add

Postsovet respublikalarida rus tili masalasi: vaziyat chindan ham e’tirozlimi?

08.07.2025 | 11:2048529

Rossiya tomonidan so‘nggi yillarda ayrim sobiq sovet respublikalarida rus tilini o‘qitish, uning mavqei va rusiyzabon aholiga munosabatni barcha muammolarning aybdori sifatida ko‘rsatish tendensiyasi kuchayib bormoqda.

Postsovet respublikalarida rus tili masalasi: vaziyat chindan ham e’tirozlimi?
Ayrim postsovet mamlakatlarida mustamlakachilik ta’sirida hali hamon rus tili davlat tili bilan bir qatordagi muhim tillar sirasiga kiradi. Ekspertlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda ayrim sobiq sovet respublikalarida rus tiliga bo‘lgan e’tibor barcha muammolarning aybdori sifatida ko‘rsatish tendensiyasi kuchayib bormoqda. Moskvada rus tilini cheklovchi qonunlar qabul qilinishi va rusiyzabon aholi huquqlarining buzilishi ortidan Kavkazorti va Markaziy Osiyo davlatlariga qarshi yangi sanksiyalar to‘plami tayyorlanayotgani haqida hozir rasman tasdiqlanmagan xabarlar ham tarqala boshladi. Radikal rus manbalariga ko‘ra, Rossiya bu borada asosiy e’tiborni Tojikiston, O‘zbekiston va Qirg‘izistonga qaratmoqchi. Go‘yoki bu davlatlarda rus tilini cheklovchi qonunlar va rusiyzabon aholiga nisbatan bosimlar tobora sezilarli tus olmoqda ekan. Xo‘sh, vaziyat rossiyalik ayrim ekspertlar yozayotgan darajada achinarlimi? Keling, bu borada Markaziy Osiyo davlatlarida yangragan bayonotlar bilan tanishamiz.   Qirg‘iziston Sadir Japarov mamlakatda rus tilini rasmiy maqomdan mahrum qilib bo‘lmasligini va buning sababini ma’lum qildi. Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakatda rus tilini rasmiy maqomdan mahrum qilib bo‘lmasligini va buning sababini ma’lum qildi. Sadir Japarov Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Qirg‘izistonda rus tiliga bo‘lgan hurmat va e’tibor uchun minnatdorchilik bildirganini ta’kidladi. Shuningdek, ayni paytda mamlakatda rus tilining rasmiy til maqomini o‘zgartirish kerak degan siyosatchilar ham borligini qo‘shimcha qildi. «Biroq rus tili bizning Konstitutsiyamizda rasmiy til sifatida belgilangan. Vladimir Vladimirovich [Putin] biz rus tilini qo‘llab-quvvatlab kelayotganimizni qadrladi. Aslida, rus tili bizga emas, biz rus tiliga muhtojmiz. Birinchidan, rus tili dunyodagi eng muhim olti til qatoriga kiradi. Ikkinchidan, biz rus tilisiz xalqaro aloqalarda cheklovlarga duch kelamiz. Masalan, qo‘shni O‘zbekiston va Tojikistonda rus tilisiz muloqot qilish qiyin. Yevropa, Amerika yoki Xitoyda ham ko‘plab sohalarda rus tiliga ehtiyoj bor. Shu bois rus tilining maqomini o‘zgartirish taklifi noto‘g‘ri deb hisoblayman. Albatta, o‘zbek va qirg‘iz tillarini rivojlantirish birinchi o‘rinda bo‘lishi kerak. Ammo rus va ingliz tillarini bilish ham muhim. Hozirgi yoshlarimiz 3–4 tilda bemalol gaplashmoqda. Bu esa ularga butun dunyoda erkin harakat qilish imkonini beradi. Ko‘p til bilish — bu faqat foyda», dedi u.   Qozog‘iston Qozog‘iston prezidenti Qosim Jo‘mart To‘qayev mamlakatda rus tiliga munosabat borasida 2021 yilda quyidagi fikrni bildirib o‘tgan: «Qozog‘iston – ko‘p millatli davlat. Bizning yondashuvimiz shundaki, davlat tili – qozoq tilini rivojlantirish bilan birga, rus tiliga nisbatan hurmat saqlanadi. Chunki bu tilda millionlab fuqarolarimiz so‘zlashadi. Rus tili xalqaro tildir. Bu — bizning boyligimiz va ustunligimiz. U millatlararo muloqot vositasi bo‘lib qolaveradi».   O‘zbekiston O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev maktablarda haligacha rus tili darslari saqlanib qolayotganiga quyidagicha munosabat bildirgan: «Davlat tili bu — o‘zligimiz. Ammo boshqa tillarni bilish — bu taraqqiyotga yo‘l. bugungi global davrda ingliz, rus, boshqa tillarni bilish — yoshlarimizga imkoniyat eshiklarini ochadi. Shu bois, biz maktablarda xorijiy tillarni, jumladan, rus tilini ham chuqur o‘rgatishni davom ettiramiz».   «Til urush e’lon qilmaydi» Tarjimon Andrey Koustga ko‘ra, «Rus tili – siyosiy tizim emas va agressor ham emas. Til tashqi siyosat yuritmaydi, urush e’lon qilmaydi, qaror qabul qilmaydi. Til — muloqot vositasi va millionlab insonlar, jumladan sobiq ittifoq respublikalarining o‘z fuqarolari ham undan foydalanadi. Tilni Kreml siyosati bilan bog‘lash mantiqiy xatodir, bu xuddi ingliz tilini mustamlakachilikda, xitoy tilini esa inson huquqlarining buzilishida ayblashga o‘xshaydi. Til madaniyat va tarixning aksidir, siyosiy bosim vositasi emas. Olim asosiy muammo tilda emas, tizimli muammolarda ekanini ta’kidladi. Bularga avtoritarizm merosi, nogiron institutlar, vertikal boshqaruvga o‘rganib qolish va korrupsiyani misol qilib keltirdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, yana bir muammo geosiyosiy raqobat va ichki siyosiy xatolardir. Ya’ni ayrim elitlar samarali boshqaruv, qonun ustuvorligi va haqiqiy islohotlarni yo‘lga qo‘ya olmaganliklari inqirozlarga olib kelmoqda. Bunda tilning hech qanday ahamiyati yo‘q. Mehrinoza Farmonova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid