Qimmatlagan metan, gaz importidagi keskin sakrash va Mirziyoyev yodga olgan paxta terimi xotiralari — 1-iyun dayjesti

Кеча 23:363 дақиқа

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Qimmatlagan metan, gaz importidagi keskin sakrash va Mirziyoyev yodga olgan paxta terimi xotiralari — 1-iyun dayjesti

O‘zbekistonda gaz va neft qazib olish kamayib, import hajmi keskin oshmoqda

2026 yilning yanvar–aprel oylarida O‘zbekistonda tabiiy gaz qazib olish 12,6 milliard kub metrni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan sezilarli kamaydi. Neft va gaz kondensati ishlab chiqarish hajmlari ham pasaygan. Shu bilan birga, mamlakatning energiya resurslariga bo‘lgan import ehtiyoji keskin oshdi.

To‘rt oy davomida gaz importi uchun 508,3 million dollar sarflanib, bu o‘tgan yilga nisbatan 3,3 barobar ko‘p bo‘ldi. Neft va neft mahsulotlari importi esa 821,5 million dollarga yetgan. Shu fonda gaz eksporti 129,4 million dollargacha kamaygan bo‘lsa, neft va neft mahsulotlari eksportidan tushgan daromad 234,3 million dollarni tashkil qildi.

Respublika kinematografiya komissiyasi, Milliy va Badiiy kengashlar faoliyati tugatiladi — Prezident

Prezident Shavkat Mirziyoyev madaniyat va san’at sohasi xodimlari bilan uchrashuvda Respublika kinematografiya komissiyasi, Milliy va Badiiy kengashlar faoliyati tugatilishini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, mazkur tuzilmalar eskicha boshqaruv va samarasiz nazorat tizimidan voz kecha olmagan. Ularning o‘rniga kino janri va mavzusiga qarab shakllantiriladigan haq to‘lanadigan ekspert guruhlari tashkil etiladi.

Shuningdek, 1-sentabrdan davlat buyurtmasi asosida yaratiladigan filmlarda targ‘ibot va reklama uchun budjetning 30 foizigacha mablag‘ ajratiladi, xarid shartnomalarini ekspertizadan o‘tkazish talabi bekor qilinadi. Davlat buyurtmasi asosidagi filmlar namoyishidan tushgan daromadning 50 foizi ijodiy guruhlarga beriladi, «Oltin Humo» milliy kino taqdimoti uchun esa har yili 5 milliard so‘m ajratiladi.

Chakana va ulgurji savdo tovar aylanmasi hajmi ma’lum qilindi

2026 yil yanvar–aprel oylarida O‘zbekistonning chakana savdo tovar aylanmasi 165,9 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 22,9 foizga oshdi. Shu davrda ulgurji savdo tovar aylanmasi ham o‘sib, 155,9 trln so‘mga yetdi va yillik o‘sish 12,7 foizni tashkil qildi.

Umumiy ovqatlanish korxonalarining savdo aylanmasi esa 69,8 trln so‘mga yetgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 7,2 foizga ko‘pdir. Savdo va umumiy ovqatlanish sohalarida faoliyat yuritayotgan korxonalarning asosiy qismi kichik biznes va mikrofirmalar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

«U sharoitda yashash mumkinligiga hech kim ishonmaydi» – Shavkat Mirziyoyev paxta terimi yillarini esladi

Shavkat Mirziyoyev madaniyat va san’at xodimlari bilan uchrashuvda maktab yillarida har yili 4,5 oy paxta terimiga jalb qilinganini esladi. Uning aytishicha, Zomindan bo‘lgan o‘quvchilar 500 kilometr uzoqlikdagi paxta maydonlariga olib borilgan va shu sababli amalda 11 yillik ta’limning faqat 7 yilini maktabda o‘tkazgan.

Prezident o‘sha davrdagi yashash sharoitlari juda og‘ir bo‘lganini ta’kidlab, bu haqda hozir gapirilsa ham ko‘pchilik ishonmasligini aytdi. Shuningdek, u ziyolilar va madaniyat sohasi vakillarini o‘tmishdagi sharoitlar bilan bugungi o‘zgarishlarni taqqoslab baholashga chaqirdi va ma’naviyat hamda milliy o‘zlikni anglash masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

Metan shoxobchalarida gaz narxi 5750 - 5800 so‘mgacha oshdi

O‘zbekistonning qator hududlarida metan narxi oshdi. Farg‘ona vodiysi, Toshkent shahri va boshqa ayrim hududlarda AGTKSHlarda metan 5 700–5 800 so‘mgacha sotilmoqda. Bu avvalgi o‘rtacha 5 250 so‘mlik narxga nisbatan 8,5–10 foizlik o‘sishni anglatadi.

Energetika vazirligiga ko‘ra, narxlarning oshishi 1-iyundan energiya resurslari tariflari qimmatlashgani bilan bog‘liq. Xususan, AGTKSHlar uchun tabiiy gazning ulgurji narxi bir kub metr uchun 2 500 so‘mdan 2 750 so‘mgacha ko‘tarilgan. Shu sababli xususiy metan shoxobchalari chakana narxlarni qayta ko‘rib chiqqan.

Теглар

Мавзуга оид