Logo

«Kelajakda kelinlar uchun uy kerak»: Prezident O‘zbekiston shaxmatchilariga uy, mashina va pul mukofotlari topshirdi

«Shaxmatchi va parashaxmatchilarimiz bugunning o‘zida yangi mashinalarini haydab, yangi uylariga kirib borishadi», – dedi davlat rahbari.

«Kelajakda kelinlar uchun uy kerak»: Prezident O‘zbekiston shaxmatchilariga uy, mashina va pul mukofotlari topshirdi © Foto: president.uz

Bugun, 29-sentabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ko‘ksaroy qarorgohida shaxmat va parashaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoalari a’zolari hamda ularning yaqinlari bilan uchrashdi va ularga davlat mukofotlarini topshirdi.

Prezident shaxmatchilarning Olimpiadadagi natijalarini qayd etdi

Uchrashuvda davlat rahbari O‘zbekiston terma jamoasining Samarqanddagi 46-Jahon shaxmat Olimpiadasidagi g‘alabasi bilan tabrikladi.

«Ikki karra Olimpiada chempioni degan yuksak va sharafli unvon barchamizga, butun O‘zbekiston xalqiga muborak bo‘lsin!» — dedi Prezident.

U Samarqanddagi Olimpiadada 200 dan ortiq mamlakatdan qariyb 2 ming shaxmatchi, jumladan, kuchli grossmeysterlar va amaldagi chempionlar qatnashganini ta’kidladi.

«Shunday ulkan raqobat ichida O‘zbekiston bayrog‘ini eng balandga ko‘tarish — bu haqiqiy jasorat, katta aql-zakovat va mustahkam iroda namunasidir», — dedi davlat rahbari.

Olimpiadani bevosita kuzatish uchun Samarqandga 60 mingdan ortiq mehmon kelgan. Hududlardagi fan-zonalarda qariyb 500 ming muxlis musobaqani kuzatgan, telekanallar va internet orqali esa millionlab o‘zbekistonliklar o‘yinlarni tomosha qilgan.

Prezident hal qiluvchi partiyalarni o‘zi ham katta qiziqish bilan kuzatganini aytdi.

«Ba’zi partiyalarda sizlar nafaqat raqiblaringizni, balki bizni ham kuchli hayajonda ushlab turdingizlar», — dedi u.

Shavkat Mirziyoyev Nodirbek Yoqubboyevning Hindiston vakili Nihal Saringa qarshi partiyasidagi vaziyatni ham esladi.

«Sening Nihal Saringa qarshi bahsingda bir payt vaziyat juda og‘irlashdi. Raqib ustunlikka ega bo‘lib, ko‘pchilik o‘yin taqdiri hal bo‘ldi deb o‘yladi. Lekin sen oxirigacha mardona kurashding. Nihoyatda topqirlik bilan qo‘llagan taktik yurishlaring vaziyatni butunlay o‘zgartirdi va jamoamizga hal qiluvchi g‘alabani olib kelding», — dedi Prezident.

Nodirbek Abdusattorov butun musobaqani mag‘lubiyatsiz o‘tkazib, birinchi taxtada oltin medalni qo‘lga kiritgani ham qayd etildi. Uning amerikalik Fabiano Karuanaga qarshi partiyadagi g‘alabasi alohida tilga olindi.

«Buning o‘zi alohida katta natija!» — dedi Prezident.

Javohir Sindorovga murojaat qilgan davlat rahbari uning bir necha oy avval Nomzodlar turniridagi g‘alabasini eslatdi.

«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortinda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Muhiddin Madaminov ham hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dehtyarovni qora donalarda mag‘lub etib, jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib kelgani bilan e’tirof etildi. Shamsiddin Vohidov esa amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi partiyada tengma-teng kurashgan.

«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.

Davlat rahbari O‘zbekistonda kuchli shaxmatchilar avlodi shakllanganini ta’kidladi.

«Bizda 2–3 nafar shaxmatchi emas, balki butun boshli kuchli avlod bor desak, bu ham haqiqat», — dedi u.

Ayollar terma jamoasining natijalari ham uchrashuvda qayd etildi. Birinchi jamoa 11 turning yettitasida g‘alaba qozongan. Afruza Hamdamova, Gulruxbegim Tohirjonova, Umida Omonova, Nilufar Imomqo‘ziyeva va Guldona Karimovaning mehnati alohida e’tirof etildi.

«Ishonaman, hali o‘zbek shaxmatchi qizlari ham Olimpiada shohsupasining eng yuqori pog‘onasiga albatta ko‘tariladi», — dedi Prezident.

Parashaxmatchilar ham taqdirlandi

Samarqandda o‘tkazilgan uchinchi FIDE parashaxmat Olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasi ilk bor bronza medalini qo‘lga kiritdi. Selbi Kakishova yettita o‘yinda olti ochko to‘plab, o‘z taxtasida kumush medalga sazovor bo‘ldi. Abdulaziz Baxodirov shaxsiy hisobda bronza medalini qo‘lga kiritdi, Ahadxon Kimsanboyev esa biror marta mag‘lubiyatga uchramadi.

«Sizlar o‘z jasoratingiz, aql-zakovatingiz, irodangiz va tinmay mehnatingiz bilan minglab insonlarga juda katta ibrat va namuna ko‘rsatdingiz», — dedi davlat rahbari.

Prezident har bir chempionning ortida uning ota-onasi, birinchi ustozi, murabbiylari va qo‘llab-quvvatlagan jamoasi turishini ta’kidladi.

Shuningdek, Rustam Qosimjonovning O‘zbekiston shaxmati rivojidagi o‘rniga to‘xtalib, uning tajribasi yangi avlodga o‘tayotganini qayd etdi.

«Ustozning eng katta g‘alabasi — shogirdlarining undan ham baland marralarga chiqishidir!» — dedi Prezident.

O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi FIDE tomonidan «Eng yaxshi federatsiya» deb e’tirof etilgan. Rustam Qosimjonov FIDEning faxriy vitse-prezidenti, Hulkar Tohirjonova esa Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy prezidenti etib saylangan.

Prezident O‘zbekistonning shaxmatdagi natijalari tasodifiy emasligini ta’kidladi.

«Bu natijalar tasodifiy emas. Bu — maktab, bu — tizim, bu — o‘zbek shaxmatining yangi darajasi», — dedi davlat rahbari.

Shuningdek, u besh yil avval FIDE reytingidagi eng kuchli o‘n mamlakat qatoriga kirish maqsadi qo‘yilganini eslatdi.

«Bizning ezgu maqsadimiz ortig‘i bilan reallikka aylanib ulgurdi», — dedi Prezident.

Uchrashuvda keyingi maqsad ham ma’lum qilindi.

«Yangi O‘zbekistonni nafaqat Olimpiada chempioni, balki dunyo shaxmat markaziga aylantiramiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Buning uchun iqtidorli bolalarni erta aniqlash, ularni kuchli ustozlarga biriktirish va xalqaro turnirlarda muntazam qatnashishi uchun sharoit yaratish zarurligi aytildi. Qizlar shaxmati va parashaxmatni rivojlantirish bo‘yicha alohida tizim tashkil etiladi.

Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filialini tashkil etish rejalashtirilgan. Akademiyada yuqori toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.

FIDE reytingida 1 500 balldan yuqori natijaga ega shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanishi belgilangan.

Mamlakatda «O‘zbekiston Grand chess» milliy brendi ostida xalqaro turnirlarni muntazam o‘tkazish rejalashtirilgan. Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etish taklif qilingan.

Uchrashuv yakunida Prezident mukofotlar g‘oliblarning bugungi natijalarini e’tirof etish bilan birga, kelgusi maqsadlarga ishonch ramzi bo‘lishi kerakligini aytdi.

«Bu mukofotlar faqat bugungi g‘alabangizning e’tirofi emas, balki oldingizda turgan yanada baland marralarga bildirilgan katta ishonch ramzi bo‘lsin», — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev sportchilarning ota-onalari, ustoz va murabbiylari hamda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi jamoasiga minnatdorlik bildirdi.

«Ilohim, g‘alabalarimiz bardavom bo‘lsin! Doimo sog‘-omon bo‘linglar, aziz farzandlarim!» — dedi Prezident.

G‘oliblarni taqdirlash

Tadbir yakunida Olimpiada g‘oliblari va ularning murabbiylarini rag‘batlantirish bo‘yicha qabul qilingan qarorga muvofiq mukofotlar topshirildi.

Oltin medal sohiblari — Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovlarning har biriga uy-joy, avtomashina va 200 ming AQSH dollari miqdorida pul mukofoti berildi.

Bronza medalini qo‘lga kiritgan parashaxmatchilar — Ahadxon Kimsanboyev, Marsel Shoyusupov, Sardorbek Mamarajabov, Selbi Kakishova va Sirojiddin Zayniddinovlarga uy-joy, avtomashina va 50 ming AQSH dollaridan mukofot puli topshirildi.

Terma jamoalar bosh murabbiylari — Rustam Qosimjonov va Samandar Shermuxammadov avtomashina hamda tegishlicha 50 ming va 12 ming 500 dollar miqdorida taqdirlandi.

«Shaxmatchi va parashaxmatchilarimiz bugunning o‘zida yangi mashinalarini haydab, yangi uylariga kirib borishadi», dedi davlat rahbari.

Теглар

Мавзуга оид