSH o‘rtasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi hujjat imzolanishi tarixiy voqea sifatida baholandi. Ozarbayjon–Amerika munosabatlari sifat jihatidan yangi va yuqori bosqichga ko‘tarilgani hamda strategik tus olgani ta’kidlandi. Shu munosabat bilan mazkur sheriklik keng mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga hissa qo‘shayotgani qayd etildi», — deyiladi Ozarbayjon Prezidenti matbuot xizmati xabarida.

Aliyev, shuningdek, Trampga 2026-yil dekabr oyida Mayamida bo‘lib o‘tadigan G20 sammitiga taklif qilgani uchun minnatdorlik bildirdi. Bu Ozarbayjonga nisbatan yaxshi munosabatning namoyoni sifatida baholandi.

Xabarda ta’kidlanishicha, telefon suhbati yakunida Ozarbayjon va AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari kelgusida ham muvaffaqiyatli rivojlanishiga ishonch bildirildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Tramp bilan telefonda suhbatlashgandi.

Теглар

Мавзуга оид