Logo

Tramp, Si Jinping va Putin Shenchjenda uchrashdi

Кеча 21:552 дақиқа

Ular bugun, 18-noyabr kuni Shenchjen shahrida bo‘lib o‘tayotgan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (APEC) sammiti mehmonlari uchun uyushtirilgan tantanali qabulda uchrashib, birgalikda suratga tushdi.

Tramp, Si Jinping va Putin Shenchjenda uchrashdi © Ijtimoiy tarmoqlar

AQSH prezidenti Donald Tramp, Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Xitoy rahbari Si Jinping Shenchjen shahrida bo‘lib o‘tayotgan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (APEC) sammiti mehmonlari uchun uyushtirilgan tantanali qabulda uchrashdi.

18-noyabr kuni Tramp va Putin sammit o‘tkazilayotgan Shenchjen xalqaro kommunikatsiya markaziga yetib kelgan. Ularni tadbir mezboni sifatida Xitoy rahbari Si Jinping qabul qilgan. Oq uy ma’lumotlariga ko‘ra, prezidentlar «bir-birlarini qutladilar». Shundan so‘ng Tramp, Si Jinping va Putin Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligining boshqa rahbarlari bilan birgalikda suratga tushgan.

Qayd etilishicha, bu o‘tgan yilning avgust oyida Alyaskada bo‘lib o‘tgan sammitdan keyin Tramp va Putinning birinchi uchrashuvidir. 19-noyabr kuni kechqurun Tramp, Si Jinping va Putin uch tomonlama muzokaralar o‘tkazishi belgilangan.

Tramp va Putin qisqa muddatli muloqot qilishi kutilmoqda. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ushbu suhbat formati va ko‘rib chiqilishi mumkin bo‘lgan mavzular yuzasidan fikr bildirdi.

«Bu dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish bo‘ladi. Bu, avvalo, Ukrainadir. Agar vaqt bo‘lsa, albatta, Eron bo‘yicha ham fikr almashiladi, mavzu juda dolzarb. Ammo bu yerda unchalik emas, bu ko‘p tomonlama format. Bu yerda ushbu suhbatning to‘liq formatini o‘tkazish uchun vaqt va imkoniyat bo‘lmasligi mumkin. Buni hech kim kutmayapti», — dedi Peskov.

Shenchjen aeroportida AQSH prezidenti Donald Trampni Xitoy rahbari Si Jinping shaxsan kutib olgan. «ABC News» telekanalining eslatishicha, 2026 yil sentabr oyida Xitoy rahbarining tashrifi chog‘ida Tramp ham Vashingtondagi Endryus bazasida uni shaxsan qarshi olgan edi. Rossiya prezidenti Vladimir Putinni esa aeroportda Xitoy Kommunistik partiyasi Siyosiy byurosi doimiy qo‘mitasi a’zosi, partiya kotibiyati kotibi Say Si kutib olgan.

APEC — Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi iqtisodiy hamkorlik forumi bo‘lib, unda 21 ta iqtisodiyot ishtirok etadi. Tashkilotning asosiy maqsadi mintaqada savdo va investitsiya to‘siqlarini kamaytirish, iqtisodiy integratsiyani kuchaytirish hamda hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.

Теглар

Мавзуга оид

Tramp, Si Jinping va Putin Shenchjenda uchrashdi | Vaqt.uz