Logo

Jahon banki Samarqandda tibbiyotni rivojlantirish uchun 100 mln dollar ajratdi

Кеча 15:352 дақиқа

Ajratiladigan mablag‘ viloyatdagi 400 dan ortiq oilaviy poliklinikani yangilash, tibbiyot xodimlarini tayyorlash va surunkali kasalliklarni erta aniqlashga yo‘naltiriladi.

Jahon banki Samarqandda tibbiyotni rivojlantirish uchun 100 mln dollar ajratdi © Ijtimoiy tarmoqlar

Jahon banki O‘zbekistonda birlamchi tibbiy yordam sifatini yaxshilash uchun 100 mln dollar imtiyozli kredit ajratilishini ma’qulladi. Mablag‘ Samarqand viloyatida amalga oshiriladigan SHIFO-1 dasturiga yo‘naltiriladi. Bu haqda Jahon banki ma’lum qildi.

Loyiha viloyatdagi qariyb 4,3 mln aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, surunkali kasalliklarni erta aniqlash va davolash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

400 dan ortiq oilaviy poliklinika yangilanadi

Dastur doirasida viloyatdagi 400 dan ortiq oilaviy poliklinikani modernizatsiya qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, 6,4 mingdan ortiq tibbiyot xodimi o‘qitilib, sertifikatlanadi. Ularning 1 ming 250 nafari oilaviy shifokor, 5 ming nafari hamshiralardir.

Jahon banki ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistondagi tibbiyot xodimlarining qariyb 80 foizini ayollar tashkil qiladi. Shu bois ularning malakasini oshirish ham loyihaning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Tibbiyot xizmatlarini raqamlashtirish uchun D-MED milliy platformasi ham kengaytiriladi. Unga bemorlarning elektron reyestri va birlamchi tibbiy yordam muassasalarida aholi salomatligini boshqarishga yordam beradigan vositalar qo‘shiladi. Natijada 330 ming nafar katta yoshli aholi yurak-qon tomir kasalliklari xavfi bo‘yicha tekshiriladi, 250 ming bemorning davolanish jarayoni esa kuzatib boriladi.

Loyiha 525 mln dollarga baholangan

SHIFO-1 dasturining umumiy qiymati 525 mln dollar. Uning 100 mln dollari Jahon bankining imtiyozli krediti, qolgan 425 mln dollari esa O‘zbekiston hukumati mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, dastur aholi salomatligini yaxshilash, mehnat unumdorligini oshirish va tibbiyot xodimlari malakasini kuchaytirish orqali qo‘shimcha 28 ming 800 ta, ish haqi yuqoriroq bo‘lgan ish o‘rni yaratilishiga yordam berishi mumkin.

Loyihani amalga oshirish uchun mas’ul idora sifatida Iqtisodiyot va moliya vazirligi belgilangan. Dastur 2028-yil 31-dekabrgacha davom etishi rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, SHIFO-1 loyihasi 2026-yil 5-mart kuni e’lon qilingan. 17-noyabr kuni esa bank direktorlar kengashi uni moliyalashtirishni ma’qullagan. Hozir loyiha tayyorgarlik bosqichida turibdi. Uni amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar boshlanishi belgilangan, biroq kredit qachondan kuchga kirishi hozircha ma’lum emas.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonda turli sohalarni rivojlantirish uchun bir qator kreditlar ajratishi haqida xabar berilgandi. Jumladan, bank yarimo‘tkazgich sanoatini rivojlantirish uchun 50 ming dollar, elektr taqsimlash tizimini modernizatsiya qilish uchun esa 200 mln dollar kredit ajratadi. Elektr tarmoqlarini yangilash dasturiga Jahon banki ham 100 mln dollar yo‘naltirishni rejalashtirgan.

Shuningdek, OTB O‘zbekistonda chorvachilikni rivojlantirish uchun 60 mln dollar imtiyozli kredit ajratadi. Loyiha besh hududdagi qariyb 29 mingta fermer xo‘jaligini qamrab oladi. Unga qo‘shimcha ravishda 8 mln dollar grant ham jalb qilinadi.

Теглар

Мавзуга оид