Logo

IMEI mojarosi ortidan qimmatlagan iPhone, uy xaridorlarini himoya qiluvchi yangi qonun va 12 ball to‘plagan haydovchini kutayotgan sud — 10-noyabr dayjesti

Бугун 22:454 дақиқа

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

IMEI mojarosi ortidan qimmatlagan iPhone, uy xaridorlarini himoya qiluvchi yangi qonun va 12 ball to‘plagan haydovchini kutayotgan sud — 10-noyabr dayjesti

«Garant bank» Boshqaruv raisiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi

Sharof Renatovich Ikramov «Garant bank» Boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Mazkur tayinlov O‘zbekiston Markaziy banki bilan kelishilganidan so‘ng rasman kuchga kiradi. Bunga qadar u 2024 yilning oktabr oyidan buyon «Apex Bank» Boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi va joriy yilning 6-noyabr kuni ushbu vazifadan ozod etildi.

1983 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan Sharof Ikramov Toshkent moliya institutining bakalavriat va magistratura bosqichlarini tamomlagan. U bank tizimida katta boshqaruv tajribasiga ega bo‘lib, o‘z mehnat faoliyati davomida 2004–2021 yillarda «Kapitalbank» tizimida, 2021–2023 yillarda «Uzum Bank» Boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari hamda «ANORBANK» Kuzatuv kengashi raisining maslahatchisi kabi mas’ul lavozimlarda ishlagan.

30 kun kutasiz yoki 450 dollar to‘laysiz: IMEI-kodlari ekspertizasi kuchaydimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda 6-noyabrdan boshlab O‘zbekiston aeroportlarida xorijdan olib kirilayotgan qimmatbaho smartfonlar (xususan, iPhone) va ularning IMEI-kodlari nazorati kuchaytirilgani haqida xabarlar tarqaldi. Foydalanuvchilarning ta’kidlashicha, qiymati 1 000 dollardan yuqori bo‘lgan telefonlar qo‘shimcha ekspertizaga yuborilib, bu jarayon 30 kungacha davom etishi mumkin. Biroq ba’zi xabarlarga ko‘ra, 450 dollar (yoki undan ko‘proq) miqdorida to‘lov evaziga ushbu ekspertizani bir kunda tezkor yakunlash taklif qilinmoqda. Bu mish-mishlar fonida Toshkentdagi "Malika" bozorida iPhone 18 Pro Max narxi 10,6 foizga (1700 dollardan 1880 dollargacha) ko‘tarilib ketgan.

Bojxona qo‘mitasi mobil qurilmalar ustidan nazorat kuchaytirilganini tasdiqlagan bo‘lsa-da, «tezkor rasmiylashtirish» va uning rasmiy to‘lovlari haqida aniq ma’lumot bermagan. Rasmiylar bu nazoratdan maqsad IMEI-kodlarni soxtalashtirish va noqonuniy importning oldini olish ekanligini bildirgan (so‘nggi kunlarda 743 mln so‘mlik 48 ta shubhali smartfon ushlangan). Shunday bo‘lsa-da, ekspertiza muddatining pulga qarab o‘zgarishi, barcha qimmat telefonlar olib qo‘yilishining huquqiy asoslari hamda 30 kunlik tekshiruvning fuqarolarga tug‘dirayotgan jiddiy noqulayliklari yuzasidan mutasaddi tashkilotlardan batafsil rasmiy tushuntirish kutilmoqda.

Yo‘l harakati qoidabuzarliklari bo‘yicha jarimalar va ball hisoblashning yangi tartibi belgilandi

O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidabuzarliklari bo‘yicha ma’muriy ishlarni yuritishning yangi tartibi tasdiqlandi va u 2027 yil 6-yanvardan kuchga kiradi. Unga ko‘ra, yo‘l-patrul xizmati xodimlarining qoidabuzarlardan joyida naqd shaklda jarima olishi qat’iyan taqiqlanadi. Endilikda barcha ma’muriy bayonnomalar YHXXning «Ma’muriy amaliyot» elektron tizimi orqali rasmiylashtirilib, haydovchi va guvohlar tomonidan elektron imzo yoki barmoq izi orqali tasdiqlanadi. Shuningdek, ma’muriy ishlar yuzasidan murojaatlar haydovchining yashash joyidan qat’i nazar, istalgan hududiy markazda «yagona darcha» tamoyili asosida qabul qilinadi.

Yangi tizimda ayrim qoidabuzarliklar uchun asosiy jazo bilan birga jarima ballari (bitta holat uchun ko‘pi bilan 2 ball) hisoblab boriladi. Agar haydovchi bir yil ichida 12 balldan ko‘p to‘plasa, qo‘shimcha jazo tayinlash uchun ish sudga oshiriladi, bir yil o‘tgach esa to‘plangan ballar avtomatik ravishda o‘chiriladi. Jarima chiqarilgandan so‘ng uni 15 kun ichida 50 foiz yoki 30 kun ichida 70 foiz miqdorida to‘laganlar qolgan qismidan ozod etiladi. Ammo to‘lov 60 kun ichida amalga oshirilmasa, transport vositasini ushlab turish chorasi qo‘llaniladi (elektron tizimlar orqali joyida to‘lansa, avtomobil jarima maydonchasiga tortilmaydi).

Endi uy olmoqchi bo‘lganlar pullarini to‘g‘ridan to‘g‘ri quruvchiga bermasligi mumkin

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan ulushli qurilishda fuqarolar pulini himoya qiluvchi yangi qonun loyihasi uchinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborildi. Unga ko‘ra, ko‘p kvartirali uylarni qurishda fuqarolarning pullari endi to‘g‘ridan to‘g‘ri quruvchiga berilmaydi, balki bankdagi eskrou hisobvarag‘ida saqlanadi va quruvchi mablag‘larni faqat uy foydalanishga topshirilgandan keyingina olish huquqiga ega bo‘ladi. Shuningdek, xaridor va quruvchi o‘rtasidagi shartnomalar hamda unga kiritiladigan o‘zgarishlarni notarial tasdiqlash majburiy etib belgilanishi kutilmoqda, bu esa bir xonadonni bir necha kishiga sotish kabi firibgarliklarning oldini oladi.

Yangi tizimda aholi pulini faqat Yagona axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tgan va loyiha deklaratsiyasini e’lon qilgan quruvchilargina jalb qila oladi hamda qonun talablari buzilganda xaridor o‘z pulini foizi bilan qaytarishni talab qilishi mumkin bo‘ladi. Adliya vazirligi vakilining ta’kidlashicha, bu tizim fuqarolar mablag‘larini himoya qilsa-da, quruvchilar aylanma mablag‘ uchun bank kreditlariga murojaat qilishiga to‘g‘ri kelishi sababli uy-joy narxlari ko‘tarilishiga olib kelishi mumkin. Mazkur qonun talablari u rasman kuchga kirganidan keyin qurilishga ruxsat olingan obyektlarga nisbatan tatbiq etilishi belgilangan.

«Talimarjon» IES'ning 1,2 mlrd so‘mlik tanlov savdosi bekor qilindi

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Qashqadaryo viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida «Talimarjon IES» AJ buyurtmachiligidagi 1,2 milliard so‘mlik tanlov savdosi bekor qilindi. Korxona hududi va binolariga reklama bannerlari hamda yozuvlar o‘rnatish maqsadida tashkil etilgan mazkur xarid jarayonida «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning 29-moddasi talablari buzilgani, xususan, savdolarda raqobatni cheklaydigan holatlarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.

Qo‘mitaning aralashuvi va tegishli tekshiruvlaridan so‘ng qonunbuzilish holati tasdiqlanib, «Talimarjon IES» AJ tomonidan mazkur tender ixtiyoriy ravishda bekor qilingan. Mas’ul idoraning qayd etishicha, bu kabi qonunbuzilishlarning oldi olinishi davlat mablag‘larining samarali va shaffof sarflanishini ta’minlashga hamda tadbirkorlar uchun ochiq, adolatli raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.

Теглар

Мавзуга оид