add

Ilon Mask Apple va OpenAI’ni «til biriktirganlik»da ayblab, sudga berdi

26.08.2025 | 15:1540604

Ilon Maskning xAI va X ijtimoiy tarmoq kompaniyalari Apple hamda OpenAI’ni «insofsiz raqobat va til biriktirish»da ayblab sudga murojaat qildi.

Ilon Mask Apple va OpenAI’ni «til biriktirganlik»da ayblab, sudga berdi
Bloomberg xabar berishicha, da’vo Texasning Shimoliy okrugi sudiga taqdim etilgan. Masalan, ChatGPT’ning iOS tizimiga integratsiya qilinishi orqali foydalanuvchilar tanlov erkinligidan mahrum bo‘lgani qayd etilmoqda. Maskning fikricha, bu holat smartfon va generativ sun’iy intellekt bozorida monopoliyani mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Da’vogarlar, shuningdek, App Store’dagi reyting tizimi orqali OpenAI raqobatchilari sun’iy ravishda chetga surilayotganini ta’kidlamoqda. Mask avval ham Apple’ni monopoliyaga qarshi qonunlarni buzishda ayblab kelgan va xAI orqali bu borada rasmiy da’vo tayyorlayotganini ma’lum qilgandi. Uning aytishicha, App Store OpenAI’dan tashqari boshqa sun’iy intellekt kompaniyalari ilovalarini yuqori o‘rinlarga chiqarmayapti. Shuningdek, X va Grok chat-boti kabi dasturlar «zarur» ilovalar ro‘yxatiga kiritilmagan, raqobatchilar esa imtiyozli shartlarda ilgari surilayotgan. OpenAI rahbari Sem Altman esa Maskni X platformasini shaxsiy manfaatlari yo‘lida ishlatishda aybladi. Uning ta’kidlashicha, OpenAI jamoasi asosiy e’tiborini «ajoyib mahsulotlar yaratish»ga qaratmoqchi. Ayni paytda Grok AQSH App Store’ida «Eng yaxshi bepul ilovalar» ro‘yxatining oltinchi o‘rnida tursa, ChatGPT birinchi o‘rinni egallab turibdi. Apple va OpenAI hamkorligi doirasida GPT-5 modeli Apple Intelligence’ga integratsiya qilingani ma’lum qilingan. Mask va OpenAI o‘rtasidagi kelishmovchiliklar 2018 yildan beri davom etib kelmoqda. U avval kompaniya direktorlar kengashidan ketgan, 2024 yilda esa yana sudga murojaat qilib, OpenAI’ni Microsoft’ning yopiq «sho‘ba korxonasi»ga aylantirishda ayblagan edi.

Teglar

Mavzuga oid