
«O‘tkan kunlar» mojarosi: noqonuniy tarjimani tarqatgan O‘zDJTU xodimi jarimaga tortildi
Tarjimon 8,24 mln so‘mdan 412 mln so‘mgacha tovon puli talab qilish huquqiga ega.

Ijtimoiy tarmoqlarda amerikalik tarjimon va sharqshunos olim Mark Rizga tegishli «O‘tkan kunlar» romanining ingliz tilidagi tarjimasi («Bygone Days») noqonuniy tarqatilayotgani haqida murojaat e’lon qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Murojaat asosida Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida o‘rganish o‘tkazildi. Natijada ushbu asar Mark Rizdan ruxsat olinmasdan, hech qanday shartnomasiz to‘liq holda elektron shaklga o‘tkazilgani va unilibrary.uz tizimiga joylangani aniqlangan.
Qayd etilishicha, holat yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177¹-moddasi (mualliflik va turdosh huquqlarni buzish) bilan bayonnoma rasmiylashtirilgan. Sud qaroriga ko‘ra, mas’ul xodimga 2 060 000 so‘m miqdorida jarima belgilanib, asarning elektron nusxasi unilibrary.uz tizimidan o‘chirib tashlangan.
Bundan tashqari, Adliya vazirligi xodimlari O‘zDJTUda mualliflik huquqiga rioya qilish bo‘yicha seminar-trening o‘tkazgan.
Vazirlik tarjimon Mark Rizga huquqbuzardan BHMning 20 baravaridan 1000 baravarigacha (8,24 mln — 412 mln so‘m) miqdorda tovon puli talab qilish huquqiga ega ekanligini ma’lum qilgan.





