Logo

Rossiya va Xitoy qaramligidan qutulish yo‘li: Markaziy Osiyo neft-gazini G‘arbga qanday olib chiqish mumkin?

Бугун 09:004 дақиқа

Markaziy Osiyo o‘zining ulkan neft va gaz zaxiralari bilan global energetika bozorini o‘zgartirib yuborishi mumkin. Ammo hozircha mintaqa resurslari ko‘rinmas kishanlar bilan bog‘langan: Qozog‘iston qazib olayotgan har besh barrel neftning to‘rttasi hamon Rossiya orqali eksport qilinmoqda, Turkmaniston gazining qariyb 80 foizi esa faqatgina Xitoyga ketyapti.

Rossiya va Xitoy qaramligidan qutulish yo‘li: Markaziy Osiyo neft-gazini G‘arbga qanday olib chiqish mumkin? © Ijtimoiy tarmoqlar

«The National Interest» jurnali 22-sentabr kuni Markaziy Osiyoning «O‘rta yo‘lak» loyihasi va Kaspiy orqali energiya eksporti masalasiga bag‘ishlangan maqola e’lon qildi. Mualliflar Kaush Arha va S. Frederik Starr Qozog‘iston hamda Turkmaniston ulkan neft va gaz zaxiralariga ega bo‘lsa-da, ularni G‘arb bozorlariga yetkazib berish imkoniyatlari cheklanganini ta’kidlagan.

Yevropa Markaziy Osiyo energiyasiga qiziqish bildirmoqda

Maqolada Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo bilan transport, energetika va boshqa sohalardagi aloqalarni kuchaytirishga intilayotgani qayd etilgan. Xususan, 2025 yilning aprel oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan «Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo» birinchi sammitida Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen mintaqani «Yevroosiyoning yuragi» va «global darvoza» deb atagan edi. Shuningdek, u mazkur sammitda infratuzilma, muhim minerallar, energetika, raqamli aloqa va suv loyihalari uchun 12 milliard yevrolik «Global Gateway» investitsiya paketini e’lon qilgan.

Tahlilchilarning fikricha, bu investitsiya va tashabbuslar hali to‘laqonli transport-energetika arxitekturasiga aylanib ulgurmagan. Ular Kaspiy — Qora dengiz yo‘lagini yagona strategik tizim sifatida rivojlantirish uchun AQSH va Yevropa Ittifoqining birgalikdagi sa’y-harakatlari zarurligini ta’kidlamoqda.

Qozog‘iston neftining asosiy qismi Rossiya orqali eksport qilinmoqda

Maqolada keltirilgan ma’lumotlarga qaraganda, Qozog‘iston yirik hajmda neft qazib olsa-da, har besh barreldan to‘rttasi G‘arbga Rossiya hududi orqali — Qora dengizdagi terminalga yo‘naltirilmoqda. Mualliflar bu holat Qozog‘iston neftini muqobil yo‘nalishlar orqali jahon bozorlariga olib chiqish masalasini yanada dolzarblashtirayotganini ta’kidlaydi.

Turkmaniston bo‘yicha ham shunga o‘xshash vaziyat kuzatilmoqda. Nashrning yozishicha, mamlakat Yevroosiyodagi eng yirik gaz zaxiralaridan biriga ega, ammo eksportning qariyb 80 foizi Sharqqa — Xitoyga yo‘naltirilgan. Mualliflar ushbu eksport yo‘nalishi Xitoy bilan tuzilgan tizimga o‘ta qaram bo‘lib qolganini qayd etadi.

Kaspiy dengizidagi asosiy muammo nimada?

«The National Interest» maqolasida Ozarboyjonning Boku porti hamda Janubiy Kavkaz orqali G‘arbga chiquvchi infratuzilma qo‘shimcha yuklarni qabul qilish salohiyatiga ega ekani aytilgan. Mualliflar «Boku – Tbilisi – Jayhon» neft quvuri to‘liq quvvat bilan ishlamayotganini, «Boku – Supsa» yo‘nalishi esa deyarli faoliyatsiz qolayotganini yozgan. Ularning fikricha, bu tizimda yetishmayotgan asosiy bo‘g‘in — bevosita Kaspiy dengizi orqali o‘tuvchi infratuzilmadir.

Shuningdek, «Boku – Tbilisi – Jayhon» quvurining yillik quvvati 60 million tonna ekani keltirilgan. Mualliflarga ko‘ra, hozirda quvur bu imkoniyatning taxminan yarmidan foydalanmoqda va bu holat Kaspiyning sharqiy sohilidan mazkur quvurga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanish yo‘qligi bilan izohlanadi.

Tahlilchilar Transkaspiy quvurlarini qurishni taklif qilmoqda

Maqolaning asosiy g‘oyasi Qozog‘iston nefti va Turkmaniston gazini Kaspiy dengizi orqali Ozarboyjonga yetkazuvchi yangi quvurlarni barpo etish zarurligiga asoslangan. Tahlilchilarning hisoblashicha, bunday infratuzilma Markaziy Osiyo resurslarining G‘arbga chiqish imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytiradi.

Shu nuqtayi nazardan, maqolada 1990 yillar oxiri va 2000 yillar boshida Kaspiy neftini G‘arbga olib chiqish maqsadida «Boku – Tbilisi – Jayhon» yo‘lagi barpo etilgani misol qilib keltirilgan. Mualliflar o‘sha davrda AQSH mazkur loyihani maxsus diplomatik va moliyaviy mexanizmlar orqali faol qo‘llab-quvvatlaganini eslatib o‘tgan.

Transkaspiy yo‘lagining yo‘qligi qanday oqibatlarga olib keladi?

Tahlilchilar agar Transkaspiy quvurlari qurilmasa, Rossiya va Eron Qozog‘iston nefti hamda Turkmaniston gazining G‘arbga chiqishida o‘z ta’sirini saqlab qolishidan ogohlantiradi. Shuningdek, ular Xitoyning Markaziy Osiyo resurslarini o‘zlashtirish hajmi yanada oshishi, mintaqa davlatlarining Kaspiy orqali integratsiyalashuv jarayoni sekinlashishi va AQSHning mintaqadagi ishonchli hamkor maqomi so‘roq ostida qolishi mumkinligini yozgan.

Mualliflar Transkaspiy transport va energetika infratuzilmasini rivojlantirishni AQSH prezidenti Donald Tramp va Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayenning o‘zaro hamkorligi bilan bog‘laydi. Ular Kavkazdagi «Trump Route for International Peace and Prosperity» (Xalqaro tinchlik va farovonlik uchun Tramp yo‘li) loyihasi ham Markaziy Osiyo bilan qo‘shimcha bog‘lanishlarsiz o‘z salohiyatini to‘liq namoyon qila olmasligini ta’kidlamoqda.

Xulosa qilib aytganda, mualliflarning asosiy taklifi Qozog‘iston nefti va Turkmaniston gazini Kaspiy orqali G‘arbga olib chiquvchi yangi quvur infratuzilmasini yaratishdan iboratdir. Ular buni Markaziy Osiyoning «O‘rta yo‘lak» loyihasini kuchaytirish va Yevropa bilan energetik aloqalarni kengaytirishning eng muhim sharti sifatida ko‘rsatgan.

Теглар

Мавзуга оид