Logo

1 dollarlik kompaniya va arazlagan yo‘lovchi

Кеча 19:2911 дақиқа

Qirg‘iziston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish masalasini sobiq SSSR davlatlari orasida birinchi bo‘lib 1998-yildayoq hal qilgan. O‘zbekiston esa hali ham qo‘shilish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Elchi nega buni esladi? Bank prezidentni «ishdan oldi», sobiq bosh vazirning tadbirkor ukasi ushlandi. Sobiq prezident maqomini yo‘qotadimi? Shu va boshqa voqealar haqida batafsil to‘xtalamiz.

Sobiq prezidentni eks-prezident maqomidan mahrum qilishmoqchi edi, ammo Amerikadagi elchi bu qarorga qarshi chiqdi. Qirg‘iziston prezidenti agar «Gazprom» shartlarni bajarmasa, «Qumtor» ssenariysini qayta takrorlashini aytdi. Qozog‘istonni «ruslar davlati»ga chiqarishdi. Bank inqirozi ortidan prezident kursisidan ayrildi, uning uyidan yashirin yerto‘la topildi. Shu va boshqa voqealar haqida batafsil gaplashamiz.

Arazlagan yo‘lovchi

Bu rossiyalik yigit yaqinda O‘zbekistonda 7 sutkaga qamaldi. Malayziyadan Toshkentga uchib kelgan samolyotda bo‘lgan Rossiyaning bu fuqarosi mast holda janjal ko‘tarib, bort kuzatuvchilar va yo‘lovchilarni haqoratlagan. Uni tinchlantirishga urinishgan, ammo samara bermagan va u yana haqoratlashda davom etavergan. Samolyot Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘nganidan keyin ichki ishlar xodimlari undan samolyotdan tinch holda tushishni va holat yuzasidan tushuntirish berish uchun ma’muriy binoga borishni talab qilgan. Biroq u quloq solmagan, hech kimga bo‘ysunmagan, haqoratli so‘zlar ishlatishda davom etgan. U o‘ziga tegishli qo‘l yukini samolyot trapidan yerga uloqtirib, uni tepib yuborgan.

Sudda u nega janjal ko‘targanini aytib berdi. O‘zining aytishicha, parvoz vaqtida u bort kuzatuvchisidan spirtli ichimlik berishni so‘ragan, ammo mastligi sababli rad javobini olgan. Shundan keyin tortishuv kelib chiqqan. Sud uni 7 sutkaga qamab, 440 ming so‘m to‘latdi.

Japarov «Gazprom»ni ogohlantirdi

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, agar Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi mamlakatni to‘liq gazlashtirish bo‘yicha olgan majburiyatini bajarmasa, Qirg‘iziston hukumati gaz tizimini davlat tasarrufiga qaytarib olishi haqida ogohlantirdi. Davlat rahbari mahalliy aholi vakilining gaz masalasidagi savoliga javob berarkan, hozirgi vaqtda Qirg‘iziston gaz tizimini mustaqil boshqara olmasligi, barcha ishlar «Gazprom» bilan kelishilgan holda amalga oshirilishini ta’kidlab, «biz o‘z gaz tizimimizga o‘zimiz xo‘jayin emasmiz», dedi.

U bu borada «Gazprom» xo‘jayin ekanini urg‘ulab, «Qirg‘izgaz»ning 1 dollarga sotib yuborilganini eslatdi.

«2039-yilgacha deb, bir dollarga sotib yuborganmiz. 2013-yilda bizga “Qirg‘izgaz” kerak emas, bizga gaz kerak, deb sotganmiz. Shuning uchun biz gazni o‘zimiz bilganimizcha kirita olmaymiz. Qirg‘izistonda gazga bog‘liq ishlarni faqat “Gazprom” bilan kelishib qilamiz», — dedi prezident.

Uning aytishicha, «Qirg‘izgaz»ni sotish shartnomasida butun respublikani gazlashtirish uchun mablag‘ ajratish majburiyati ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, bu haligacha to‘liq bajarilmayapti. Japarov «Gazprom» shartlarni bajarmasa, xuddi «Qumtor» oltin konini davlatga qaytarib olganidek, gaz tizimini ham tortib olib, bu ishni qirg‘izistonliklarning o‘zlari hal qilishini aytdi.

«Uch yildan beri “Gazprom” oldiga shu masalani qo‘yib kelyapman: “Agar shartlarni bajarmasanglar, xuddi Qumtor oltin konini davlatga qaytarib olganimizdek, gaz tizimini ham tortib olib, bu ishni o‘zimiz qilamiz”. Shu bois, toki gaz tizimi to‘liq o‘zimizning ixtiyorimizga o‘tmas ekan, gazlashtirish bo‘yicha sizlarga aniq va’da bera olmayman», — deya qo‘shimcha qildi Sadir Japarov.

Xo‘sh, o‘tgan 12 yil ichida «Gazprom» Qirg‘izistonda nimalar qildi? 2014-yilda Qirg‘iziston hukumati va «Gazprom» o‘rtasida tuzilgan shartnomaga asosan «Qirg‘izgaz» korxonasining 100 foiz aksiyasi Rossiya kompaniyasiga bir dollarga berilgan. 25 yilga mo‘ljallangan ushbu kelishuvga ko‘ra, «Gazprom» gaz tarmog‘ini ta’mirlash va rivojlantirish uchun kamida 20 milliard rubl sarmoya kiritish hamda «Qirg‘izgaz»ning 40 million dollardan ortiq qarzini to‘lashni o‘z zimmasiga olgan edi.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatning gazlashtirish darajasi 2014-yildagi 22 foizdan 2026-yilga kelib 44 foizga o‘sgan, hozirda Qirg‘izistonda 450 mingga yaqin gaz abonenti mavjud. Bundan tashqari, kompaniya ijtimoiy loyihalarni ham amalga oshirib kelyapti. Ammo gazlashtirish ishlariga iqtisodiy va infratuzilmaviy cheklovlar ta’sir o‘tkazib kelyapti. Qirg‘izistonda gazga bo‘lgan talab o‘sib borayotgan bo‘lsa-da, gazni tashib kelish imkoniyati hozircha cheklangan.

Japarov tilga olgan «Qumtor» koni Qirg‘izistondagi eng yirik va Markaziy Osiyodagi asosiy oltin konlaridan biri hisoblanadi. Uzoq yillar davomida ushbu ulkan kon Kanadaning «Centerra Gold» investor kompaniyasi tomonidan boshqarib kelingan. Ammo 2021-yilda Sadir Japarov hokimiyatga kelgach, ekologik va iqtisodiy qoidabuzarliklarni vaj qilib, kon faoliyatini davlat nazoratiga oldi.

Uzoq davom etgan xalqaro sudlashuvlar va murakkab muzokaralardan so‘ng, 2022-yilda Qirg‘iziston hukumati konni to‘liq milliylashtirdi va u 100 foiz davlat mulkiga aylandi.

Elchi birinchi prezidentning maqomidan mahrum etilishiga qarshi

Qirg‘izistonning AQSHdagi elchisi Edil Baysalov Qirg‘izistonning birinchi prezidenti Asqar Akayevni tug‘ilgan kuni bilan tabriklab, uni eks-prezident maqomidan mahrum qilish to‘g‘risidagi qarorni tanqid qildi. 10-noyabr kuni Akayev 82 yoshni qarshi oldi. Baysalov Asqar Akayevning eng murosasiz tanqidchilaridan biri bo‘lgani va avvalgi qarashlaridan voz kechmaganini yozarkan, har doim prezident bilan u hokimiyat tepasida bo‘lganida, u qaror qabul qilganda va mamlakat taqdiri unga bog‘liq bo‘lgandagina kurashish kerak, deb hisoblashini urg‘ulagan.

«21 yildan beri lavozimidan ketgan odam bilan urushni davom ettirishning nima keragi bor? Bu allaqachon tarix. Uni qanday bo‘lsa, shundayligicha qabul qilishni o‘rganish kerak», — deydi siyosatchi.

Edil Baysalovga ko‘ra, Asqar Akayev zamonaviy Qirg‘izistonning asoschilaridan biri va bu faktni hech kim bekor qila olmaydi.

1998-yil 20-dekabrda Qirg‘iziston Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi bo‘lib Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘ldi. Misol uchun, Qozog‘iston faqat 2015-yilda, Tojikiston 2013-yilda a’zo bo‘lgan, O‘zbekiston esa hali ham qo‘shilish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.

Bugun Qozog‘iston va O‘zbekiston Vashingtonda Jekson-Venik tuzatishi ta’siridan butunlay xalos bo‘lish uchun katta kuch sarflamoqda. Hukumatlar, diplomatlar, kongressmenlar ishlaydi, katta siyosiy resurslar jalb qilinadi. Qirg‘iziston esa sobiq SSSR davlatlari orasida birinchi bo‘lib bu masalani 2000-yildayoq hal qilgan. Prezident Asqar Akayev davrida! Armaniston va Moldova faqat 2005-yilda shunga o‘xshash qarorga erishdi. Baysalov Asqar Akayevning Qirg‘izistonning birinchi prezidenti sifatidagi yutuqlari haqida gapirar ekan, «qo‘shnilarimiz esa hali ham bu masala ustida ishlashda davom etmoqda», dedi.

Shuningdek, u muvaqqat hukumatning 2010-yildagi Asqar Akayevni eks-prezident maqomidan mahrum qilish to‘g‘risidagi dekretini yuridik jihatdan o‘z-o‘zidan haqiqiy emas deb hisoblashini aytdi. U 2024-yilda Jogorku Keneshning deputatlari uning maqomini tiklash masalasini ko‘rib chiqish uchun komissiya tuzishdan bosh tortgan qaroriga ham qo‘shilmasligini bildirdi.

Baysalov 2005-yilning aprel oyida Asqar Akayev bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Moskvaga borgan Jogorku Kenesh delegatsiyasi uning lavozimidan ketganidan keyin xavfsizligi va huquqiy holatini kafolatlaganini eslatdi. AQSHdagi elchi o‘sha muzokaralar ishtirokchilari, jumladan, o‘sha paytda parlament deputati sifatida delegatsiyada bo‘lgan amaldagi prezident Sadir Japarov ham o‘sha paytda erishilgan kelishuvlarga rioya qilish uchun tarixiy mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishini ta’kidladi.

Qirg‘izistonning birinchi prezidenti Asqar Akayev iyun oyida respublikaga kelib, Issiqko‘l xalqaro forumida ishtirok etgandi. Ilgari e’lon qilingan rasmiy ishtirokchilar ro‘yxatida uning ismi bo‘lmagan. Akayev 2005-yil 24-martda «Lola inqilobi» paytida mamlakatdan qochib ketgan va o‘sha yilning 3-aprelida rasman iste’foga chiqqan. O‘sha voqealardan so‘ng u Qirg‘izistonga faqat 2021-yilda «Qumtor» ishi bo‘yicha ko‘rsatma berish uchun kelgan.

Qozog‘istonni «ruslar davlati»ga chiqarishdi

Qozog‘istonning Olmaota shahrida joylashgan savdo markazidagi qo‘riqchi va boshqalar bilan janjallashgan 40 yoshli erkak mamlakatni «ruslar davlati» deb atadi. Qo‘riqchi supermarket chiqishida energetik ichimlik ushlab turgan erkakdan xarid chekini ko‘rsatishni so‘radi. Shundan so‘ng, xaridor do‘kon xodimi bilan tortishib ketgan. Suhbatga boshqalar ham qo‘shilib, erkakni qo‘riqchiga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lishga chaqirdi. Tortishuv vaqtida erkak «bu ruslar davlati», dedi. Bunga javoban atrofdagilardan biri Qozog‘iston «qozoqlar davlati» ekanini eslatib, undan qo‘riqchining talabini bajarishni so‘radi. Keyinchalik qo‘riqchi chekni tekshirgan va energetik ichimlik uchun haq to‘langaniga ishonch hosil qilgan. Holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazilib, erkakning shaxsi aniqlandi va u Qozog‘iston fuqarosi ekani ma’lum bo‘ldi. Sud uni 20 sutkaga qamadi.

Sarson bo‘layotgan xalq

Qish kirib kelishiga ham uncha ko‘p vaqt qolmadi. Hademay sovuq kunlar kishini ko‘chaga chiqishga biroz o‘ylantiradi. Ammo G‘azoda aholi ana shunday sovuqda ham ko‘chada kun ko‘rishga majbur qilinmoqda. Yog‘ingarchilik va sovuq ob-havo sharoiti kuchayar ekan, bu Isroil hujumlari sababli uylarini tashlab ketishga majbur bo‘lgan falastinliklarning ahvolini yanada og‘irlashtirdi. Ko‘rayotganingiz aynan biz yashayotgan zamonda yuz beryapti. G‘azo sektorida yaqinda yoqqan kuchli yomg‘ir oqibatida uylarini tark etishga majbur bo‘lgan falastinliklar yashayotgan 70 mingta chodirni suv bosdi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yetkazilgan moddiy zarar taxminan 3 million dollarga baholanmoqda.

Hududning turli joylarida o‘nlab devorlar qulab tushgan. Ko‘plab odamlar jarohat olgan, ayrimlarining ahvoli esa og‘irligi aytilmoqda. Shuningdek, Isroil hujumlari oqibatida avvaldan shikastlangan o‘nlab binolarning qulab tushish xavfi bor. Rasmiylarning aytishicha, yomon ob-havo va kuchli yomg‘ir bu binolarning butunlay qulashi xavfini yanada oshiryapti.

Hukumat vakillari gumanitar inqirozning yanada kuchayishiga sabab sifatida Isroil tomonidan chegara o‘tish punktlarining yopiq saqlanayotgani, shuningdek, aholini vaqtincha joylashtirish va vayron bo‘lgan infratuzilmani tiklash uchun zarur materiallarning G‘azo sektoriga olib kirilishiga to‘sqinlik qilinayotganini ta’kidladi. G‘azo hukumati xalqaro hamjamiyat, BMT tashkilotlari va xalqaro yordam tashkilotlarini ko‘chirilgan falastinliklarning hayotini saqlab qolish, ularni boshpana va zarur himoya vositalari bilan ta’minlash uchun zudlik bilan choralar ko‘rishga chaqiryapti.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil armiyasi 2025-yil 10-oktabrda kuchga kirgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga qaramay, qamal ostidagi G‘azo sektoriga zarbalar berishda davom etmoqda.

Polshadagi terakt

7-noyabr kuni Polshada terakt sodir etildi. Uyida dastlab ota-onasi va singlisini otib o‘ldirgan 24 yoshli polyaklik Mixal Oksinskiy shundan so‘ng Krakov shahri markazida ko‘chada ketayotgan odamlarga qarata o‘q uzdi. Oqibatda olti kishi halok bo‘ldi, 15 kishi jarohatlandi. Politsiya xodimlari Oksinskiyni otib yarador qildi, u keyinchalik shifoxonada vafot etdi.

Polsha hukumati sodir bo‘lgan voqeani «terrorchilik harakati» deb atadi. Biroq jinoyatchining asl maqsadi hozircha to‘liq aniqlanmagan. Oksinskiy nima sababdan Polshaning zamonaviy tarixidagi eng qonli ommaviy qotilliklardan birini sodir etganini tushuntiruvchi hech qanday xat yoki bayonot qoldirmagan.

24 yoshli Mixal Oksinskiy usta bo‘lgan va sport otishmalariga qiziqqan. Unda ham, otasida ham qurol saqlashga, ishlatishga ruxsatnoma bo‘lgan. Krakovdagi hujum vaqtida Oksinskiydan ikkita to‘pponcha, ikkita AR-15 rusumli miltiq va ular uchun taxminan 500 dona o‘q-dori topilgan. Bu uning hujumga oldindan tayyorgarlik ko‘rganini ko‘rsatadi. Taxminlarga ko‘ra, u o‘ziga tegishli qurollar bilan birga otasining qurollaridan ham foydalangan.

U oila a’zolarini o‘ldirish uchun har birining boshiga ikki martadan o‘q uzgan. Taxminlarga ko‘ra, Oksinskiy otishma vaqtida tovushni pasaytiruvchi moslamadan foydalangan bo‘lishi mumkin. Shu sababli qo‘shnilar hech narsani eshitmagan. Shundan so‘ng u otasining mashinasini olib, Krakov shahriga yo‘l olgan. Nima sababdan aynan shu shaharni tanlagani hozircha noma’lum.

Oksinskiy jinoyatining asosiy taxmin qilinayotgan sabablaridan biri — o‘ta o‘ngchi ekstremistik qarashlar bo‘lishi mumkin. 10-noyabr kuni Polsha adliya vaziri Valdemar Yurek Oksinskiy internetda norvegiyalik ommaviy qotil Anders Breyvik haqidagi saytlarga kirib turganini ma’lum qildi. Shuningdek, uning uyida Gadsden bayrog‘i, ish joyida esa o‘ta o‘ngchi qarashlarga ishora qiluvchi ramzlar topilgan.

Bu holatlar Polsha Ichki ishlar vazirligi dastlab ilgari surgan — jinoyat ortida o‘ta o‘ngchi ekstremistik qarashlar turgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminni kuchaytiradi. Biroq bu versiya hozircha to‘liq isbotlangan emas.

Oksinskiy maktabda o‘qib yurgan paytlaridayoq daftariga turli hujumlar tasvirlangan rasmlarni chizgan. Uning sinfdoshlari Oksinskiy kamgap va odamovi bo‘lgani, ba’zan daftariga maktabga uyushtiriladigan hujumlar manzarasini chizib o‘tirganini aytgan. Sinfdoshlari o‘sha paytda bunga jiddiy e’tibor bermagan. Hatto o‘zaro hazillashib, Mixal bir kun kelib kimnidir o‘ldirishi mumkinligini aytishgan.

Bank prezidentni «ishdan oldi»

Paragvay prezidenti Santyago Penya mamlakatdagi «Ueno Bank» faoliyati to‘xtatilganidan keyin iste’foga chiqdi. Prezident video murojaatida uning asosiy maqsadi bankka omonat qo‘ygan fuqarolarning xotirjamligini ta’minlash ekanini aytdi. Shuningdek, u odamlar o‘z pullarini to‘liq qaytarib olishi kafolatlanishi kerakligini ta’kidladi.

Penya bank bilan bog‘liq muammolardan ikki kun o‘tib iste’foga chiqdi. Avvalroq Paragvay Markaziy banki «Ueno Bank» to‘lovlarni amalga oshirishda jiddiy muammolarga duch kelgani sababli uning boshqaruvini o‘z nazoratiga olgandi.

Bu qarordan keyin bankning qariyb 3 million mijozining hisoblaridagi mablag‘lar muzlatildi. Bu Paragvay aholisining deyarli yarmiga teng. Mamlakatda jami 7 milliondan ortiq kishi yashaydi.

Bank inqirozidan keyin mamlakatda ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi. Namoyishchilar prezidentning iste’foga chiqishini talab qildi. Muxolifat esa Penyaga nisbatan impichment e’lon qilish taklifini parlamentga kiritdi.

5-noyabr kuni hukmron partiya deputatlari ham prezidentni qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortgani ma’lum bo‘ldi. Sal o‘tib, tergovchilar sobiq prezidentning yozgi qarorgohiga borib, u yerdan soxta devor ortiga yashirilgan yerto‘lani aniqladi. Bu xonaga kirish uchun kamida ikkita eshikdan o‘tish kerak. Tergovchilar birinchi eshikni ochishga muvaffaq bo‘lgan, biroq ikkinchi eshikni ocha olishmagan. Chunki u ko‘z qorachig‘idagi rangli pardani aniqlash orqali ishlaydigan xavfsizlik tizimi bilan jihozlangan.

Hozircha rasmiylar eshikni ochish uchun sobiq prezidentning uyiga olib kelishni rejalashtirmayapti. Ayni paytda ular xonaga kirish imkoniyatini uning rafiqasi yordamida qo‘lga kiritish variantini ko‘rib chiqmoqda.

Sobiq bosh vazirning ukasi ushlandi

Yaqinda, aniqrog‘i aprel oyida bosh vazirlik kursisidan ayrilgan Vengriyaning sobiq bosh vaziri Viktor Orbanning ukasi Aron Orban odam savdosida gumon qilinib hibsga olingani aytilmoqda. Sobiq bosh vazir o‘zi asosiy nishon va ukasi shunchaki hukumat bosimi vositasi ekanini aytdi. Tergov ishlarini Aktivlarni qaytarib olish va axborotni himoya qilish bo‘yicha milliy boshqarma va Milliy tergov byurosi olib bormoqda. Tadbirkorning kompaniyasi go‘yoki Vietnam fuqarolarini Vengriya universitetida ikki kunlik birinchi tibbiy yordam kursiga yozdirgan, bu ularning Shengen vizasiga ariza berish jarayonini osonlashtirishi mumkin edi.

Aron Orban shuningdek, tegishli organlarga viza arizalarini ko‘rib chiqishni tezlashtirishni so‘rab murojaat qilgan. 2024-yilning kuzida sobiq bosh vazirning ukasiga tegishli kompaniyasi 50 nafar Vietnam fuqarosiga kursni tugatishda yordam bergan. Orban hukumatni javobgarlikka tortishni talab qildi va «bu iflos o‘yinning maqsadi siyosiy raqibni yo‘q qilish va bir partiyaviy tizimni o‘rnatishdir, men nishonman, ukam shunchaki vosita», dedi.

Теглар

Асадбек Комилов

Асадбек КомиловМақолалар сони: 483

Барчаси

Мавзуга оид