
O‘zbekistonda fuqarolar orasida kredit olish holatlarining ortishi: sabablar, xavflar, yechim va takliflar
10.07.2025 | 15:00422723
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda kreditlash hajmining jadal ortayotgani kuzatilmoqda. Bu holat 2025 yil iyul oyi holatiga Markaziy Bankning rasmiy hisobotlarida ham o‘z aksini topgan. Ayniqsa, iste’mol kreditlari, ipoteka va mikroqarzlar segmentlarida keskin o‘sish mavjud.

2025 yil iyul oyi yakunlariga ko‘ra, umumiy kredit portfeli o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 23 foizga oshgan bo‘lib, bu o‘sish sur’ati oxirgi besh yildagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri sanaladi. Iste’mol kreditlari 34 foiz, ipoteka kreditlari 19 foiz, mikroqarzlar esa 41 foiz ga ortgani aholining kreditga murojaat qilishida yangi bosqich boshlanganini ko‘rsatadi. Bu raqamlar ortida esa murakkab iqtisodiy, ijtimoiy va moliyaviy omillar yotibdi.
Markaziy Bankning so‘nggi, 2025 yil 7 iyul holatiga ko‘ra qilgan hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonda avtokreditlarning o‘rtacha foiz stavkasi 24,2 foizni tashkil qiladi. Eng kam foiz stavkalari Ipoteka bank (21), OFB(21,2),NBU (23,3) da kuzatilsa, Hamkor bank (29,2), Madad Invest (28) bank hamda Infinbank (28) da eng yuqori foiz stavkalari mavjud.
Markaziy bank taqdim etgan statistikalarga ko‘ra, aholi orasida mikroqarz olish foizi oshib bormoqda. 2025 yil iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda mikroqarzlarning o‘rtacha foiz stavkasi 35,4 foizni tashkil qiladi. Eng kam foiz stavkalari Aloqabank (21,5 ), Hayotbank (25) va Infinbankka (25,6), eng yuqorisi Apex bank (40,6), TBC bank (39,7), Tenge bankka (39,5) tegishlidir.
Kreditlash o‘sishining asosiy sabablari
I. Iqtisodiy faollik va ichki iste’molning ortishi Kreditlash hajmining ortishiga sabab bo‘luvchi asosiy omillardan biri mamlakatda makroiqtisodiy o‘sish sur’atlarining barqarorligidir. Jahon bankining 2025 yil bahoriy hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonda 2024 yilda YAIM 6 foizga, 2025 yil I chorakda esa 6.8 foizga oshgan. Bu o‘sish, avvalo, iste’mol darajasining ko‘tarilishiga olib kelmoqda. Aholi sonining ortib borayotgani (2025 yil holatiga 38 millionga yaqin) va urbanizatsiya jarayonlari kreditlashga bo‘lgan talabni kuchaytirmoqda. Iqtisodchi Behzod Hoshimovning fikricha, O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish «nafaqat davlat investitsiyalariga, balki xususiy iste’molning kengayishiga ham tayanmoqda». Bu degani, odamlar ko‘proq xarajat qilmoqda, ayni paytda ularni moliyalashtirish uchun kreditga murojaat qilmoqda.II. Foiz stavkalari va monetar siyosat ta’siri Markaziy Bank 2025 yil iyul holatida asosiy stavkani 14 foiz darajasida saqlamoqda. Bu inflyatsiya darajasi (8,7 foiz) bilan solishtirilganda, real foiz stavkalari oddiy fuqarolar uchun bo‘lib qolmoqda. Banklar bu sharoitda iste’mol kreditlari va mikroqarzlarni faol taklif qila boshladi. «Bank tizimidagi likvidlikning yetarli darajada bo‘lishi, barqaror foiz siyosati hamda aholining ortib borayotgan ehtiyojlari kredit portfelining kengayishiga olib keldi», — degan edi Markaziy Bankning sobiq raisi Mamarizo Nurmuratov bu borada. Markaziy Bankning 2025-yil birinchi yarmiga oid statistik axborotiga ko‘ra, tijorat banklari tomonidan berilgan kreditlarning 60 foizdan ortig‘i aynan jismoniy shaxslar ulushiga to‘g‘ri kelmoqda. III. Bank sektoridagi raqamli islohotlar va raqobat 2023–2025 -yillarda bank tizimida raqamlashtirish sur’atlari sezilarli darajada oshdi. Mobil ilovalar orqali onlayn kredit olish imkoniyatlari kengaydi. Masalan, «Ipoteka-bank», «Hamkorbank» va «Anorbank» singari banklar mijozlarga 15 daqiqada iste’mol kreditini tasdiqlash imkonini beruvchi xizmatlarni joriy qildi. Ammo faqat makroiqtisodiy barqarorlik emas, balki madaniy va ijtimoiy omillar ham muhim ahamiyatga ega. Hozirgi kunda kredit olish faqat iqtisodiy zarurat emas, balki ko‘plab yoshlar uchun «normal hayotning bir qismi» sifatida qabul qilinmoqda. Odamlar nafaqat zarur mahsulotlarni, balki status timsollarini – smartfonlar, avtomobillar, «brendli» mahsulotlarni ham kredit evaziga olishga intilmoqda. Bu esa moliyaviy savodxonlik darajasining pastligi va qarz olishga mas’uliyatsizlik bilan qaralayotgan holatlar bilan uyg‘unlashmoqda.
Kreditlashning ortishi ortidagi xavflar
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda aholi va biznes sub’ektlari orasida kredit olish holatlari keskin ko‘paydi. 2025 yil iyul holatiga ko‘ra, Markaziy Bank ma’lumotlarida umumiy kredit portfeli 566 trillion so‘mdan oshgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 23 foizlik o‘sishni anglatadi.I.Muammoli kreditlar sonining ko‘payishi Kreditlashning o‘sishi bilan birga ularni qaytarishdagi muammolar ham ortmoqda. Markaziy Bankning 2025 yil birinchi yarim yilligi bo‘yicha hisobotida ta’kidlanishicha: 2021 yildan 2025 yilga qadar O‘zbekistonda muammoli kreditlar (NPL – non pergoming loans) hajmi bosqichma-bosqich ortib bordi va bank sektorida dolzarb muammo sifatida yuzaga chiqdi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yil yakunida mamlakatda muammoli kreditlar jami 5,8 trln so‘m bo‘lgan. 2021 yil oxiriga kelib, bu miqdor deyarli uch barobarga — 17 trln so‘mgacha oshgan. Keyingi o‘sish to‘lqini 2024 yilga to‘g‘ri kelgan. O‘tgan yilning 1 yanvarida muddati o‘tgan kreditlar 16,6 trln so‘m edi. Bir oy ichida mazkur ko‘rsatkich 20 tlrn so‘mgacha chiqqan, may oyi avvalida esa 23,3 trln so‘mgacha o‘sgan. 2024 yilda iqtisodiyotga ajratilgan jami kreditlar 2023 yildagiga nisbatan 14,3 foizga oshib, 287 trln so‘mni tashkil etgan. Natijada umumiy kredit qo‘yilmalar qoldig‘i 533,1 trln so‘mga (41 mlrd dollar) yetdi. Buning 366,7 tlrn so‘mi (28,2 mlrd dollar) davlat banklariga tegishli. Umumiy qarzlardan muammoli kreditlar ulushi 21,2 trln so‘mni (1,6 mlrd dollardan ortiq) tashkil etdi (bir yilda 4,5 tlrn so‘mga ko‘paydi). Shundan 14,3 trln so‘mi davlat ulushi mavjud banklar, 6,8 trln so‘mi boshqalari tomonidan ajratilgan.
Umuman olganda, davlat banklarining barchasida muddati o‘tgan kreditlar mavjud. Ular orasida eng yirik miqdor “O‘zmilliybank”da — 3,3 trln so‘m. Shu qatorda “Agrobank” (2,9 trln so‘m), “Biznesni rivojlantirish banki” (1,9 trln so‘m) va “O‘zsanoatqurilishbank” (1,8 trln so‘m) ajratgan kreditlarda muammolilari ulushi yuqori.
Qolgan davlat banklardagi o‘z vaqtida qaytarilmagan kreditlar miqdori quyidagicha:
- Asaka bank — 1,7 trln so‘m;
- Xalq banki — 1,2 trln so‘m;
- Mikrokreditbank — 804 mlrd so‘m;
- Aloqa bank — 242 mlrd so‘m;
- Turon bank — 354 mlrd so‘m.
Nima sababdan kredit foizlari O‘zbekistonda yuqori?
Iqtisod fanlari doktori, professor To‘lqin Boboqulovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda kredit foizlari yuqori ekaniga inflyatsiyadan tashqari yana bir qancha muhim omillar sabab bo‘lmoqda. «Haqiqatdan ham, O‘zbekistonda kredit foizlari juda yuqori. Buning birinchi sababi – bu inflatsiya darajasining balandligi. Inflatsiya darajasi baland bo‘lgan sharoitda tijorat banklari past foizli kredit bera olmaydi. Ikkinchi sabab – O‘zbekiston banklarida arzon resurs yo‘qligi. Iqtisodiyotda qimmatchilik. Bitta arzon resurs bu imtiyozli kredit. Uni davlat beradi. Uchinchi sabab – risk yuqori. Qanchadan qancha imtiyozli kreditlar berildi. Bularni banklar qaytara olgani yo‘q. Buning ortidan juda katta qarzdorlik yuzaga keldi. To‘rtinchidan – valyuta riski», deydi iqtisodchi Fitch Ratings 2025 yil aprel oyidagi hisobotida shunday ogohlantiradi: «Chakana kreditlarning o‘sishi tez sur’atlarda amalga oshdi, ammo banklarning risklarni boshqarish amaliyoti ustida ishlanmadi. Biz kam ta’minlangan qarz oluvchilar orasida to‘lay olmaslik natijasida stress belgilari kuchayib borayotganini ko‘rmoqdamiz». Bu degani, banklar kredit taklifini kengaytirdi, ammo ularning risklarni baholash mexanizmlari hali yetarlicha kuchli emas.II.Ortiqcha qarzdorlik va daromadga nisbatan yuklama «O‘zbekistonda ko‘plab fuqarolar bir vaqtning o‘zida 2–3 kredit to‘laydi. Aksariyat hollarda kreditlar daromadlarining 50–60 foizini yutib yuboradi», deydi iqtisodchi Behzod Hoshimov. Markaziy Bank 2024 yil oxirida kredit yuklamasi (debt service to income ratio — DSTI) ko‘rsatkichlarini tartibga solish bo‘yicha tavsiyalar bergan. Ammo amalda bunday holatlar keng tarqalgan. Ayrim banklar foiz stavkalarini past ko‘rsatish yoki muddati tugagan kreditlarni yangi kredit bilan yopish kabi riskli amaliyotlarni qo‘ll
III. Mikroqarzlar bo‘yicha regulyatsiya zaifligi Mikromoliyaviy tashkilotlar tomonidan berilayotgan qarzlar soni va hajmi ham ortmoqda. Bu tashkilotlar odatda yuqori foizli kreditlar taklif qiladi — yillik foiz stavkasi ayrim hollarda 35–40 foizgacha yetadi. Bankdan rad etilgan mijozlar aynan shu kanallar orqali qarz olishga majbur bo‘lmoqda. 2025 yil may holatiga ko‘ra:
- Mikroqarzlarning 17 foizdan ortig‘i 60 kunlik to‘lov kechikishi holatida.
- Ayrim hududlarda (masalan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida) mikroqarzlar bo‘yicha kechiktirilgan to‘lovlar 20 foizga yaqinlashmoqda.





