Logo

O‘zbekistonda ingliz huquqi asosida ishlaydigan raqamli texnologiyalar markazi tashkil etiladi

Senat Enterprise Uzbekistan xalqaro raqamli texnologiyalar markazi to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi. Bu — ingliz huquqi amal qiladigan, 2100 yilgacha soliq ta’tillari joriy etilgan va biznes uchun maxsus tartibga ega hudud.

O‘zbekistonda ingliz huquqi asosida ishlaydigan raqamli texnologiyalar markazi tashkil etiladi

Oliy Majlis Senati tomonidan «Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun ma’qullandi. Bu haqda Senatning 18-yalpi majlisi muhokamalari davomida ma’lum qilindi.

Senatorlar va Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat kelishuv komissiyasi manfaatdor organlar vakillari ishtirokida qayta ishlab chiqqan mazkur hujjat IT-park hududida «Enterprise Uzbekistan» xalqaro markazini yaratishni ko‘zda tutadi.

«Konstitutsiyaviy qonun bilan respublikamiz IT-park hududida ingliz huquqi tamoyillari asosida faoliyat yurituvchi «Enterprise Uzbekistan» raqamli texnologiyalar xalqaro markazining huquqiy poydevori yaratib beriladi», — deyiladi rasmiy xabarda.

Imtiyozlar va IT-gigantlarining jalb qilinishi

Qonunga muvofiq, markazda moslashuvchan soliq va bojxona rejimi, shuningdek, ayrim faoliyat turlari bo‘yicha soliqlardan ozod qilish hamda asbob-uskunalar va texnologiyalarni olib kirishning soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi. Markaz ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlash uchun yagona darcha yaratilishi va investitsiyalarni himoya qilish kafolatlari belgilanmoqda.

Mazkur hujjat xorijiy investorlarning mulkiy va intellektual huquqlarini xalqaro standartlar darajasida kafolatlaydi.

«Buning natijasida esa Apple, Google, Microsoft, Amazon kabi dunyoning eng yirik transmilliy IT-gigantlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yurtimizga kirib kelishiga huquqiy asos yaratadi», — deya ta’kidlanadi muhokama jarayonida.

Bundan tashqari, markazni tashkil etish, uning chegaralarini o‘zgartirish, strategik boshqaruv va asosiy mansabdor shaxslarni tayinlash O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari hamda qarorlariga asosan amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan.

Markaz faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi natijasida 2030 yilga qadar O‘zbekistonda raqamli xizmatlar eksportini 5 milliard AQSH dollariga yetkazish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, iqtisodiyotda 300 mingdan ortiq yuqori daromadli yangi ish o‘rinlari yaratilishi ma’lum qilindi. Senatorlarning fikricha, qonun IT sohasining yalpi ichki mahsulotdagi ulushini oshirishga va raqamli sektorga xorijiy investitsiyalar oqimini ko‘paytirishga xizmat qiladi.

Теглар

Мавзуга оид

O‘zbekistonda ingliz huquqi asosida ishlaydigan raqamli texnologiyalar markazi tashkil etiladi | Vaqt.uz