add

«Islomiy NATO» yoki yangi xavfsizlik o‘yini? — Yaqin Sharqda o‘zgarayotgan kuchlar muvozanati

Bugun 12:155 daqiqa

Ar-Riyod atrofida shakllanayotgan yangi mudofaa kelishuvlari ba’zilar tomonidan «Islomiy NATO» deb atalmoqda. Pokistonning yadroviy salohiyati, Saudiyaning moliyaviy qudrati va Turkiyaning harbiy kuchi birlashishi haqidagi gaplar Yaqin Sharqda kuchlar muvozanati o‘zgarishi mumkinligini ko‘rsatyapti.

«Islomiy NATO» yoki yangi xavfsizlik o‘yini? — Yaqin Sharqda o‘zgarayotgan kuchlar muvozanati

Yaqin Sharq bo‘ylab siyosiy jarayonlar izchil davom etmoqda. O‘tgan haftada Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal bin Farhon Shveysariyaning Davos shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon iqtisodiy forumi doirasida misrlik mavqedoshi Badr Abdulatti bilan uchrashib, «o‘zaro qiziqish uyg‘otadigan masalalarning keng doirasi»ni muhokama qildi, deb xabar bermoqda Saudiya tashqi ishlar vazirligi.

Ikki tashqi ishlar vaziri nafaqat AQSH prezidenti Donald Trampning Tinchlik kengashiga yo‘llagan takliflarini, balki o‘z mamlakatlari o‘rtasidagi yangi mudofaa pakti tafsilotlarini ham muhokama qilgani ehtimoldan xoli emas.

Bundan tashqari, Somali prezidenti Hasan Shayx Mahmud yaqin kunlarda Ar-Riyod bilan mudofaa kelishuvini imzolash uchun Saudiya Arabistoniga tashrif buyurishi kutilmoqda. Agar Somali Ar-Riyod va Qohira o‘rtasidagi kelishuvga qo‘shilsa, uch tomonlama pakt Saudiya va Misrning Qizil dengizni Adan qo‘ltig‘i va Hind okeani bilan bog‘lab turuvchi muhim dengiz yo‘li – Bob-ul-Mandib bo‘g‘ozining Afrika tomonidagi ta’sirini kuchaytiradi.

islomiy nato 02

 

«Islomiy NATO?»

«Bloomberg» agentligining yozishicha, Turkiya o‘tgan yil sentabrida Saudiya Arabistoni va Pokiston o‘rtasida tuzilgan mavjud «Strategik o‘zaro mudofaa kelishuvi»ga qo‘shilishga tobora ko‘proq qiziqish bildiryapti.

islomiy nato 03

Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon va Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif 2025 yil 17-sentabr kuni Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida mudofaa kelishuvini imzolash marosimida bir-birini quchoqlamoqda.

Foto: Saudiya Axborot agentligi

Ayrimlar tomonidan «Islomiy NATO» deb nomlanayotgan ushbu uch tomonlama kelishuv imzolangan taqdirda, yangi tuzilma Pokistonning yadroviy qudratini, Saudiyaning moliyaviy imkoniyatlarini va Turkiyaning harbiy salohiyatini birlashtiradi.

«Bu ramziy blok bo‘lmaydi. U yadroviy imkoniyatlar, strategik suv yo‘llari ustidan nazorat, ekspeditsion kuchlar va mafkuraviy ta’sirni birlashtiradi», deb yozadi italiyalik siyosiy maslahatchi va geosiyosiy ekspert Serjo Restelli yanvar oyida «The Times of Israel» nashrida e’lon qilingan maqolasida.

Uning ta’kidlashicha, bu imkoniyatlar Sharqiy O‘rta Yer dengizidan Qizil dengiz orqali Hind okeanigacha cho‘zilgan transmintaqaviy xavfsizlik o‘qini yaratadi. «Bunday geografik uzluksizlik musulmon aholisi ko‘pchilik bo‘lgan davlatlar orasida ilgari kuzatilmagan holat bo‘lib, AQSH ittifoqlari va mintaqaviy norasmiy tiyib turish orqali saqlab kelinayotgan mavjud muvozanatga shubhasiz xavf tug‘diradi».

Biroq Londonda joylashgan «The International Interest» xatarlar va razvedka kompaniyasi rahbari Sami Hamdiyga ko‘ra, Saudiya Arabistonining so‘nggi mudofaa kelishuvlariga bo‘lgan intilishi ortidagi asosiy omil AQSH xavfsizlik «soyaboni»ning zaiflashayotganidir.

«Mintaqada AQSH endi Ko‘rfaz davlatlarining xavfsizligini himoya qilishda ishonchli tayanch bo‘la olmaydi, degan qarash kuchayib bormoqda», – deydi Hamdiy.

U bunga 2019 yilda Yamandagi husiylar Saudiya neft inshootlariga hujum qilganidan keyin AQSH javob choralari ko‘rmaganini, shuningdek, 2025 yilning sentabrida mintaqadagi AQSHning eng yaqin ittifoqchisi bo‘lgan Isroil Qatar poytaxti Dohada HAMASning siyosiy rahbariyatiga zarba berganini misol sifatida keltirdi.

 

Geosiyosiy ziddiyatlar

Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) kabi Ko‘rfaz davlatlari o‘rtasidagi keskinlik so‘nggi paytlarda ortib bormoqda. Bu, asosan, ularning Sudan va Yamanda qarama-qarshi guruhlarni qo‘llab-quvvatlayotgani bilan bog‘liq.

O‘tgan yil dekabr oyida Saudiya Arabistoni Yamanning Hadramaut viloyatida BAA qo‘llab-quvvatlayotgan Janubiy o‘tish kengashi nazoratida bo‘lgan harbiy lagerga havo hujumlari uyushtirdi. Shu oy boshida esa Ar-Riyod Sudan armiyasini Tezkor qo‘llab-quvvatlash kuchlari deb ataladigan yarim harbiy tuzilmaga qarshi olib borayotgan urushda qo‘llash uchun qiymati 1,5 mlrd dollar bo‘lgan Pokiston–Sudan qurol-yarog‘ kelishuvini taklif qilgani haqida xabarlar tarqaldi. Ayni paytda, ushbu yarim harbiy kuchlar, garchi Abu Dabi buni inkor etsa-da, BAA tomonidan jihozlanayotgani aytilmoqda.

Shu bilan birga, yangi kelishuvlar izlash faqat Saudiya Arabistoni bilan cheklanib qolmayapti. Yaqinda BAA Pokistonning raqibi bo‘lgan Hindiston bilan ham keng qamrovli kelishuv imzoladi. Bu kelishuv Hindistonni nafaqat Abu Dabining suyultirilgan tabiiy gaz bo‘yicha eng yirik mijoziga, balki yadroviy hamkorlik sohasidagi eng yaqin sherigiga ham aylantiradi.

islomiy nato 04

Birlashgan Arab Amirliklari prezidenti Shayx Muhammed bin Zoyid Ol Nahayon Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan Nyu Dehlida, 2026 yil 19-yanvar. Foto: Modining «X»dagi sahifasidan.

«Menimcha, BAA–Hindiston kelishuvi faqat harbiy texnologiyalar haqida emas, balki siyosiy bayonot hamdir. Saudiya Arabistoni bilan munosabatlar sovuqlashgan bir paytda, BAA Saudiyaga nisbatan o‘z kuchini namoyon qilishga harakat qilyapti. Ya’ni, Saudiya geografik jihatdan kattaroq davlat bo‘lishi mumkin, ammo BAA hamon xalqaro maydonda salmoqli mavqega ega ekanini ko‘rsatmoqchi», – deydi Hamdiy.

 

«Haqiqiy uzilish yo‘q»

Yevropa tashqi munosabatlar kengashida Ko‘rfaz bo‘yicha tadqiqotchi sifatida faoliyat yurituvchi Chinziya Byankoning fikricha, turli yo‘nalishlar va manfaatlar to‘qnashuviga qaramay, hozirgi bosqichda Ar-Riyod va Abu-Dabi o‘rtasida jiddiy yoriqlar paydo bo‘lishini tasavvur qilish qiyin.

islomiy nato 05

Tinchlik Kengashi nizomini imzolash marosimi. Davos, Shveysariya, 2026 yil 22-yanvar

«Birlashgan Arab Amirliklari ham, Saudiya Arabistoni ham Donald Trampning Tinchlik kengashi tarkibida», — deya ta’kidladi u.

Saudiya Arabistonining ehtimoliy yangi xavfsizlik sherigi bo‘lgan Turkiya ham BAA bilan yaqin munosabatlarni saqlab qolmoqda. Shu sababli, Byanko ushbu yangi xavfsizlik kelishuvlari Saudiya Arabistoni va BAA o‘rtasida haqiqiy uzilishga olib keladi, deb hisoblamaydi.

«Agar ittifoqlar geosiyosati haqida o‘ylasak, AQSH qo‘llab-quvvatlamasa, baribir uzoqqa borib bo‘lmaydi», — deydi u.

BAA AQSHning yaqin ittifoqchisi hisoblanib, o‘z hududida bir necha AQSH harbiy bazalarini joylashtirgan. Shu bilan birga, AQSH–Saudiya munosabatlari ham Donald Tramp va Saudiya Arabistonining amaldagi rahbari, valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon o‘rtasidagi o‘zaro davlat tashriflari chog‘ida e’lon qilingan bir qator yirik kelishuvlar orqali yanada mustahkamlandi. Shularni hisobga olgan holda, yangi mudofaa kelishuvlarining ehtimoliy ta’siri ma’lum darajada cheklangan bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

«Islomiy NATO» g‘oyasi biroz mubolag‘ali», — deydi Hamdiy.

Uning fikricha, alohida davlatlar o‘rtasida mafkuraviy farqlar va turli manfaatlar hali ham juda ko‘p. Ammo bu kelishuvlar aslida ko‘proq texnologiyalarni almashish va ma’lum darajada mustaqillikka erishishga qaratilgan.

Teglar

Alibek Beyjanov

Alibek BeyjanovMaqolalar soni: 20

Barchasi

Mavzuga oid