Logo

Xitoy O‘zbekistonda axborot ta’sirini kuchaytiryapti — «Eurasianet»

Xitoyning CGTN telekanali bir necha hafta ichida O‘zbekiston haqida o‘zbek va rus tillarida 70 ga yaqin material e’lon qildi. Bu jarayon AQSHning Markaziy Osiyodagi faollashuvi bilan ayni bir vaqtga to‘g‘ri keldi.

Xitoy O‘zbekistonda axborot ta’sirini kuchaytiryapti — «Eurasianet» © CGTN videosidan skrinshot

Xitoy O‘zbekiston bilan iqtisodiy va siyosiy hamkorlikni kengaytirish barobarida, axborot maydonidagi faolligini ham oshirmoqda. «Eurasianet» nashrining tahliliga ko‘ra, Xitoyning xalqaro CGTN telekanali 2026 yil oktabr oxiri va noyabr boshlarida O‘zbekistonga oid o‘zbek va rus tillarida 70 ga yaqin maqola hamda videolavhalar e’lon qilgan.

Ushbu materiallarda ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy munosabatlar, savdo, investitsiya, ta’lim, madaniyat va ijtimoiy aloqalar keng yoritilgan. Shuningdek, ularda o‘zbekistonlik va xitoylik rasmiylar, tadbirkorlar, olimlar, san’atkorlar hamda turli soha vakillarining fikr-mulohazalari keltirilgan.

«Eurasianet» bu holatni Xitoyning O‘zbekiston jamoatchiligi orasida o‘zining ijobiy imijini mustahkamlashga qaratilgan axborot kampaniyasi sifatida baholagan. Nashr taxminiga ko‘ra, ushbu jarayon AQSH Davlat kotibi Marko Rubioning oktabr oyidagi Samarqandga tashrifi va amerikalik kompaniyalar bilan erishilgan kelishuvlardan so‘ng faollashgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

70 ta materialda asosan nimalar yoritildi?

«Eurasianet» ko‘ra, CGTN materiallarida Xitoy o‘zbekistonliklar uchun biznes, ish, ta’lim va sayohat imkoniyatlari keng ochilgan mamlakat sifatida taqdim etilgan.

Masalan, Pekinda Shavkat Mirziyoyevning «O‘zbekistonning barqaror taraqqiyot va farovonlik yo‘lida» nomli kitobining xitoy tilidagi nashri taqdimoti keng yoritilgan. 4-noyabr kuni Toshkent bilan birodarlashgan shaharlar o‘rtasidagi munosabatlar, ikki mamlakat shaharlarining madaniy o‘xshashliklariga doir materiallar e’lon qilingan bo‘lsa, 6-noyabrda Xitoy–O‘zbekiston munosabatlari misli ko‘rilmagan darajaga yetgani haqida maqola chop etilgan.

Bu kabi misollar CGTN o‘z materiallarida nafaqat siyosiy hamkorlikka, balki madaniy yaqinlik va xalqlar o‘rtasidagi aloqalarga ham alohida e’tibor qaratganini ko‘rsatadi.

AQSH bilan iqtisodiy kelishuvlar fonidagi axborot raqobati

Xitoyning axborot maydonidagi faolligi kuchaygan bir paytda O‘zbekiston AQSH bilan ham iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga harakat qilayotgan edi. Xususan, 2026 yil 19-oktabr kuni AQSH Davlat kotibi Marko Rubio boshchiligidagi, tarkibida 100 dan ortiq yirik kompaniya vakillari bo‘lgan delegatsiya Samarqandga tashrif buyurdi.

O‘zbekiston–AQSH ishbilarmonlik va investitsiya kengashining ikkinchi yig‘ilishi doirasida umumiy qiymati 12 milliard dollarlik 54 ta kelishuv va biznes-tashabbuslar e’lon qilindi. Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari qatoridan muhim minerallar, energetika, transport, moliya, ma’lumotlar markazlari, sun’iy intellekt va raqamlashtirish kabi sohalar o‘rin olgan.

«Eurasianet» nashrining ta’kidlashicha, Xitoyning axborot faolligi aynan mana shu tashrifdan so‘ng sezilarli darajada kuchaygan. Muallif buni Pekinning AQSH mintaqadagi iqtisodiy ta’sirini kengaytirayotganiga nisbatan yuzaga kelgan munosabati sifatida baholaydi.

Xitoy bosh vaziri Li Syan ham 18-oktabr kuni Toshkentga tashrif buyurib, Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashgan edi. Muzokaralarda savdo, investitsiya, sun’iy intellekt, yashil iqtisodiyot va infratuzilma sohalaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilingan.

Xitoy O‘zbekiston iqtisodiyotida qanday o‘rin tutmoqda?

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning yanvar–sentabr oylarida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasining 23,2 foizi aynan Xitoy hissasiga to‘g‘ri kelgan va u mamlakatning eng yirik savdo hamkori bo‘lgan. 2025 yil yakunlariga ko‘ra ham Xitoy tashqi savdo aylanmada 21,2 foizlik ulush bilan birinchi o‘rinni band etgan edi.

Xitoy Bosh vaziri Li Syanning oktabr oyidagi tashrifi chog‘ida rasmiy Pekin O‘zbekistonda xitoylik sarmoyadorlar ishtirokida 6 mingdan ortiq qo‘shma korxona faoliyat yuritayotganini ma’lum qildi. Bundan tashqari, ikki davlat nafaqat savdo, balki transport, qayta tiklanuvchi energetika, elektromobillar, ta’lim va raqamli texnologiyalar sohasida ham yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda.

O‘zbekiston OAVlarida Xitoy qanday tasvirlanmoqda?

2026 yilning aprel oyida «Central Asian Survey» ilmiy jurnalida O‘zbekiston internet OAVlarida Xitoy obrazi qanday shakllanayotganiga doir maxsus tadqiqot e’lon qilindi. Muhammadsodiq Donayev va Xong Chjan muallifligidagi ushbu ishda 2023–2024 yillar davomida O‘zA hamda Kun.uz nashrlarida chop etilgan jami 1 501 ta maqola tahlil qilingan.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, davlatga qarashli O‘zA nashrida Xitoy ko‘proq ijobiy rakursda yoritilgani, xususan, siyosiy hamkorlik, iqtisodiy loyihalar va madaniy diplomatiyaga katta urg‘u berilgani ma’lum bo‘lgan. Xususiy Kun.uz nashrida esa Xitoyga oid materiallar ko‘lami kengroq bo‘lib, unda xavfsizlik, texnologiya, ta’lim va jamoatchilik fikriga doir tanqidiy nuqtai nazarlar ham tez-tez uchrab turgan.

Теглар

Мавзуга оид