
Yevropa yetakchilari Tramp va Putin uchrashuvi oldidan Ukraina tinchligi bo‘yicha bayonot berdi
10.08.2025 | 22:1050203
Yevropa Kengashi va qo‘hna qit’aning bir qator davlatlari rahbarlari AQSH prezidenti Donald Trampning Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatladi va muzokaralar shartlarini belgiladi.

AQSH prezidenti Donald Tramp va Rossiya rahbari Vladimir Putin uchrashuvi arafasida Yevropa yetakchilari qo‘shma bayonot e’lon qildi. Unga Fransiya va Finlandiya prezidentlari, Polsha, Buyuk Britaniya, Italiya bosh vazirlari, Germaniya kansleri hamda Yevropa komissiyasi raisi imzo chekdi.
Bayonotda Yevropa davlatlari Vashingtonning Ukrainada «adolatli va barqaror tinchlik» o‘rnatishga qaratilgan sa’y-harakatlarini olqishladi. Ular faol diplomatiyani, Kiyevni qo‘llab-quvvatlashni va Rossiyaga bosimni uyg‘unlashtirish zarurligini ta’kidladi.
«Biz bu ishlarga diplomatik jihatdan ham, Ukrainaga sezilarli harbiy va moliyaviy yordamni saqlab qolish orqali ham yordam berishga tayyormiz. Shuningdek, Rossiyaga qarshi cheklov choralarini davom ettiramiz», — deyiladi matnda.
Yevropa yetakchilari muzokaralar Ukraina va butun qit’a xavfsizligi manfaatlarini hisobga olishi, jumladan, Kiyevga ishonchli xavfsizlik kafolatlari berilishi shartligini bildirdi. Ukraina o‘z taqdirini mustaqil belgilash huquqiga ega ekani urg‘ulandi.
«Xalqaro chegaralar kuch bilan o‘zgartirilmasligi kerak. Hozirgi to‘qnashuv chizig‘i muzokaralar uchun boshlang‘ich nuqta bo‘lishi mumkin», — deyiladi hujjatda. Shuningdek, muzokaralar faqat o‘t ochish to‘xtatilganda yoki janglar sezilarli kamayganda boshlanishi mumkinligi qayd etildi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Telegram orqali Yevropa yetakchilariga minnatdorlik bildirdi. «Ukraina bu so‘zlarni qadrlaydi va to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi», — dedi u, urush tugashi «adolatli» bo‘lishi zarurligini ta’kidlab.





