Logo

Prezident bahorda ekilgan ko‘chatlarning uchdan biri nobud bo‘lganini tanqid qildi

Бугун 08:103 дақиқа

O‘zbekistonda «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida bahorda ekilgan ko‘chatlarning uchdan bir qismi nobud bo‘lgan, ayrim joylarda esa amalda ekilmagan ko‘chatlar hisobotlarga kiritilgan.

Prezident bahorda ekilgan ko‘chatlarning uchdan biri nobud bo‘lganini tanqid qildi © Foto: nova24

O‘zbekistonda Yangi Toshkent shahridagi har bir investitsiya loyihasi bo‘yicha kunlik manzilli nazorat o‘rnatiladi, «Yashil makon» loyihasi doirasida esa joriy yilda ekiladigan ko‘chatlarning kamida 90–95 foizi tutib ketishi ta’minlanadi. Bu haqda 2026 yil 18-noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Yangi Toshkent qurilishini jadallashtirish hamda «Yashil makon» umummilliy loyihasi ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda bir oy avval Yangi Toshkent qurilishini jadallashtirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilanib, natijalarni har oy muhokama qilib borishga ko‘rsatma berilgani, o‘tgan haftada qabul qilingan alohida farmon bilan esa investorlar, tadbirkorlar va hududlar uchun qo‘shimcha imtiyozlar hamda yangi tashkiliy mexanizmlar joriy etilgani qayd etildi.

Davlat rahbari Yangi Toshkentdagi ishlar mutlaqo yangicha yondashuv va qat’iy ijro intizomi asosida tashkil etilishi lozimligini ko‘rsatib o‘tdi. Tadbirkorlar sarmoya kiritishga tayyor ekani, buning uchun ularga ortiqcha to‘siqlarsiz, tezkor va aniq yechimlar taqdim etish zarurligi ta’kidlandi. Qurilish maydonlarini o‘z vaqtida tayyorlash va investorlarga zarur sharoitlar yaratish ishlari markazlashgan holda Yangi Toshkent direksiyasi orqali tashkil etiladi.

Yangi Toshkent: infratuzilma va me’moriy talablar

Yig‘ilishda investitsiya loyihalarining o‘z vaqtida amalga oshirilishi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarining tayyorligiga bevosita bog‘liqligi qayd etildi. Elektr energiyasi, ichimlik suvi, kanalizatsiya, issiqlik ta’minoti va yo‘l tarmoqlari obyektlar foydalanishga topshirilgunga qadar tayyor bo‘lishi shartligi belgilandi. Shu munosabat bilan viloyatlarga biriktirilgan hududlarni zarur infratuzilma bilan ta’minlash bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Viloyatlarga biriktirilgan hududlar faqat turar joylar bilan cheklanib qolmasligi, ularda zamonaviy biznes va savdo markazlari, mehmonxonalar, ta’lim, tibbiyot, madaniyat va sport obyektlari, shuningdek, aholi dam olishi uchun qulay jamoat maskanlari tashkil etilishi zarurligi ta’kidlandi. Har bir inshoot yangi shaharning yagona me’moriy konsepsiyasi va «yashil qurilish» talablariga to‘liq mos kelishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi. Hududlar o‘rtasida zamonaviy arxitektura yechimlarini qo‘llash, yirik xalqaro brendlarni jalb qilish, xiyobonlar va jamoat joylarini namunali tashkil etish bo‘yicha sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga e’tibor qaratildi.

«Yashil makon»: bahorda ekilgan ko‘chatlarning uchdan biri nobud bo‘lgan

Yig‘ilishda «Yashil makon» umummilliy loyihasi ijrosi tanqidiy ko‘rib chiqildi. Joriy yilning kuzgi ko‘chat ekish mavsumi 8-noyabrdan boshlanganiga qaramay, ayrim hududlarda, xususan, Toshkent, Samarqand va Jizzax viloyatlarida belgilangan rejalar ijrosi qoniqarsiz ekani ko‘rsatib o‘tildi. Bahorda ekilgan ko‘chatlarning uchdan bir qismi nobud bo‘lgani, ayrim joylarda esa amalda ekilmagan ko‘chatlar hisobotlarga kiritilgani keskin tanqid qilindi.

Daraxt ekishda son ortidan quvish emas, balki ko‘chatlarning tutib ketishi va uzoq yillar davomida o‘sishini ta’minlash asosiy mezon bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi. Buning uchun har bir hududning iqlim va tuproq sharoitidan kelib chiqib, suvsizlik, issiqlik va sho‘rlanishga chidamli daraxt turlarini tanlash, sug‘orish tizimlarini yaratish hamda ko‘chatlarni doimiy parvarishlash zarurligi qayd etildi.

Ko‘kalamzorlashtirishda suvni ko‘p sarflaydigan chim ekish amaliyoti o‘rniga tojixo‘roz, rayhon, jambul kabi o‘simliklar hamda mahalliy butalarni ekishga ustuvor e’tibor qaratish, buning uchun mahalliy gul va manzarali o‘simliklarni ko‘paytirishga ixtisoslashgan ko‘chatxonalar tashkil etish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shuningdek, har bir mahallada aholi jon boshiga kamida uch tupdan daraxt ekish, yashil hududlarni kengaytirish hamda mazkur jarayonda mahalla raislari va o‘rmon xo‘jaligi xodimlarining mas’uliyatini kuchaytirish vazifasi qo‘yildi. Mutasaddilarga avvalgi yillarda barpo etilgan yashil maydonlarni saqlash va parvarishlash bo‘yicha aniq choralar ko‘rish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

Теглар

Мавзуга оид