O‘zbekistonda dorilarni retseptsiz beriladigan toifaga kiritish tartibi yangilandi
Endi dori vositalarini retseptsiz sotishga ruxsat berishda uning tibbiyot xodimi doimiy kuzatuvisiz mustaqil va xavfsiz qo‘llanishi, noto‘g‘ri foydalanish, dozani oshirib yuborish, suiiste’mol qilish yoki qaramlikni keltirib chiqarish xavfining pastligi hisobga olinadi.
© Ijtimoiy tarmoqlarO‘zbekistonda dori vositalarini retseptsiz beriladigan toifaga kiritishda ularning shifokor nazoratisiz xavfsiz qo‘llash imkoniyati hamda noto‘g‘ri foydalanish xavfi baholanadi. Bu haqda tegishli hujjat 2026-yil 12-noyabr kuni 3430−2-son bilan Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Hujjatga muvofiq, dorilarni retseptsiz toifaga o‘tkazishda bir qator yangi mezonlar belgilandi. Xususan, tibbiyot xodimining doimiy kuzatuvisiz mustaqil va xavfsiz qo‘llash imkoniyati, dozani oshirib yuborish, suiiste’mol qilish yoki qaramlik keltirib chiqarish xavfining pastligi talab etiladi.
Shu bilan birga, qo‘llash yo‘riqnomasidagi ma’lumotlarning iste’molchi uchun aniq, to‘liq va tushunarli bo‘lishi, farmakonazorat natijalari va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan e’tirof etilgan organlarning hujjatlari ham hisobga olinadi.
Aralash tarkibli dorilar va qayta murojaat qilish tartibi
Yangi tartibga ko‘ra, ikki yoki undan ortiq faol modda birikmasidan iborat dori vositalari ham retseptsiz beriladigan toifaga kiritilishi mumkin. Bu jarayonda har bir faol moddaning terapevtik hissasi, kombinatsiyaning foyda va xavf nisbati, klinik asoslanganligi, shuningdek, o‘zaro ta’sir va noto‘g‘ri qo‘llash xavflari baholanadi.
Agar dori vositasini retsept bilan beriladigan toifadan retseptsiz toifaga o‘tkazish rad etilsa, ariza beruvchi ma’lum holatlarda uch yil kutmasdan qayta murojaat qilish huquqiga ega bo‘ladi. Buning uchun rad etish asoslari bartaraf etilgan yoki dori vositasining xavfsizligi va samaradorligiga oid yangi ma’lumotlar taqdim qilingan bo‘lishi lozim.
Shuningdek, vakolatli organ yangi xavfsizlik va samaradorlik ma’lumotlari, postmarketing nazorati natijalari hamda qonunchilikdagi o‘zgarishlarni inobatga olgan holda, dori vositasining toifasini mustaqil ravishda qayta ko‘rib chiqishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vaqt.uz O‘zbekistonda bepul dori olish tartibi va davlat bunga qancha sarflayotgani haqida ma’lumot bergandi.

