Akayevning kutilmagan tashrifi: sobiq prezident Japarovning muddatini uzaytirishni taklif qilmoqda
U Sadir Japarovga qo‘shimcha 8-10 yillik boshqaruv mandatini taqdim etishga chaqirdi.

Qirg‘izistonning birinchi prezidenti Asqar Akayev amaldagi davlat rahbari Sadir Japarovga «qirg‘iz iqtisodiy mo‘’jizasi» rejasini amalga oshirish uchun yana bir prezidentlik muddatini berish taklifi bilan chiqdi. Bu haqda Kaktus.media nashri ma’lum qildi.
Akayevning fikricha, mamlakat iqtisodiyoti hozirda yuksalish bosqichida bo‘lib, ijtimoiy sohada ham ijobiy tendensiyalar kuzatilmoqda. Biroq belgilangan iqtisodiy rejalarni to‘liq bajarish uchun kamida 8-10 yil vaqt talab etiladi. Shu sababli sobiq prezident Qirg‘iziston xalqi amaldagi davlat rahbariga qo‘shimcha mandat berib, donolik bilan ish tutishiga umid bildirgan.
Uzoq vaqtdan so‘ng ilk bor mamlakatga kelgan Asqar Akayev Issiqko‘l xalqaro forumining yubileyida ishtirok etmoqda. Diqqatga sazovor jihati, ushbu tadbirning avval e’lon qilingan rasmiy ishtirokchilari ro‘yxatida uning ismi mavjud bo‘lmagan.
Akayevning avvalgi tashriflari
Asqar Akayev 2005 yil 24-martdagi inqilob paytida Qirg‘izistonni tark etgan va o‘sha yilning 3-aprelida rasman iste’foga chiqqan edi. Ushbu voqealardan keyin bu uning vatanga birinchi tashrifi emas.
Bundan avval, 2021 yilda sobiq prezident «Qumtor» oltin koni ishi bo‘yicha ko‘rsatma berish uchun Qirg‘izistonga kelgan. O‘shanda Akayev xalqqa murojaat qilib, oltin koni loyihasini amalga oshirishda yo‘l qo‘yilgan xatolar uchun qirg‘izistonliklardan uzr so‘ragan edi.





