Logo

Jensen Xuangni Nvidia rahbarligiga qaytarish uchun 146 mingdan ortiq kishi petitsiya imzoladi

Бугун 16:443 дақиқа

Petitsiyani imzolaganlar orasida Ilon Mask ham bor. Nvidia asoschisining iste’fosidan keyin kompaniya xodimlari, aksiyadorlar va boshqa tarafdorlar direktorlar kengashidan uni lavozimiga qaytarishni talab qilmoqda.

Jensen Xuangni Nvidia rahbarligiga qaytarish uchun 146 mingdan ortiq kishi petitsiya imzoladi © Nvidia

AQSHda Nvidia kompaniyasining sobiq bosh direktori Jensen Xuangni lavozimiga qaytarish talabi bilan boshlangan «Stand with Jensen» petitsiyasini 146,9 mingdan ortiq kishi imzoladi.

Imzo chekkanlar orasida Tesla va SpaceX asoschisi Ilon Mask ham bor. U 13-noyabr kuni X ijtimoiy tarmog‘ida petitsiyani imzolashini bildirgan.

15-noyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 16:30 holatiga ko‘ra, imzo chekkanlarning 7,2 ming nafari Nvidia’ning amaldagi xodimlari, 78,4 ming nafari kompaniya aksiyadorlari, 59,8 ming nafari esa Xuangning boshqa tarafdorlaridir. Ushbu toifalar saytda ko‘rsatilgan umumiy imzolar sonini to‘liq qamramaydi. Ishtirokchilarning maqomi mustaqil ravishda tasdiqlangan ma’lumot emas.

Petitsiya mualliflari Nvidia direktorlar kengashidan Xuangni mustaqil tekshiruv yakuniga qadar bosh direktor lavozimiga qaytarishni talab qilmoqda. Ularning fikricha, kompaniya rahbarining iste’fosi tegishli tekshiruv va xolis jarayon ta’minlanmasdan amalga oshirilgan.

Jensen Xuang nima sababdan iste’foga chiqdi?

Jensen Xuang 12-noyabr kuni Nvidia prezidenti, bosh direktori va direktorlar kengashi a’zosi lavozimlarini tark etdi. Kompaniya uning o‘rniga moliyaviy direktor va ijrochi vitse-prezident Kolett Kressni vaqtinchalik bosh direktor etib tayinladi.

Xuangning iste’fosi uning shaxsiy hayoti bilan bog‘liq mojarolar va kompaniya atrofidagi xavfsizlik tekshiruvlari fonida yuz berdi.

8-noyabr kuni Xuang rafiqasidan xiyonati uchun uzr so‘rab, kompaniya xodimlariga murojaat qilgan edi. Shundan so‘ng Nvidia direktorlar kengashi uning xorijiy razvedka operatsiyasi nishoniga aylangan bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabarlar yuzasidan mustaqil tekshiruv boshladi.

Reuters xabariga ko‘ra, Xuang Nvidia mijozlaridan biri bo‘lgan Megaspeed International kompaniyasining sobiq rahbarlaridan Elis Xuang bilan ishqiy munosabatda bo‘lgan. AQSH razvedkasi ushbu ayolni Xitoy foydasiga josuslik qilishda gumon qilgani haqida xabarlar tarqalgan. Biroq Reuters uning Xitoy hukumati nomidan ishlaganini mustaqil tasdiqlamagan. Pekin esa josuslik haqidagi ayblovlarni rad etgan.

Bundan tashqari, Reuters ikki manbaga tayanib, Xuangning Nvidia sog‘liqni saqlash yo‘nalishi vitse-prezidenti Kimberli Pauell bilan ham munosabatlari bo‘lganini yozdi. Agentlik yana bir xodima bilan yaqin munosabatlar bo‘lgani haqida ham xabar bergan, biroq uning shaxsini oshkor qilmagan.

Nvidia rahbarligiga kimlar da’vogarlik qilmoqda?

Xuang iste’fosidan keyin kompaniyaning yangi bosh direktori kim bo‘lishi masalasi ham muhokama qilinmoqda. Hozircha Nvidia direktorlar kengashi doimiy rahbar bo‘yicha yakuniy qaror e’lon qilmagan.

The Jerusalem Post va boshqa Izrail OAVlarida kompaniya rahbarligiga uch nafar izraillik mutaxassisning nomi ehtimoliy nomzodlar sifatida tilga olingan. Ular:

●     Maykl Kagan — Nvidia bosh texnologiya direktori, Mellanox kompaniyasi hammuassisi;

●     Djonni Sruji — Apple kompaniyasining apparat texnologiyalari bo‘yicha katta vitse-prezidenti;

●     Eyyal Valdman — Mellanox kompaniyasi asoschisi va sobiq rahbari.

Bundan tashqari, Nvidia’ning vaqtinchalik rahbari Kolett Kress, kompaniya top-menedjeri Yan Bak, Arm bosh direktori Rene Xaas, AMD rahbari Liza Su va Amazon Web Services rahbari Mett Garman ham ehtimoliy nomzodlar qatorida tilga olinmoqda.

Shu bilan birga, AQSH prezidenti Donald Tramp Nvidia rahbarligiga Apple kompaniyasining sobiq bosh direktori Tim Kuk nomzodini ham ilgari surgan.

Hozircha kompaniya direktorlar kengashi yangi rahbarni tanlash jarayonini davom ettirmoqda. Nvidia’ning rasmiy bayonotiga ko‘ra, doimiy bosh direktor ichki va tashqi nomzodlar orasidan tanlanadi.

Теглар

Мавзуга оид