O‘zbekistondagi ilk islomiy bank egasi o‘zgarmoqda
Ilk islomiy bank litsenziyasini qo‘lga kiritgan «Openbank» aksiyadorlari o‘zgarmoqda. Hozirda bankka egalik qiluvchi «Future Open Technology Group» AJ o‘z aksiyalarini ustavi 5 mln so‘mlik kompaniyaga o‘tkazish bo‘yicha qaror chiqardi. Bankning yangi egasi kim?
© Ijtimoiy tarmoqlar5-noyabrda «Openbank»ning egasi bo‘lgan «Future Open Technology Group» AJ bankdagi ulushini to‘liq «Open Global» MCHJga o‘tkazish bo‘yicha qaror chiqardi. Bu haqda Korporativ axborot yagona portalida ma’lum qilindi.
Qarorga ko‘ra, kompaniyaga tegishli «Openbank» AJ aksiyalarining hammasi «Open Global» MCHJning ustav kapitaliga hissa sifatida kiritiladi.
Shunday qilib, bank endi to‘g‘ridan-to‘g‘ri «Future Open Technology Group»ga emas, «Open Global»ga tegishli bo‘ladi. Hujjatda bunga «korporativ tuzilmani restrukturizatsiya qilish» sabab qilib ko‘rsatilgan. Bitimni rasmiylashtirish kompaniya direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Farrux Sulaymonovga topshirildi.
«Future Open Technology Group» aksiyalarining 92,009 foiziga «Investment Development-Textile» MCHJ egalik qiladi. Bu kompaniyaning 95 foiz ulushi va «Future Open Technology Group»ning 7,991 foiziga esa Toshpulov Sherzod Abduqodirovich egalik qiladi. Ya’ni, «Openbank»ning asosiy aksiyadori Sherzod Toshpulov hisoblanadi.
«Future Open Technology Group»dagi Toshpulov va uning kompaniyasining aksiyalari qayta sotib olinadi va bekor qilinadi.
Natijada «Future Open Technology Group»ning ustav kapitali 512 mlrd so‘mdan 20 mlrd so‘mgacha kamaytiriladi.
«Openbank»ning yangi egasi kim?
Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, «Open Global» MCHJ 2024-yilning avgustida Toshkent shahri Yunusobod tumanida ro‘yxatdan o‘tgan. Uning ustav kapitali 5 mln so‘mdan biroz ko‘proqni tashkil qiladi.
«Open Global» MCHJning egasi sifatida esa «Open Holding LLC-FZ» ko‘rsatilgan. Bu kompaniya BAAdagi erkin iqtisodiy zonalardan birida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi mumkin. Sababi, «LLC-FZ» qo‘shimchasi Dubaydagi «Meydan» erkin zonasiga xos. Bu zonada kompaniya egalari haqidagi ma’lumotlar oshkor qilinmaydi.
«Openbank» tarixi
«Openbank» dastlab «Smartbank» nomi bilan faoliyat yuritgan. «Smartbank» 2022-yilning dekabrida Markaziy bankdan litsenziya olgach, o‘z faoliyatini boshlagan edi. Bank o‘sha paytda «Agrobank»ning sho‘’basi sifatida ish boshlagan.
«Smartbank» tashkil etilganidan ikki yildan ko‘proq vaqt o‘tib, 2025-yilning fevralida bank aksiyalarining 90,2 foizi «Future Open Technology Group» AJga 451 mlrd so‘mga sotilgani ma’lum bo‘ldi.
Bankning yangi egasi «Open» ekotizimi bilan bog‘liq bo‘lgani sababli 2025-yilning sentabrida bank nomi «Openbank» deb o‘zgartirildi. 2026-yil iyunda esa kompaniya bankning 100 foiz ulushini o‘ziga rasmiylashtirgan edi.
2026-yil 23-oktabrda Markaziy bank «Openbank»ga O‘zbekistonda islomiy bank faoliyati uchun ilk litsenziyani berdi. Bankni boshqa tuzilmaga o‘tkazish qarori shundan 13 kun o‘tib qabul qilindi.
Regulyator bunga ruxsat berganmi?
«Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi qonunning 22-moddasiga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslar yoki birgalikda harakat qiluvchi shaxslar, shu jumladan norezidentlar bir yoki bir necha bitim natijasida bankning ustav kapitalidagi:
– 5 va undan ko‘proq foizni, lekin ko‘pi bilan 20 foizni;
– 20 va undan ko‘proq foizni, lekin ko‘pi bilan 50 foizni;
– 50 va undan ko‘proq foizni tashkil etadigan ulushni bevosita yoki bilvosita olishdan oldin Markaziy bankning dastlabki ruxsatnomasini olishi shart.
Markaziy bank ilk islomiy bankning yangi egalari bo‘yicha ruxsatnoma berganmi, BAAda ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyaning benefitsiari haqida ma’lumotga egami kabi savollar ochiq qolmoqda. Shu sababli Vaqt.uz nashri mazkur masala yuzasidan Markaziy bankka so‘rov yubordi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Openbank» biznesni islomiy moliyalashtirish uchun 10 mln dollargacha mablag‘ jalb qilmoqchi ekani xabar qilingan edi.





