Logo

Xakerlar Markaziy Osiyo davlatlarini nishonga oldi: O‘zbekiston tizimiga ham kirilgan

Qozog‘iston bilan bog‘liq deb baholanayotgan Silent Lynx xakerlar guruhi Tojikiston davlat idoralari o‘rtasidagi elektron hujjat almashish tizimidan 2 mingdan ortiq hujjatni o‘g‘irlagan. Shuningdek, O‘zbekistondagi «Aqlli o‘rmon xo‘jaligi» tizimiga ulangan serverga ham kirilgani va hujumlarda sun’iy intellekt agentlaridan foydalanilgani aniqlangan.

Xakerlar Markaziy Osiyo davlatlarini nishonga oldi: O‘zbekiston tizimiga ham kirilgan © Getty Images

Kiberxavfsizlik bilan shug‘ullanuvchi Singapurning CloudSEK kompaniyasining xabar berishicha, Qozog‘iston bilan bog‘liq deb baholanayotgan Silent Lynx xakerlar guruhi Tojikistonning davlat idoralari o‘rtasidagi elektron hujjat almashish tizimiga kirib, 2 mingdan ortiq hujjatni qo‘lga kiritgan.

Kompaniya tekshiruvida guruhning Tojikiston temir yo‘l tarmog‘iga ham kirgani, O‘zbekistondagi «Aqlli o‘rmon xo‘jaligi» axborot tizimiga ulangan serverni nazorat qilish imkoniyatini qo‘lga kiritgani aniqlangan. Shuningdek, Turkmaniston davlat idoralariga qarshi ehtimoliy fishing hujumi uchun soxta hujjatlar tayyorlangan.

Hujumlarda Hermes nomli ochiq kodli sun’iy intellekt agentlari platformasidan foydalanilgan. Tekshiruvga ko‘ra, AI-agent razvedka, ma’lumotlarni yig‘ish va hujum izlarini tozalash jarayonlarida ishtirok etgan.

2 mingdan ortiq hujjat qanday qo‘lga kiritilgan?

CloudSEK tadqiqotchilari Silent Lynx guruhiga tegishli bo‘lgan serverdagi ochiq ma’lumotlarni aniqlagan. Server internet orqali hech qanday autentifikatsiyasiz ochiq qoldirilgan. Unda yuz minglab fayllar va 12 gigabaytdan ortiq ma’lumot bo‘lgan. Ular orasida xakerlar foydalangan dasturlar, qurbonlardan olingan ma’lumotlar va sun’iy intellekt agenti bilan muloqotlar saqlangan.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, serverdagi materiallar 2026 yil aprelidan oktabrigacha bo‘lgan operatsiyalarni tiklash imkonini bergan. Tahlilchilar nafaqat xakerlar foydalangan vositalarni, balki ularning vazifalarni qanday taqsimlagani va sun’iy intellektga qanday ko‘rsatmalar berganini ham ko‘ra olgan.

Eng katta ma’lumotlar to‘plami Tojikistonning yagona elektron hujjat almashish platformasi bilan bog‘liq bo‘lgan. Ushbu tizim vazirliklar va davlat idoralari o‘rtasida rasmiy xat-xabarlar almashish uchun ishlatiladi.

CloudSEK hisobotiga ko‘ra, xakerlar hukumatning yagona avtorizatsiya portali orqali tizimga kirgan. Buning uchun Tojikiston temir yo‘l tizimida ishlaydigan bir xodimning akkauntidan foydalanilgan.

Tadqiqotchilarning qayd etishicha, mazkur akkaunt orqali xodimning o‘z xizmat vazifasi doirasiga kirmaydigan hujjatlarni ham olish imkoniyati bo‘lgan. Kompaniya buni ayrim hujjatlarga kirish huquqini tekshirish mexanizmlarining zaifligi va fayl ilovalarini ruxsatsiz olish imkoniyati bilan izohlagan.

Natijada 2026 yil davomida yaratilgan 2 mingdan ortiq alohida hujjat yig‘ilgan. Ularning katta qismi Tojikiston Mudofaa vazirligiga yuborilgan yoki ushbu idora orqali o‘tgan rasmiy yozishmalardan iborat bo‘lgan.

Hujjatlar orasida quyidagi ma’lumotlar borligi aytilgan:

  • Havo hududidan foydalanish va samolyotlarning uchishi uchun ruxsat so‘rovlari;

  • Harbiy xizmatchilarni boshqa joyga o‘tkazish va lavozim tayinlovlari;

  • Harbiy attashelar hamda xorijiy hamkorlar bilan yozishmalar;

  • Mudofaa sohasidagi xaridlar va yetkazib beruvchilarga oid ma’lumotlar;

  • Budjet va moliyaviy hujjatlar;

  • Huquqiy va me’yoriy hujjatlar loyihalari;

  • Havo mudofaasi, harbiy tayyorgarlik va mashg‘ulotlarga oid yozishmalar;

  • Chegara hududlaridagi qurilish ishlari haqidagi hisobotlar.

Bundan tashqari, Milliy gvardiya va Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga tegishli deb belgilangan kichikroq hujjatlar to‘plami ham aniqlangan. Davlat investitsiya qo‘mitasiga oid yuzlab xatlar va 100 dan ortiq davlat tashkilotining nomlari, bo‘limlari hamda foydalanuvchilari ko‘rsatilgan ro‘yxat ham serverda bo‘lgan.

Ayrim hujjatlar ichida rasmiy tashriflar va delegatsiyalar bilan bog‘liq shaxslarning pasport hamda milliy identifikatsiya hujjatlari nusxalari ham mavjud bo‘lgan.

Muhim jihati, CloudSEK barcha hujjatlarni davlat siri yoki maxfiy hujjat deb ta’riflamagan. Hisobotda ular orasida mudofaa sohasiga oid yozishmalar, moliyaviy ma’lumotlar, shaxsiy hujjatlar va boshqa rasmiy materiallar borligi ko‘rsatilgan.

Xakerlar sun’iy intellektdan qanday foydalangan?

Hodisaning eng diqqatga sazovor jihatlaridan biri — xakerlarning sun’iy intellekt agentlaridan foydalanganidir.

CloudSEK ma’lumotiga ko‘ra, guruh Hermes nomli ochiq kodli avtonom AI-agentlar platformasini o‘z serveriga o‘rnatgan. Agentga Strix nomi berilgan.

Hermes — inson bergan vazifalarni bajarish uchun tashqi vositalar bilan ishlay oladigan AI-agentlar platformasi hisoblanadi. Undan foydalanuvchi vazifani belgilaydi, agent esa belgilangan vositalar orqali vazifani bajarish bosqichlarini amalga oshiradi.

CloudSEK topgan konfiguratsiyaga ko‘ra, agent asosiy vazifalarning ko‘pini DeepSeek V4.1 Flash modeli orqali bajargan. Qo‘shimcha vazifalarni bajarish uchun Gemini 2.5 Flash modeli ham ishlatilgan. Modellar OpenRouter xizmati orqali ulangan.

Tekshiruvda AI-agent quyidagi jarayonlarda qatnashgani aniqlangan:

  • Nishon tizimlari haqida dastlabki ma’lumot to‘plash;

  • Hujumni rejalashtirish va vazifalarni taqsimlash;

  • Ma’lumotlarni yig‘ish uchun maxsus dasturlar tayyorlash;

  • Fayllarni guruhlash va saqlash;

  • Operatsiya davomidagi natijalarni qayd etish;

  • Hujumdan keyin ayrim texnik izlarni tozalash.

Reuters bilan suhbatda CloudSEK vakillari hujumchi har bir buyruqni qo‘lda kiritish o‘rniga Hermes'ga nima qilish kerakligini aytganini tushuntirgan. Keyin agent rejalashtirish, bajarish, natijalarni qayd etish va hisobot tayyorlash jarayonlarini o‘z zimmasiga olgan.

CloudSEK serveridagi yozishmalarda operatorning agentga vazifalar bergani, uning natijalarini kuzatgani va keyingi harakatlarni belgilagani ko‘rinadi.

Shuningdek, agent bilan muloqotlar Telegram orqali amalga oshirilgan. Hujjatlarni yig‘ish jarayonida ham Telegram orqali natijalar haqida ma’lumot yuborib turilgan.

CloudSEK hisobotida agentning ayrim texnik tarixlarni o‘chirish va operatsiya izlarini tozalashga oid harakatlari ham qayd etilgan. Biroq server ochiq qoldirilgani sababli xakerlarning o‘ziga tegishli fayllar, yozishmalar va ma’lumotlar tadqiqotchilar qo‘liga tushgan.

O‘zbekistondagi «Aqlli o‘rmon xo‘jaligi» tizimi ham nishonga tushgan

CloudSEK hisobotida O‘zbekistondagi «Aqlli o‘rmon xo‘jaligi» (Smart Forestry) axborot tizimi bilan bog‘liq serverga ham kirish aniqlangani ma’lum qilingan.

O‘zbekiston hukumatining rasmiy ma’lumotlarida Smart Forestry platformasi o‘rmon resurslarini raqamli boshqarish, ularning holatini real vaqt rejimida kuzatish hamda geofazoviy ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash va saqlash uchun mo‘ljallangan tizim sifatida ta’riflangan.

CloudSEK aniqlashicha, xakerlar mazkur platformada foydalaniladigan GeoServer ortidagi serverda buyruqlarni bajarish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Bunga veb-ilova va ma’lumotlar bazasi orqali kirish zanjiri sabab bo‘lgani aytilgan.

Tahlilchilarning yozishicha, hujumchilar platforma serveriga zararli fayllarni joylashtirgan, ma’lumotlar bazasiga kirgan va serverda o‘z buyruqlarini bajarish imkoniyatini yaratgan.

Biroq CloudSEK hisobotida xakerlar serverda eng yuqori — root huquqini qo‘lga kiritmagani ham ko‘rsatilgan. Shunga qaramay, ular o‘rmonchilik ma’lumotlar bazasi va GeoServer orqali saqlanadigan yoki taqdim etiladigan ma’lumotlarni to‘liq boshqarish imkoniyatiga ega bo‘lgan.

Kompaniya hisobotida bu faollik avvalroq, 2026 yil may oyida ham kuzatilgani, biroq yangi aniqlangan server orqali hujum mexanizmining ayrim tafsilotlari ma’lum bo‘lgani aytilgan.

Turkmanistonga qarshi ehtimoliy hujumga ham tayyorgarlik ko‘rilgan

«CloudSEK» Turkmaniston davlat tashkilotlariga qarshi ishlatilishi mumkin bo‘lgan soxta hujjatlarni ham aniqlagan.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, 2026 yil oktabr oyida hujumchilar Turkmaniston temir yo‘llari nomidan tayyorlangan elektron chiptaga o‘xshash soxta hujjat hamda Ohal viloyati ma’muriyatining davlat dasturi hisobotiga o‘xshash maxsus faylni ishlab chiqqan va uni tekshirib ko‘rgan.

Ushbu hujjatlar kelajakdagi ehtimoliy fishing hujumi uchun mo‘ljallangan bo‘lishi mumkin.

Biroq «CloudSEK» hisobotiga ko‘ra, ushbu fayllarning tayyorlangani va sinovdan o‘tkazilgani Turkmaniston davlat idoralariga hujum muvaffaqiyatli amalga oshirilganini anglatmaydi. Kompaniya bu holatni ehtimoliy keyingi operatsiyalarga ko‘rilayotgan tayyorgarlik belgisi sifatida baholagan.

Теглар

Мавзуга оид