«10 ming qadam piyoda» tashabbusi qayta tiklanishi rejalashtirilmoqda

Бугун 10:252 дақиқа

Aholi salomatligi va ekologik madaniyatni oshirish maqsadida avval bekor qilingan yurish dasturi yana ishga tushirilishi kutilmoqda.

«10 ming qadam piyoda» tashabbusi qayta tiklanishi rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda «10 ming qadam piyoda» tashabbusi qayta tiklanishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi. Ushbu qaror 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ustuvor loyihalar taqdimoti doirasida e’lon qilindi.

Taqdimot davomida davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev mazkur dasturni qayta joriy etish orqali aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish muhimligini ta’kidladi. Shu bilan birga, yangi «Sog‘lom turmush tarzi» platformasi — «1hls» ishga tushirilishi ham ma’lum qilindi.

Loyiha doirasida fuqarolarni jismoniy faollikka jalb etish, kunlik yurish va yugurish odatini shakllantirish asosiy maqsad qilib belgilanmoqda. Avval ushbu tashabbus orqali kun davomida 10 ming qadam bosgan ishtirokchilarga moliyaviy rag‘bat sifatida to‘lovlar amalga oshirilgan edi.

Yangi ekologik tashabbuslar

Shuningdek, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab mamlakatning 14 hududida «yashil texnikumlar» tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu ta’lim muassasalari Green University tizimiga akademik hamkorlik asosida biriktiriladi.

Bu orqali ekologik ta’limni kuchaytirish, yangi mutaxassislar tayyorlash va «yashil iqtisodiyot»ni rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Loyihalar mamlakatda ekologik madaniyatni oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, Samarqand shahrida GEF-8 assambleyasi hamda Eco Expo Central Asia 2026 xalqaro ko‘rgazmasini o‘tkazish rejalashtirilgan. Bu tadbirlar O‘zbekistonning ekologik siyosatdagi xalqaro rolini mustahkamlashga qaratilgan.

Ma’lumot uchun, «10 ming qadam» tashabbusi ilk bor 2021 yil 1-iyunda ishga tushirilgan edi. Unda «1hls.uz» platformasi orqali 10 ming qadam piyoda yurgan ishtirokchilarga 3 ming so‘mdan pul to‘lash yo‘lga qo‘yilgan.

Biroq 2022 yil 6-apreldagi prezident farmoni bilan mazkur loyiha bekor qilingan.

Теглар

Мавзуга оид