Logo

Kommunal to‘lovlar oshishidan xavotirdagi aholi, Albaniya portiga chiqayotgan O‘zbekiston va uy-joylarni qonuniylashtirishning soddalashgan tartibi — 16-iyun dayjesti

Кеча 22:003 дақиқа

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Kommunal to‘lovlar oshishidan xavotirdagi aholi, Albaniya portiga chiqayotgan O‘zbekiston va uy-joylarni qonuniylashtirishning soddalashgan tartibi — 16-iyun dayjesti

O‘zbekistonliklar hamon eng ko‘p kommunal xizmatlar narxi oshishidan xavotirda

Markaziy bankning may oyi so‘rovnomasi natijalariga ko‘ra, aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari pasayishda davom etmoqda. Aholining yillik inflatsiya bo‘yicha kutilmalari 10,1 foizni, tadbirkorlarniki esa 10 foizni tashkil etdi. Biroq respondentlarning aksariyati hali ham kommunal xizmatlar hamda yoqilg‘i-energetika resurslari narxlarining oshishidan eng katta xavotir bildirmoqda. Shuningdek, transport xarajatlari va ayrim holatlarda narxlarning sun’iy oshirilishi ham asosiy xavotir omillari sifatida qayd etilgan.

So‘rov natijalariga ko‘ra, aholi orasida eng yuqori inflyatsion kutilmalar pensionerlarda, eng past ko‘rsatkich esa talabalarda kuzatilgan. Hududlar kesimida Toshkent shahri aholisi narxlar o‘sishidan eng ko‘p xavotirlanayotgan bo‘lsa, Namangan viloyatida bu ko‘rsatkich eng past bo‘lgan. Shu bilan birga, oylik daromadi 30 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan respondentlarda inflyatsion kutilmalar 13,9 foizga yetib, yuqori daromadli aholi qatlami narxlar o‘zgarishiga nisbatan sezgirroq ekani namoyon bo‘lgan.

So‘ngi 5 oyda 5 milliondan ortiq sayyoh O‘zbekistonga tashrif buyurdi

2026 yilning yanvar–may oylarida O‘zbekistonga jami 5,35 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,1 million nafarga yoki 27,3 foizga ko‘pdir. Turistlar oqimining o‘sishi mamlakatning xalqaro turizm bozoridagi jozibadorligi ortib borayotganini ko‘rsatmoqda.

Eng ko‘p sayyohlar qo‘shni davlatlardan kelgan. Reytingda Qirg‘iziston birinchi o‘rinni egallab, 1,54 million nafar fuqarosi O‘zbekistonga tashrif buyurgan. Keyingi o‘rinlarda Qozog‘iston (1,25 million) va Tojikiston (1,21 million) qayd etilgan. Shuningdek, Rossiya, Afg‘oniston, Xitoy va Turkiya ham turistlar soni bo‘yicha yetakchi davlatlar qatoriga kirgan. TOP-10 ro‘yxatdan Germaniya ham o‘rin olgan bo‘lib, ushbu mamlakatdan 18,3 ming nafar sayyoh kelgan.

Toshkent ko‘chalaridan biriga Mustafo Kamol Otaturk nomi beriladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 15-iyun kuni «Toshkent shahridagi ko‘chalardan biriga Mustafo Kamol Otaturk nomini berish to‘g‘risida»gi qarorini imzoladi.  
Ushbu qarorga muvofiq Toshkent shahri Yashnobod tumanida barpo etilayotgan «O‘zbek-turk do‘stligi» xiyoboniga yondosh bo‘lgan Abdulla Qodiriy ko‘chasining bir qismiga Mustafo Kamol Otaturk nomi beriladi.
 
Ushbu ko‘cha Istiqbol, Farg‘ona yo‘li va Nukus ko‘chalari kesishmasidan Abdulla Qodiriy ko‘chasi va Maxtumquli shohko‘chasi kesishmasigacha bo‘lgan masofani tashkil etadi.

O‘zbekiston Janubiy Yevropa va O‘rta yer dengizi bozorlariga chiqishda Albaniyaning Durres portidan foydalanishi mumkin

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Albaniya Prezidenti Bayram Begay o‘rtasidagi muzokaralarda ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar agrosanoat, «yashil» energetika, geologiya, axborot texnologiyalari, raqamlashtirish va turizm sohalarida qo‘shma loyihalarni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.

Muzokaralarning muhim yo‘nalishlaridan biri O‘zbekiston mahsulotlarini Janubiy Yevropa va O‘rta yer dengizi bozorlariga chiqarish uchun Durres porti imkoniyatlaridan foydalanish bo‘ldi. Shuningdek, iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kuchaytirish maqsadida Hukumatlararo komissiya tashkil etish va uning birinchi yig‘ilishini joriy yilda Toshkentda o‘tkazishga kelishib olindi. Tomonlar madaniy-gumanitar aloqalarni ham faollashtirish, jumladan madaniyat kunlari, ko‘rgazmalar va kino namoyishlarini tashkil etish muhimligini ta’kidladilar.

O‘zboshimchalik bilan egallangan yerlarni qonuniylashtirish tartibi soddalashtirildi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev imzolagan yangi qonunga muvofiq, o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari va ularda qurilgan bino-inshootlarga bo‘lgan huquqlarni qonuniylashtirish tartibi sezilarli darajada soddalashtirildi. Endi arizalarni ko‘rib chiqish muddati avvalgi 150 kun o‘rniga 50 kunni tashkil etadi. Shuningdek, qarzdorlik miqdori BHMning 30 baravaridan oshmagan obyektlarga nisbatan huquqlarni e’tirof etish imkoniyati yaratildi.

Qonun fuqarolar uchun qator yengilliklarni ham nazarda tutadi. Bir martalik to‘lovning 50 foizi 20 ish kuni ichida to‘lansa, qolgan qismiga chegirma beriladi. To‘lovni bir yo‘la amalga oshirish imkoniyati bo‘lmagan shaxslar esa soliq organlari bilan shartnoma tuzib, mablag‘ni 1 yildan 3 yilgacha bo‘lib to‘lashlari mumkin. Shu bilan birga, 2020 yil 1-yanvardan 2024 yil 1-iyungacha bo‘lgan davr uchun jismoniy shaxslarga oshirilgan stavkada yer solig‘i hisoblanmasligi belgilandi va nizolarni sudgacha hal qilish mexanizmi joriy etildi.

Теглар

Мавзуга оид

Kommunal to‘lovlar oshishidan xavotirdagi aholi, Albaniya portiga chiqayotgan O‘zbekiston va uy-joylarni qonuniylashtirishning soddalashgan tartibi — 16-iyun dayjesti | Vaqt.uz