Logo

O‘zbekistondagi banklarning kapitali bir yilda 17 foizga oshdi

Бугун 17:372 дақиқа

Mamlakatda faoliyat yuritayotgan 35 ta bankning jami kapitali 153 trln so‘mni tashkil etmoqda.

O‘zbekistondagi banklarning kapitali bir yilda 17 foizga oshdi © ijtimoiy tarmoqlar

2026-yil 1-oktabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan 35 ta tijorat bankining jami kapitali 153 trln so‘mni (aniq ko‘rsatkich — 152,9 trln so‘m), ustav kapitali esa 101,2 trln so‘mni tashkil etdi. Jami kapital o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 17 foizga, ustav kapitali esa qariyb 10 foizga o‘sgan. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.

So‘nggi bir yil ichida banklarning jami kapital hajmi bo‘yicha tarkibida qator o‘zgarishlar kuzatildi. Xususan, jami kapitali 5 trln so‘mdan oshadigan banklar soni 10 tadan 11 taga yetdi. 2 trln so‘mdan 5 trln so‘mgacha bo‘lgan kapitalli banklar soni 7 tadan 8 taga oshgan bo‘lsa, 500 mlrd so‘mgacha bo‘lgan banklar soni 4 tadan 1 taga kamaydi.

Kapitali 10 trln so‘m va undan yuqori bo‘lgan 4 ta bankning jami kapitaldagi ulushi 42 foizdan 39 foizga tushdi. Jami kapitali 5 trln so‘mdan 10 trln so‘mgacha bo‘lgan 7 ta bankning ulushi esa 29,9 foizdan 33,8 foizga ko‘tarildi.

Ustav kapitali tarkibidagi o‘zgarishlar


Ustav kapitali 2 trln so‘mdan 5 trln so‘mgacha bo‘lgan banklar soni 4 tadan 7 taga ko‘paydi va bu guruhning jami ustav kapitalidagi ulushi 14,5 foizdan 22,7 foizga oshdi.

Tizimdagi banklarning yarmidan ko‘pi, ya’ni 19 tasi, ustav kapitali 500 mlrd so‘mdan 1 trln so‘mgacha bo‘lgan guruhda joylashgan bo‘lib, ularning umumiy ustav kapitalidagi ulushi 11,5 foizni tashkil qilmoqda.

rasm

markaziy bank

Ma’lumot uchun, ustav kapitali — aksiyadorlar bankka kiritgan mablag‘ hisoblanadi. Jami kapital esa unga qo‘shimcha ravishda taqsimlanmagan foyda, zaxiralar va boshqa manbalarni ham o‘z ichiga oladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 35 ta bankning umumiy aktivlari 1 044,8 trln so‘mga yetganligi haqida xabar berilgandi.

Теглар

Мавзуга оид